Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan yondashuvga muvofiq, xavfsizlik – bu nafaqat harbiy masala, balki raqamli asrda davlatning barqaror taraqqiyotini taʼminlovchi koʻp qirrali poydevordir

Vatan himoyachilari kuni va Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining 34-yilligini nishonlash doirasida bir qator muhim davlat tadbirlari oʻtkazildi. Asosiy tadbirlar qatoriga Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik Kengashining kengaytirilgan majlisi, mudofaa sanoati ishlab chiqarish korxonalari bilan tanishuv va davlat rahbarining harbiy xizmatchilar va vatandoshlarga murojaati kiradi.
Shu munosabat bilan “Dunyo” AA muxbiri Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi oʻrinbosari Akramjon Neʼmatovdan mazkur tadbirlarning asosiy yakunlari va mamlakat yetakchisi tomonidan belgilab berilgan vazifalar yuzasidan fikr-mulohaza bildirishni soʻradi.
- Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, bugun Oʻzbekiston Oliy Bosh Qoʻmondoni milliy armiyamizni modernizatsiya qilishning yangi bosqichiga - uni yuqori texnologik transformatsiya qilishga asos soldi. Men hatto Shavkat Miromonovichning bu yilgi tabrikini shunchaki anʼanaga hurmat emas, balki aql-idrok va texnologiyalar urush olib borishning eskicha yondashuvlarini butunlay siqib chiqarishi kerak boʻlgan “Yangi qiyofadagi armiya”ning oʻziga xos manifestiga aylandi, degan boʻlardim. Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan yondashuvga muvofiq, xavfsizlik – bu nafaqat harbiy masala, balki raqamli asrda davlatning barqaror taraqqiyotini taʼminlovchi koʻp qirrali poydevor.
Davlat rahbarining asosiy murojaatlarini tahlil qilish orqali davlat boshqaruvi tizimining barcha elementlarini oʻzgartirishning aniq va izchil mantigʻini kuzatish mumkin.
Islohotlarning hozirgi bosqichidagi asosiy yangilik zamonaviy urushlar mohiyatining chuqur oʻzgarishini tan olishdan iborat boʻlib, unda shaxsiy tarkibning soni emas, balki texnologik ustunlik hal qiluvchi ahamiyatga ega. Aynan shuning uchun Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan keng koʻlamli doktrinal yangilanish vazifasi qoʻyildi: Mudofaa doktrinasi va Milliy xavfsizlik konsepsiyasining yangi tahririni ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi. Bu Oʻzbekistonning bloklarga qoʻshilmaslik maqomini saqlab qolgan va koʻp tomonlama diplomatiyaga tayangan holda strategik hujjatlarni gibrid tahdidlar sharoitlariga moslashtirish zarurati bilan bogʻliq. Bu bilan mamlakatga respublika yoʻlining oldindan maʼlumligi va suverenligi toʻgʻrisida aniq signal berilmoqda.
Yangilangan strategiyaning markaziy elementi “proaktiv ish rejimi”ga oʻtish boʻlib, bunda xavfsizlik tizimi nafaqat yuzaga kelgan tahdidlarga javob berishi, balki xavflarni oldindan bashorat qilish va ularni erta bosqichda zararsizlantirishga qodir boʻlishi kerak.
Xavfsizlikni bunday intellektuallashtirish tabiiyki, Qurolli Kuchlarning texnik qiyofasini qayta koʻrib chiqishni taqozo etadi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari sunʼiy intellekt, robotlashtirilgan komplekslar va zamonaviy kiberxavfsizlik tizimlarini joriy etishga ustuvor ahamiyat qaratgan holda, armiyani sifat jihatidan qayta jihozlash tashabbusini ilgari surdi. Zamonaviy mojarolarda gʻalaba shaxsiy tarkib soni bilan emas, balki texnologik ustunlik va axborotni qayta ishlash tezligi bilan belgilanashi taʼkidlandi. Shu nuqtayi nazardan, armiyani raqamli transformatsiya qilish muqobilsiz ustuvor vazifaga aylanmoqda. Boshqacha aytganda, zamonaviy urushda ommadan koʻra aql muhimroq, gʻalaba esa texnologiya va boshqaruv sifati bilan belgilanadi.
Shu bilan birga, yuqori texnologiyalar prinsipial jihatdan yangi darajadagi kompetensiyalarni talab qiladi. Shuning uchun haqiqiy kadrlar transformatsiyasi boshlandi: armiya yopiq institut emas, balki zamonaviy taʼlim va texnologiya platformasi sifatida namoyon boʻlmoqda. U hayot va kasbiy oʻsish maktabiga, iqtisodiy taraqqiyot drayveriga aylanmoqda. Har yili 5 ming nafar muddatli harbiy xizmatchilar “Bir million dasturchi” va “Sunʼiy intellekt sohasida besh million yetakchi” dasturlari boʻyicha oʻqitiladi. Ushbu strategik qadam bir vaqtning oʻzida ikkita vazifani hal qilish imkonini beradi: armiyaning kiberbarqarorligini oshirish va mamlakat iqtisodiyoti uchun talab qilinadigan mutaxassislar zaxirasini shakllantirish.
Bundan tashqari, askarlarni fuqarolik kasblariga oʻqitish va xizmatni tugatgandan soʻng davlat namunasidagi sertifikatlar berish koʻzda tutilgan. Harbiy xizmatdan boʻshagandan keyin biznes ochgan harbiy xizmatchilarga davlat tomonidan kredit stavkasining 6 foizi qoplab beriladi. Taʼlim sohasidagi imtiyozlar ham joriy etilmoqda: oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarini bevosita harbiy qismlarda topshirish imkoniyati, oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirganlarga xizmatdan soʻng foizsiz taʼlim kreditlari berish, shuningdek, xalqaro til sertifikatlarini olish xarajatlarini qoplash. Bunday yondashuv “aqlli kuchlar”ni shakllantirishning zamonaviy tendensiyasini aks ettiradi, bunda mamlakat himoyachisi bir vaqtning oʻzida fuqarolik sektorida talab qilinadigan malakali mutaxassis hisoblanadi.
Shunday qilib, armiya oʻz-oʻzidan fuqarolik jamiyati tizimiga qoʻshilib, yoshlarga shaxsiy va kasbiy muvaffaqiyat uchun haqiqiy imkoniyatlarni taqdim etadi.
Ushbu modelning samarali ishlashi uchun mustahkam ijtimoiy poydevor zarur. Shuning uchun ham harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi misli koʻrilmagan darajada kuchaytirilgani islohotlarning mantiqiy davomi boʻldi. Ofitserlarga xizmat yillari uchun ustamalarni ikki baravar oshirish va faxriylarga pensiyalarni 100 foiz miqdorida toʻlash toʻgʻrisidagi qarorlar, mening fikrimcha, harbiy xizmat nufuziga strategik sarmoyadir. Bundan tashqari, oddiy askarlar va shartnoma boʻyicha serjantlarning pul taʼminotini 10 foizga oshirish, shuningdek, mudofaa sohasidagi fuqarolik xodimlarining ish haqini joriy yilda 20 foizga va kelgusi yilda yana 50 foizga oshirish koʻzda tutilgan.
Prezident Vatan himoyasida turadiganlarning farovonligi uchun davlat toʻliq masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishini yaqqol koʻrsatib, harbiy xizmatning obroʻsini oshirmoqda hamda xalq va armiya birligi tamoyilini mustahkamlamoqda.
Ushbu kompleks strategiyaning yakuniy elementi chuqur texnologik mustaqillikka erishishdir. Milliy mudofaa sanoati majmuasini zamonaviylashtirish, oʻz harbiy texnoparklarini barpo etish va uchuvchisiz tizimlar ishlab chiqarishni rivojlantirish tashqi qaramlikni eng kam darajaga tushirishga qaratilgan. Chirchiq aviatsiya zavodiga va mudofaa texnoparklariga tashrif Oʻzbekiston mahalliylashtirish, xizmat koʻrsatish iqtisodiyoti va oʻz sanoat negizini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berayotganini yaqqol namoyish etadi. Airbus texnikasiga xizmat koʻrsatish boʻyicha mintaqaviy markazni tashkil etish nafaqat obroʻ-eʼtibor masalasi, balki texnologik mustaqillikka erishish va jahon ishlab chiqarish zanjirlariga qoʻshilish yoʻlidagi amaliy qadamdir.
Bularning barchasi davlat suverenitetini mustahkamlaydi, oʻz innovatsion salohiyati va vakolatlariga tayangan holda milliy manfaatlarni samarali himoya qilish imkonini beradi. Shu bilan birga, armiya innovatsion rivojlanish drayveriga aylanmoqda: mudofaa ehtiyojlari uchun yaratilgan texnologiyalar muqarrar ravishda fuqarolik sohalarida qoʻllaniladi.
Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash kerakki, bildirilgan tashabbuslar eskirgan modellardan uzil-kesil voz kechishni anglatadi. Aslida, biz davlatchilikning yangi modeli shakllanayotganini, unda yuqori texnologik suverenitet, intellektual kapital va ijtimoiy adolat yagona strategiyaga birlashtirilganini koʻrmoqdamiz.
Urushlarning oʻzgaruvchan tabiati sharoitida gibrid tahdidlarga samarali qarshi tura oladigan tezkor va texnologik jihatdan jihozlangan armiya yaratilmoqda. Armiya nafaqat davlatning himoya qalqoni, balki taʼlim, iqtisodiyot va ijtimoiy koʻtarilish imkoniyatlarining harakatlantiruvchi kuchi hamdir. Bu yangi jahon voqeligida rivojlanish va xavfsizlikka nisbatan zamonaviy, amaliy va chuqur milliy yondashuvni aks ettiradi.
“Dunyo” AA