Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish va ulardan oqilona foydalanish

Toshkent, 2026 y. 15 yanvar. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot Oʻzbekistonda uy xoʻjaliklarining energiya tejamkor texnologiyalarga keng koʻlamda oʻtayotganini koʻrsatdi. Energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan yechimlarning keng joriy etilishi natijasida uy xoʻjaliklarining qariyb 90%i energiya sarfini kamaytirishga qaratilgan kamida bitta chora-tadbirni amalga oshirgan.
Ijobiy oʻzgarishllardan biri uy xoʻjaliklarida maishiy darajada energiya tejash choralarini keng joriy etish boʻldi.
Eng keng tarqalgan amaliyot LED-yoritish moslamalarini oʻrnatish boʻlib, uy xoʻjaliklarining 87%i svetodiodli yoritishga oʻtgan boʻlsa, Qoraqalpogʻiston Respubilkasi, Xorazm, Navoiy va Toshkent viloyatlari kabi ayrim hududlarda bunday oilalar soni 90%dan oshdi.
Uy xoʻjaliklarining 44%i, ayniqsa, Qashqadaryo (84%), Buxoro (69%) va Xorazm (54%) viloyatlarida plastik deraza va eshiklarni oʻrnatish orqali energiya samaradorligini yaxshilagan.
Shuningdek, 31% uy xoʻjaliklari energiya tejamkor maishiy texnika sotib olgan, bunday qarorlarning eng katta ulushi Jizzax (60%), Navoiy (59%) viloyatlarida va Qoraqalpogʻiston Respublikasida (54%) kuzatildi.
Bundan tashqari, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga qiziqish ortib bormoqda.
Quyosh panellarini oʻrnatgan uy-xoʻjaliklarining yarmidan koʻpi erishilgan natijalardan mamnun ekanliklarini, kelgusida mazkur qurilmalar sonini koʻpaytirishga qiziqish bildirishgan.
Tahlil shuni koʻrsatadiki, aholi oʻrtasida taxminan 1,9 mln uy xoʻjaliklarida quyosh panellarini oʻrnatishga talab mavjud, bu esa qiymati 2,3 mlrd dollardan ortiq ichki bozorni shakllantirish istiqbollarini ochadi.
Shu bilan birga, xonadonlarda samaradorligi past boʻlgan gaz kotellari va qoʻlbola pechkalardan foydalanilishi natijasida yuqori energiya isteʼmoli saqlanib qolmoqda.
Binolarning energiya samaradorligini oshirishdagi salohiyat
Hisob-kitoblarga koʻra, ushbu chora-tadbirlar, jumladan, tashqi devorlarni izolyatsiyalash, isitish tizimlarini yangilash, eskirgan eshik va derazalarni almashtirish natijasida mamlakatning koʻp xonadonli uy-joylarida yiliga 60 mln dollardan ortiq elektr energiyasi, tabiiy gaz hamda issiqlik energiyasini tejash imkonini beradi.
Jahon bankining hisob-kitoblarga koʻra, ijtimoiy soha obyektlari, jumladan, sogʻliqni saqlash muassasalari, maktabgacha taʼlim muassasalari va davlat maktablarida ham shunday salohiyat mavjud. Ushbu obyektlarga energiya samaradorligini oshirishga qaratilagan maqsadli investitsiyalar kiritilishi orqali energiya isteʼmolini 20-50%ga tejash va isteʼmolni yiliga 7,1 mlrd kVt/soatgacha qisqartirish mumkin.
Shu tariqa, mamlakatimizda energiya samaradorligini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi tel: (78) 150 02 02 (417)