Oʻzbekiston-Turkmaniston: hududiy yaqinlik, oʻzaro ishonch va hamkorlik natijasi

Bugungi kunda Markaziy Osiyo respublikalari oʻrtasidagi oʻzaro integratsiya va barqaror taraqqiyot jarayoni yangi bosqichga kirdi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda roʻy berayotgan oʻzgarishlar butun mintaqaning rivojlanishiga, mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonchning yanada mustahkamlanishiga olib kelmoqda. Bu esa shu hududda yashayotgan xalqlar hayotida ham oʻz aksini topayapti.
Ayniqsa Oʻzbekiston va Turkmaniston hamkorligi yangi bosqichga koʻtarildi. Bugungi kunda Turkmaniston Oʻzbekistonning savdo-iqtisodiy, transport-logistika, energetika va suv resurslarini samarali boshqarish hamda koʻplab yoʻnalishlardagi asosiy hamkori hisoblanadi.
2017-2024-yillarda Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar izchil kengayib bordi. Natijada Turkmanistonning Oʻzbekistonga eksporti 2017-yildagi 177,9 mln. AQSH dollaridan 2024-yil yakuniga koʻra 1,148 mlrd. AQSH dollariga yetdi va qariyb 14 barobarga oshdi. Oʻzbekistondan import esa 2017-yildagi 53,2 mln. AQSH dollaridan 2024 yilga kelib 133,9 mln. AQSH dollariga yetdi. Bu koʻrsatkichlar ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-sotiq hajmi muntazam kengayib borayotganini koʻrsatadi.
Turkmanistonning Oʻzbekistonga eksporti tarkibida mineral yoqilgʻi va neft mahsulotlari asosiy oʻrinni egallaydi. 2024-yilda ushbu tovarlar umumiy eksportning 95,8 foizini, eksport tarkibining deyarli toʻliq hajmini tashkil etgan.
Oʻzbekistonning Turkmanistonga eksporti tarkibi nisbatan diversifikasiyalashgan boʻlib, sanoat va kimyoviy mahsulotlar nisbatan ustunlik qiladi. Maʼlumotlarga koʻra, 2024-yilda oʻgʻitlar 17,7 foizni egallab, Turkmaniston importidagi asosiy pozisiyalardan biriga aylangan.
Albatta, ushbu koʻrsatkichlarning yuqori boʻlishini taʼminlash uchun har ikki davlatda ishga solinmagan yetarli imkoniyatlar bor. Jumladan, dengiz portlaridan foydalangan holda xalqaro transport yoʻlaklari boʻylab tajriba tashuvini tashkil etishni faollashtirish orqali transport-logistika aloqasini kengaytirish muhim ahamiyatga ega. Oʻzaro savdodagi ijobiy surʼatni saqlab qolish va uning hajmini yaqin yillarda ikki barobar oshirish transport-logistik salohiyatdan samarali foydalanishni taqozo etadi.
Albatta, bu maqsadlarni roʻyobga chiqarish uchun joriy yilning 25-fevral kunidan Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasida erkin savdo rejimi joriy etildi. Bu ryejimning joriy etilishi bilan ikki davlatda ishlab chiqariladigan koʻpgina tovarlarga bojxona toʻlovlari bekor qilinib, tovarlarning oʻzaro savdosidagi cheklovlar olib tashlanishi va savdo tartib-taomillari soddalashtirilishi koʻzda tutilgan. Ikki davlat oʻrtasida oʻzaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida joriy yilning 17-noyabr kuni Oʻzbekiston va Turkmaniston rahbarlarining Toshkentdagi uchrashuvining amaliy natijasi sifatida Xorazm viloyatining Shovot tumani va Turkmanistonning Toshhovuz viloyati oʻrtasida chegaraoldi savdo zonasi ish boshladi.
Kelajakda Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi aloqalarga kuchli turtki beruvchi iqtisodiy salohiyatlardan biri bu transport-logistika yoʻnalishi hisoblanadi. Shu bois oliy darajadagi uchrashuvlar chogʻida tranzit salohiyatidan samarali foydalanish uchun qulay sharoit yaratish, shu jumladan, yuklarni tashish uchun oʻzaro imtiyoz va chegirmalar berish bilan bogʻliq masalalarga alohida eʼtibor qaratiladi. Chunki kelgusida tranzit salohiyatidan samarali foydalanish oʻz navbatida “Sharq – Gʻarb” va “Shimol – Janub” yoʻnalishlarida, shu jumladan, Turkmanboshi porti imkoniyatlaridan foydalangan holda transport yoʻlaklarini faol rivojlantirish ham oʻzaro manfaatli maqsadlarni roʻyobga chaqirishda yordam beradi.
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi hamkorlikning mustahkamlanishi, hududlar oʻrtasida aloqalarning yangi yunalishlari rivojlanishi, istiqbolli loyihalarning ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi ikki mamlakat xalqlari manfaati yoʻlida xizmat qiladi.
Nodirbek Rasulov
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti
loyiha rahbari, i.f.d., dos.