Eldor Aripov: Prezident Murojaatnomasi – mamlakat kelajagining strategik dasturi

Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasi haqida fikr bildirdi:
– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va xalqimizga yoʻllagan bu galgi Murojaatnomasi oʻz ahamiyatiga koʻra har yilgi siyosiy Murojaatnoma doirasidan ancha keng. U mamlakatning sifat jihatidan yangi rivojlanish bosqichiga – islohotlarni institutsional mustahkamlash va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan barqaror oʻsish modelini shakllantirishga oʻtishini qayd etuvchi strategik hujjatdir.
Soʻnggi oʻn yillikda Oʻzbekiston iqtisodiyoti sifatli va tizimli yangilanishning jadal yoʻlini bosib oʻtdi. 2010-yillarning oʻrtalarida Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulotining nominal hajmi 60-65 milliard dollar atrofida boʻlgan, hozirga kelib esa bu koʻrsatkich Murojaatnomada taʼkidlanganidek, 145 milliard dollarga yetdi. Gap tarixdagi misli koʻrilmagan qisqa muddatda mamlakatimiz iqtisodiy koʻlami ikki barobardan ziyod kengaygani haqida bormoqda.
Ha, keyingi yillarda iqtisodiyotning oʻrtacha yillik oʻsish surʼati barqaror ravishda 6 foiz atrofida saqlanib kelmoqda. Bu nafaqat ijobiy dinamikaning davom etayotganini, balki iqtisodiyotning tashqi zarbalar — pandemiya, xomashyo va logistika zanjiridagi uzilishlar hamda global inflyatsiya sharoitida ham barqaror oʻsish qobiliyatiga ega ekanini anglatadi.
Ushbu xulosani sanoat koʻrsatkichlari ham tasdiqlaydi. 2010-yillarning avvalida sanoat xomashyo va qishloq xoʻjaligi tarmoqlariga nisbatan yordamchi oʻrinda turgan boʻlsa, keyingi oʻn yilda sanoat ishlab chiqarish hajmi ikki baravardan koʻproq oʻsdi. Bugun mashinasozlik, elektrotexnika va kimyo sanoati mamlakat iqtisodiyotiga barqaror hissa qoʻshmoqda. Qayta ishlash tarmoqlarining yalpi ichki mahsulot tarkibidagi ulushi esa 80 foizdan oshdi.
Agrar sektorning rivojlanish dinamikasi ham diqqatga sazovor. Oʻn yil avval asosiy eʼtibor ishlab chiqarish hajmiga qaratilgan boʻlsa, bugun ustuvorlik mahsulotni qayta ishlash va tayyor mahsulotni eksport qilishga yoʻnaltirildi. Meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hajmining oshishi va oziq-ovqat mahsulotlari eksportining kengayishi hosildorlik va narxlarning oʻzgarishiga bogʻliqlikni kamaytirib, yanada barqaror rivojlanish modelini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Investitsiyalar dinamikasi ham sifat oʻzgarishlarini oʻzida aks ettiradi. Soʻnggi yillarda asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi yuqori surʼatda oʻsmoqda va oʻtgan davrdagi oʻrtacha koʻrsatkichlardan ancha yuqori darajaga yetdi. 2010-yillarning boshida esa bu koʻrsatkich ancha past edi. Shu bilan birga, investitsiyalarning tabiati ham oʻzgardi: agar ilgari ular asosan infratuzilma va davlat loyihalarida jamlangan boʻlsa, bugun ularning katta qismi sanoat, energetika, transport va raqamli yechimlarga yoʻnaltirilmoqda. Yaʼni investitsiyalar nafaqat joriy oʻsishga, balki kelajakdagi ishlab chiqarish bazasini shakllantirishga ham xizmat qila boshladi.
Tashqi savdo dinamikasi bu manzarani yanada yaqqol aks ettiradi. Keyingi oʻn yilda Oʻzbekistonning eksportdan tushadigan daromadi ikki barobardan ortiq koʻpaydi: 2010-yillarning oʻrtalarida tovarlar va xizmatlar eksporti hajmi 12-13 milliard dollar atrofida boʻlgan, soʻnggi yillarda esa bu koʻrsatkich barqaror ravishda 24-25 milliard dollardan oshmoqda. Bu oʻsish nafaqat narx konʼyunkturasi tufayli, balki eksport tarkibining oʻzgarishi hisobiga ham yuz berdi.
Bu oʻzgarish qayta ishlash sohalarida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Toʻqimachilik mahsulotlari eksporti oʻn yilda uch baravardan ziyod oshdi — 1 milliard dollardan kamroq koʻrsatkichdan qariyb 3 milliard dollargacha va undan ortiq. Bu xomashyo eksportidan tayyor mahsulotga oʻtishni aks ettiradi. Xuddi shunday oʻsish surʼati elektrotexnika, kimyo va oziq-ovqat sanoatida ham koʻrinmoqda. Ushbu sohalarda ishlab chiqarish zanjirining kengayishi va yangi bozorlarga chiqish hisobiga eksport hajmi bir necha barobar koʻpaydi.
Makroiqtisodiy muvozanat alohida eʼtiborga loyiq. Iqtisodiyot va investitsiyalarning oʻsishi davlat qarzining nazorat qilinadigan darajasi va moliyaviy barqarorlik saqlanib qolgan holda kechdi. Bu juda muhim. Chunki soʻnggi yillar tajribasi tegishli muvozanatsiz jadal oʻsish koʻpincha kelajakdagi rivojlanish uchun cheklovlar toʻplanishiga olib kelishini koʻrsatadi. Murojaatnomada taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston ongli ravishda ehtiyotkorona, ammo strategik jihatdan manfaatli yoʻnalishni tanlab olgan.
Soʻnggi oʻn yillikdagi dinamikani taqqoslash muhim strategik xulosa chiqarish imkonini beradi: Oʻzbekiston kelajakdagi rivojlanish iqtisodiyot koʻlami bilan emas, balki uning sifati bilan belgilanadigan bosqichga yaqinlashdi. Shuning uchun ham Murojaatnomada mehnat unumdorligini oshirish, texnologik yangilash va sanoatlashtirishni chuqurlashtirish vazifasi markaziy oʻrinni egalladi.
Oʻn yil avvalgi boshlangʻich nuqta bilan solishtirganda mamlakat iqtisodiyoti yanada keng koʻlamli, diversifikatsiyalangan va barqaror boʻldi. Bu oʻzgarishlar aholi farovonligini oshirish, Oʻzbekistonning mintaqaviy va global iqtisodiyotdagi oʻrnini mustahkamlash uchun uzoq muddatli strategik asos hozirlaydi.
Murojaatnomaning eng muhim xususiyatlaridan biri davlat va fuqarolar oʻrtasidagi aloqaning yorqin ifodasi boʻldi. Buni, ayniqsa, amalga oshirilayotgan islohotlarning aholi ehtiyojlariga qanchalik mos kelayotganida ham koʻrish mumkin.
Zero, Murojaatnoma mazmuni tahlili uning ustuvor yoʻnalishlari soʻnggi yillarda jamoatchilik oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovlarda, fuqarolarning murojaatlarida muntazam qayd etib kelinayotgan muammolarga toʻliq mos kelishini koʻrsatadi. Asosiy eʼtibor bandlik, daromad, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati, taʼlim va sogʻliqni saqlash sifati, shuningdek, adolat va davlat boshqaruvining samaradorligiga qaratilgan.
2017-2018-yillarda Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasi ikki xonali raqamlar (taxminan 35 foiz) bilan oʻlchangan boʻlsa, 2024-yilga kelib 8,9 foizgacha kamaydi.
2025-yilda kambagʻallikning 5,8 foizgacha pasayishi mamlakatimiz bu borada uch yil oldin 2026-yil yakuni boʻyicha reja qilingan maqsadga bir yil oldin erishganini koʻrsatadi.
Bundan tashqari, Murojaatnomada 2026-yilda kambagʻallik va ishsizlik darajasini 4,5 foizga tushirish boʻyicha strategik maqsad koʻrsatilgan. Bu kambagʻallikka qarshi kurashni istiqboldagi davlat strategiyasining markaziy yoʻnalishlaridan biriga aylantiradi. Bunga aholi daromadini barqaror oshirish, ish oʻrinlari ochish va ijtimoiy himoyani kuchaytirishga qaratilgan qator ijtimoiy dasturlar va islohotlarning maqsadli amalga oshirilishi tufayli erishildi.
Fuqarolarning katta qismi, ayniqsa, yoshlar va hududlar aholisi uchun aynan barqaror ish va daromad manbaiga ega boʻlish ijtimoiy farovonlikning asosiy omilidir. Murojaatnomada koʻrsatilgan kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish aynan shu talablarga javob beradi. Xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT Taraqqiyot dasturi va Osiyo taraqqiyot banki oʻz tadqiqotlarida bandlikka bunday yoʻnaltirish ijtimoiy barqarorlashtirishning eng samarali vositalaridan biri ekanini taʼkidlaydi.
Fuqarolarni eshitishning muhim koʻrsatkichi asosiy xizmatlar sifatiga eʼtibor qaratishdir. Murojaatnomada taʼlim, sogʻliqni saqlash va kadrlar tayyorlash masalalari ikkinchi darajali emas, balki strategik ustuvor yoʻnalish sifatida koʻrsatilgan. Bu inson kapitali sifatini va ijtimoiy harakatchanlikni oshirishga boʻlgan haqiqiy ijtimoiy talabga mos keladi.
Davlat boshqaruviga bagʻishlangan qism ham alohida tahlilga loyiq. Soʻnggi yillarda fuqarolarning eng koʻp murojaatlaridan biri byurokratiyani kamaytirish, amaldorlarning masʼuliyati va faoliyati shaffofligini oshirishga oid boʻlmoqda.
Murojaatnoma mazmuni davlat oʻz fuqarolarini eshitish va jamoatchilik kutayotgan yangilanishlarni strategik siyosat elementlariga aylantirish qobiliyatini birgalikda namoyish etayotgani haqida xulosa chiqarishga imkon beradi.
Prezidentimiz bu jarayonda islohotlarning asosiy meʼmori sifatida alohida oʻrin egallaydi. Xalqaro moliyaviy va tahliliy institutlar oʻtish iqtisodiyotiga ega mamlakatlarda keng qamrovli islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun siyosiy yetakchilik juda muhimligini bir necha bor taʼkidlagan.
Oʻzbekiston misolida izchillik, siyosiy iroda va uzoq muddatli natijaga yoʻnaltirilganlik makroiqtisodiy barqarorlashtirish, ijtimoiy siyosat va institutsional islohotlarni yagona strategiya doirasida uygʻunlashtirish imkonini berdi. Prezidentimiz Murojaatnomasi ushbu strategiyaning jamlangan ifodasi va uni yanada chuqurlashtirish vositasi boʻlib xizmat qiladi.
Umuman olganda, Prezidentning parlamentga Murojaatnomasi nafaqat islohotlarning navbatdagi bosqichi kun tartibini, balki Oʻzbekistonning kelajakdagi rivojlanishining strategik matritsasini shakllantiradi. U yetakchi xalqaro tashkilotlarning empirik maʼlumotlari va baholari bilan mustahkamlangan boʻlib, ichki konsensusni mustahkamlaydi va xalqaro hamjamiyatning ishonchini kuchaytiradi. Aynan shu jihat uning asosiy ahamiyatini belgilaydi — u islohotlarning barqarorligini taʼminlovchi va mamlakatning uzoq muddatli raqobatbardoshligini belgilab beruvchi muhim hujjat hisoblanadi.
“Dunyo” AA