Markaziy Osiyoga Oqsoqollar kengashi nima uchun kerak - ekspert fikri

16-noyabr kuni Toshkent shahrida oʻtkazilgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bir qator tashabbuslarni илгари сурди. Ayniqsa, Markaziy Osiyo Oqsoqollar kengashini taʼsis etish taklifi katta qiziqish uygʻotdi. Baʼzilar uchun bu anʼanalarga qaytishdek tuyulsa, boshqalar uchun mintaqaviy diplomatiyaning yangi shakli boʻlib koʻrinadi. Ushbu tashabbusning asl maʼnosi nimada va u Markaziy Osiyoning kelajagi uchun qanday amaliy ahamiyatga ega boʻlishi mumkin? “Dunyo” AA muxbirining ushbu savoliga Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi oʻrinbosari Akramjon Neʼmatov javob berdi:
– Oʻzbekiston Prezidentining Markaziy Osiyo Oqsoqollar kengashini tashkil etish tashabbusi haqiqatan ham alohida eʼtiborga loyiq, chunki u odatiy institutsional yechimlar doirasidan chiqib, mintaqamizning chuqur ijtimoiy va madaniy mantigʻiga tayanadi. Gap rasmiy organ yoki siyosiy tuzilma haqida emas, balki Markaziy Osiyo jamiyatlarining barqarorligi va ichki uygʻunligini tarixan taʼminlab kelgan ijtimoiy kelishuv mexanizmlariga qaytish haqida bormoqda.
Markaziy Osiyo jamiyatlari tarixan ijtimoiy tinchlikni saqlash, nizolarni hal qilish va kelishilgan yechimlarni ishlab chiqish mexanizmi sifatida oqsoqollar institutiga tayangan. Rasmiy-yuridik tuzilmalardan farqli oʻlaroq, oqsoqollar ishonch, tajriba, anʼanalarni bilish va jamiyat tomonidan tan olinishga asoslangan qonuniylikka ega edilar. Ijtimoiy xolislikning aynan shu shakli siyosiy oʻzgarishlar, tashqi tahdidlar va ichki ziddiyatlar sharoitida hamjamiyatlarning barqarorligini taʼminladi.
Ushbu mantiqni mintaqaviy darajaga koʻchirish davlatlararo muloqotning oʻziga xos norasmiy yoʻnalishini yaratishga imkon beradi, bu esa hozirgi siyosiy vaziyatning bosimi, mafkuraviy tafovutlar va tashqi taʼsirlardan xoli boʻladi. Oqsoqollar kengashi rasmiy institutlarning oʻrnini bosmaydi va davlat organlari bilan raqobatlashmaydi, balki ularni toʻldiradi, rasmiylashtirishga tayyor boʻlmagan nozik masalalar muhokama qilinishi mumkin boʻlgan ishonchli muloqot maydonini yaratadi.
Mintaqaviy xavfsizlik nuqtayi nazaridan, Oqsoqollar kengashi preventiv diplomatiya vazifasini bajarishga qodir. Uning aʼzolari yuksak maʼnaviy obroʻ-eʼtiborga va mintaqaviy xususiyatlarni chuqur bilish, keskinlashuv xavfini oʻz vaqtida aniqlash, vaziyatni yumshatish, inqirozli holatlarda vositachilik qilish va muammolar ochiq bosqichga oʻtmasidan avval murosali yechimlarni taklif etish qobiliyatiga egadirlar. Bunday yondashuv mojarolarning oldini olishning eng yaxshi xalqaro tajribalariga mos kelib, shu bilan birga Markaziy Osiyoning oʻziga xos anʼanalariga asoslangan.
Oqsoqollar kengashi “ijtimoiy yelim” sifatida mintaqaviylikni mustahkamlashda alohida ahamiyatga ega. Rasmiy integratsiya mexanizmlari koʻpincha suverenitetning cheklanishi, ishonchsizlik va milliy manfaatlarning farqlanishi bilan toʻqnash keladigan sharoitda, aynan norasmiy institutlar umumiylik, birdamlik va oʻzaro masʼuliyat tuygʻusini saqlab qolish imkonini beradi. Oqsoqollar kengashi mintaqaviy qadriyatlar - yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hurmat, bagʻrikenglik, murosa va tinch-totuv yashashning targʻibotchisi va ifodachisiga aylanishi mumkin.
Bundan tashqari, Oqsoqollar kengashining maslahatchi sifatidagi roli uzoq muddatli va oqilona qarorlar qabul qilishga koʻmaklashadi. Oqsoqollar bir lahzalik siyosiy hisob-kitoblarga emas, balki tarixiy tajriba, madaniy xotira va jamoatchilik kayfiyatini tushunishga tayanib, umumiy mintaqaning barqaror rivojlanishiga qaratilgan tavsiyalar bera oladilar. Bu, ayniqsa, suv-energetika resurslari, ekologik tahdidlar, migratsiya, transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlik va gumanitar hamkorlik masalalarida muhim ahamiyatga ega.
Oqsoqollar kengashi Markaziy Osiyo mamlakatlari jamiyatlari nazarida mintaqaviy hamkorlikning qonuniyligini kuchaytirishi muhimligini taʼkidlash lozim. Uning faoliyati nafaqat elitalar, balki mintaqa xalqlarining ham qaror qabul qilish jarayonlariga jalb etilganlik hissini uygʻotadi. Shu tariqa, davlatlar va jamiyatlar oʻrtasida, avlodlar oʻrtasida, oʻtmish tajribasi hamda kelajakdagi taraqqiyot strategiyalari oʻrtasida koʻprik yaratiladi.
Shuni taʼkidlash kerakki, mintaqalarning barqarorligi nafaqat shartnomalar va institutlar orqali, balki oʻzaro munosabatlarning meʼyorlari, qadriyatlari, oʻziga xosligi va anʼanalari orqali ham shakllanadi. Shu maʼnoda Oqsoqollar kengashi Markaziy Osiyo oʻziga xosligini shakllantirish vositasi boʻlib, mintaqa umumiy tarixiy yoʻl, umumiy muammolar va umumiy taqdir makoni ekanligi haqidagi tasavvurni mustahkamlaydi.
Umuman olganda, Oqsoqollar kengashini umumiy tarixiy yoʻl, umumiy muammolar va umumiy kelajak uchun masʼuliyat bilan birlashgan Markaziy Osiyoning barqarorligi va subyektivligini mustahkamlash vositasi sifatida koʻrish mumkin. Ushbu tashabbusning strategik qiymati ham aynan shunda.
“Dunyo” AA