Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi 2017-2025-yillarda davlat qarzlari hisobiga nimalar qilinganini izohladi

Oʻzbekistonning umumiy tashqi qarzi 2025-yil 1-oktyabr holatiga koʻra 75,4 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.
Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi maʼlumotlariga koʻra, shundan 37,4 milliard dollari davlat tashqi qarzi hisoblanadi.
Bu yerda asosiy tamoyil oddiy: investitsiyalar va resurslarni jalb etishdan koʻzlangan maqsad - aholining turmush darajasini oshirishdir. Gap balandparvoz hisobotlar yoki raqamlar emas, balki odamlar kundalik hayotida his qiladigan real yaxshilanishlar – ish oʻrinlari, oilalar daromadi, infratuzilma, toza ichimlik suvi, energiya, transport va sifatli ijtimoiy xizmatlar haqida ketmoqda.
Tashqi moliyalashtirishning iqtisodiy mantigʻi ham aniq: iqtisodiyot tezroq oʻsishi uchun resurslar – kapital, texnologiyalar, uskunalar va yangi bozorlar zarur. Agar mamlakat resurslarni jalb etishni toʻxtasa, oʻsish sekinlashadi: kamroq ish oʻrinlari yaratiladi, yoʻllar va ijtimoiy infratuzilmani yangilash, suv taʼminotini kengaytirish va arzon energiyani taʼminlash qiyinlashadi.
Shu bois, Oʻzbekiston iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, YAIM oʻsishini taʼminlash va yakuniy natijada aholining hayot sifati hamda umr davomiyligini yaxshilash maqsadida investitsiyalarni izchil ravishda jalb etib kelmoqda. Eʼtiborga molik jihati shundaki, 2020-yildan buyon umr koʻrish davomiyligi izchil oʻsib, 2024-yilda 73,4 yoshdan 75,1 yoshga yetdi.
Shu bilan birga, odamlar uchun shiorlar emas, balki koʻrish va baholash mumkin boʻlgan, aniq oʻlchanadigan real natijalar muhimdir.
Koʻrsatkichning tarkibiga toʻxtaladigan boʻlsak, 2025-yil 1-oktyabr holatiga koʻra, Oʻzbekistonning jami tashqi qarzi 75,4 milliard dollarini tashkil etdi. Shundan 37,4 milliard dollar davlat tashqi qarziga toʻgʻri keladi. Qolgan 38 mlrd dollarga yaqini esa davlat kafolatisiz xususiy va davlat korxonalarining qarz majburiyatlari (korporativ qarz) hisoblanadi.
Alohida taʼkidlash lozimki, xalqaro tasnifga koʻra, Oʻzbekistonning davlat qarzi darajasi moʻʼtadil va boshqariladigan hisoblanadi. 37,6 milliard dollar miqdoridagi davlat tashqi qarzi taxminan YAIMning 26 foiziga teng (rasmiy YAIM qariyb 145 milliard dollar). Bu koʻrsatkich jahon amaliyotida makroiqtisodiy barqarorlik uchun potensial xavfli deb baholanadigan chegaraviy darajalardan ancha pastdir.
Davlat qarzlari hisobidan amalga oshirilgan ishlar (2017–2025-yillar):
1564 km avtomobil yoʻllari rekonstruksiya qilindi;
470 km temir yoʻl liniyalari elektrlashtirildi;
6793 km ichimlik suvi tarmoqlari va 664 km oqova suv tarmoqlari qurildi;
59 km issiqlik quvurlari, 1286 ta individual issiqlik punktlari, 166 ta suv taqsimlash inshootlari va 31 ta oqova suv nasos stansiyasi barpo etildi;
2737 MVt qoʻshimcha elektr quvvatlari yaratildi, 1106 km yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari tortildi;
qoʻshimcha 2 084 MVt, 16 423 mln kVt soat elektr energiyasi va 551,8 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
Transport va shahar xizmatlarini modernizatsiya qilish:
4 ta Boing 787-8 samolyoti;
2 ta Talgo-250 yuqori tezlikdagi yoʻlovchi poyezdlari;
30 ta elektrovoz;
metropoliten uchun 70 ta vagon va 29 ta harakat tarkibi;
1 900 ta avtobus;
1 000 ta tez tibbiy yordam avtomobili;
maishiy chiqindilarni yigʻuvchi 541 ta texnika;
13 ta issiqlik qozoni xarid qilindi.
Taʼlim va ijtimoiy soha:
60 ta oliy taʼlim muassasasida 119 ta oʻquv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari tashkil etildi;
6 213 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari mebel va oʻquv materiallari, 4940 ofis texnikasi bilan jihozlandi.
Qishloq va suv xoʻjaligi:
1 593,1 km kanallar qayta tiklandi;
3 396 ta gidroinshoot modernizatsiya qilindi;
423 ta tik quduq qurildi;
2,2 ming gektarda zamonaviy issiqxonalar va 12,6 ming gektarda intensiv bogʻlar barpo etildi;
sigʻimi 334,9 ming tonna boʻlgan muzlatgich omborlari qurildi;
258,2 ming tonna mahsulotni qayta ishlash quvvatiga ega korxonalari ishga tushirildi;
parrandachilikda 12,3 mln bosh, qoʻychilikda 5 752 bosh va chorvachilikda 26,3 ming boshga moʻljallangan xoʻjaliklar, shuningdek, 90,2 mln dona tikuvchilik va toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari tashkil etildi.
Bu maʼlumotlar shu paytgacha loyihalarni amalga oshirish uchun oʻzlashtirilgan qarz mablagʻlariga taalluqlidir. Infratuzilma va ijtimoiy sohani modernizatsiya qilish boʻyicha koʻplab loyihalar hozir ham davom etmoqda va ishlar yakunlangani sari qoʻshimcha samaralar beradi.
Umuman olganda, 2017–2025-yillarda amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida 2 milliondan ortiq ish oʻrinlari yaratildi, eksport hajmi 270 foizga oshdi, jon boshiga YAIM esa 418 foizga koʻpaydi.
Biroq eng muhim jihat shundaki, resurslarni jalb etish faqat qatʼiy qoidalar, shaffoflik va samarali nazorat asosida amalga oshirilishi lozim. Davlat rahbari oʻz Murojaatida alohida taʼkidlaganidek, parlament deputatlari loyihalarning butun hayotiy siklini – tanlov va konkurslardan tortib, ularni amalga oshirish hamda yakuniy natijalargacha – kuzatib boradi. Loyihalarning holati, bosqichlari va jarayonlari real vaqt rejimida eʼlon qilib boriladi, bu esa tanlov va tenderlar qanday oʻtayotgani hamda majburiyatlar qanday bajarilayotganini aniq koʻrish imkonini beradi.
Oʻzbekistonning investitsiyalarga yondashuvi nihoyatda aniq: mamlakatning oʻsishi uchun resurslar zarur, shu bilan birga aholi manfaatlariga xizmat qiladigan qatʼiy nazorat, shaffoflik va oʻlchanadigan natijalar taʼminlanishi lozim. Barcha jarayonlar aynan shu tamoyillar asosida – ochiq, bosqichma-bosqich va aniq masʼuliyat doirasida olib borilmoqda.
“Dunyo” AA