Oʻzbekiston–Turkiya munosabatlarida xalq diplomatiyasi: ishonch va hamkorlik omili

Bugungi xalqaro munosabatlar tizimida davlatlar oʻrtasidagi barqaror va uzoq muddatli hamkorlik, avvalo, oliy darajadagi siyosiy iroda va ishonchga tayanadi. Oʻzbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi oʻrtasidagi munosabatlar aynan davlat rahbarlari oʻrtasida oʻrnatilgan ochiq, samimiy va ishonchli muloqot asosida izchil rivojlanib kelmoqda. Bu siyosiy ishonch xalq diplomatiyasi, jumladan, shaharlar oʻrtasidagi birodarlik aloqalarini chuqurlashtirish uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlari oʻrtasidagi oliy darajadagi uchrashuvlar, muntazam siyosiy muloqot va strategik kelishuvlar ikki davlat munosabatlarini keng qamrovli strategik sheriklik bosqichiga koʻtardi. Davlat rahbarlarining oʻzaro ishonchi va siyosiy qoʻllab-quvvatlashi natijasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va taʼlim sohalarida aniq va amaliy natijalarga erishilmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, xalq diplomatiyasi Oʻzbekiston–Turkiya munosabatlarining muhim tarkibiy qismi sifatida namoyon boʻlmoqda. U rasmiy davlatlararo kelishuvlarni jamiyat darajasida mustahkamlab, xalqlar oʻrtasida ishonch va oʻzaro anglashuvni chuqurlashtiradi. Ayniqsa, tarixiy ildizlari, umumiy til va maʼnaviy qadriyatlari mushtarak boʻlgan ikki qardosh xalq oʻrtasida xalq diplomatiyasi tabiiy va uzviy jarayon hisoblanadi.
Bu borada Oʻzbekiston–Turkiya Doʻstlik jamiyati xalq diplomatiyasini rivojlantirishda muhim institutsional platforma sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Jamiyat tomonidan oʻtkazilayotgan madaniy tadbirlar, ilmiy-maʼrifiy anjumanlar, yoshlar va xotin-qizlar tashabbuslari ikki xalq oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va doʻstlikni yanada mustahkamlamoqda. Ushbu faoliyat davlat rahbarlari darajasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlarni jamoatchilik darajasida qoʻllab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, shaharlar oʻrtasidagi birodarlik munosabatlari xalq diplomatiyasining eng samarali va amaliy shakllaridan biri hisoblanadi. Oʻzbekiston va Turkiya shaharlari oʻrtasida oʻrnatilgan birodarlik aloqalari mahalliy darajada siyosiy ishonchni mustahkamlab, iqtisodiy va madaniy hamkorlik uchun qulay muhit yaratmoqda. Bu jarayonda Birodar shaharlar alyansi hamda Turkiy dunyo Munitsipalitetlari Ittifoqi shaharlar oʻrtasidagi aloqalarni muvofiqlashtiruvchi va tizimli ravishda rivojlantiruvchi muhim xalqaro tuzilmalar sifatida ishtirok etmoqda.
Oʻzbekiston–Turkiya munosabatlarida tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan birodar shaharlar hamkorligiga Buxoro – Izmir, Buxoro – Malatya, Samarqand – Sakarya, Toshkent – Anqara, Xiva – Bolu shaharlari oʻrtasidagi aloqalarni kiritish mumkin. Ushbu hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan madaniy-gumanitar loyihalar, taʼlim va turizm sohasidagi dasturlar hamda investitsiyaviy tashabbuslar ikki davlat rahbarlari belgilab bergan strategik maqsadlarni mahalliy darajada roʻyobga chiqarishga xizmat qilmoqda.
Alohida taʼkidlash joizki, shaharlar oʻrtasidagi hamkorlik nafaqat madaniy yoki iqtisodiy ahamiyatga, balki muhim siyosiy mazmunga ham ega. Chunki mahalliy darajada oʻrnatilgan ishonch va hamkorlik davlatlararo munosabatlarning barqarorligi va uzluksizligini taʼminlaydi. Bu esa Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashda xalq diplomatiyasining beqiyos oʻrni borligini koʻrsatadi.
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston–Turkiya munosabatlarida xalq diplomatiyasi davlat rahbarlari oʻrtasidagi ishonchli siyosiy muloqotga tayanadigan, uni toʻldiruvchi va mustahkamlovchi muhim omil hisoblanadi. Davlat rahbarlari belgilab bergan ustuvor yoʻnalishlar doirasida Birodar shaharlar alyansi va Turkiy dunyo Munitsipalitetlari Ittifoqi hamkorligida shaharlar darajasida amalga oshirilayotgan ishlar ikki qardosh xalq oʻrtasidagi doʻstlik, ishonch va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Zokir Abidov,
Birodar shaxarlar Alyansi raisi