YANGI OʻZBEKISTON: INSON QADRI USTUVOR, IJTIMOIY ADOLAT TAʼMINLANGAN JAMIYAT SARI (Ijtimoiy rivojlanish boʻyicha ikkinchi Butunjahon anjumani yakunlari boʻyicha ayrim mulohazalar)

“Biz keyingi yillarda Yangi Oʻzbekistonda “Inson qadri uchun” degan tamoyil ustuvor boʻlgan, ijtimoiy adolat taʼminlangan, ehtiyojmand aholi samarali himoya qilingan jamiyat barpo etmoqdamiz. Bu yoʻldagi qatʼiy pozitsiyamiz yangi Konstitutsiyamizda mustahkamlab qoʻyildi hamda mamlakatimizning ijtimoiy davlat sifatidagi maqomi eʼlon qilindi”.
Shavkat MIRZIYOYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Ochlik va qashshoqlikning kuchayishidan tortib iqlim beqarorligigacha boʻlgan global muammolar chuqurlashib borayotgan bir paytda, 2025-yil 4-6-noyabr kunlari Dohada Ijtimoiy rivojlanish boʻyicha ikkinchi Butunjahon sammiti boʻlib oʻtdi. Tobora ortib borayotgan tengsizlik, demografik oʻzgarishlar, jadal texnologik va ekologik yangilanishlar sharoitida Butunjahon sammiti global muloqot va hamkorlikdagi harakatlar uchun gʻoyat muhim maydon yaratdi.
Qatar davlati poytaxti – Dohada oʻtkazilgan ikkinchi Butunjahon sammitida dunyoning 40 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari, 170 nafar vazir, xalqaro tashkilotlar yetakchilari, yoshlar harakatlari liderlari, fuqarolik jamiyati vakillari hamda ekspertlar ishtirok etdi. Jami 14 mingdan ziyod ishtirokchining asosiy eʼtibori ijtimoiy rivojlanish masalalarini oliy darajada muhokama qilish va ijtimoiy taraqqiyotga turtki berish, bunda global koʻlamdagi barqaror rivojlanish yoʻlidan hech kim chetda qolib ketmasligini kafolatlash istiqbollariga qaratildi.
Maʼlumki, BMT Bosh Assambleyasining 2024-yildagi 78/261 va 78/318-rezolyutsiyalari bilan 2025-yilda Ijtimoiy rivojlanish boʻyicha ikkinchi Butunjahon sammitini oʻtkazishga qaror qilingan. Bundan maqsad xalqaro hamjamiyatning Ijtimoiy himoya toʻgʻrisidagi Kopengagen deklaratsiyasi va Harakatlar dasturiga va ushbu hujjatlar ijrosini taʼminlashga sodiqlikni tasdiqlash hamda 2030-yilgacha boʻlgan Barqaror rivojlanish kun tartibi bajarilishini jadallashtirishdan iborat.
Ijtimoiy rivojlanish boʻyicha birinchi Butunjahon Kopengagen sammiti yakunlariga nazar
Kopengagen deklaratsiyasi va Harakatlar dasturi dunyo davlatlari rahbarlari tomonidan 1995-yili boʻlib oʻtgan Ijtimoiy rivojlanish boʻyicha birinchi Butunjahon sammitida qabul qilingan. Bu hujjatlarda oʻnta majburiyat – qashshoqlikni tugatish, toʻliq bandlikni taʼminlash hamda inklyuziv, adolatli va barqaror jamiyatlar qurishning asosiy tamoyillari belgilab berilgan. Kopengagen deklaratsiyasining markazida ijtimoiy himoya turadi, zero u qashshoqlikni kamaytirish, tenglik va umumiy farovonlikni taʼminlashning kuchli vositasidir. Ijtimoiy taʼminot huquqini roʻyobga chiqarish va ijtimoiy adolatni qoʻllab-quvvatlash uchun universal, inklyuziv va barqaror ijtimoiy himoya tizimlarini mustahkamlash lozim.
Oʻtgan 30-yil davomida xalqaro hamjamiyat ijtimoiy rivojlanish sohasida qator majburiyatlarni ham oʻz zimmasiga oldi. Xususan:
birinchisi, 2000-yilda – Mingyillik rivojlanish maqsadlari (MRM) qashshoqlik, sogʻliqni saqlash va taʼlim masalalarini hal etish uchun qabul qilindi;
ikkinchisi, 2015-yilda – Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) ishlab chiqildi, ular yanada adolatli va barqaror kelajakka erishish yoʻllarini belgilab berdi;
uchinchisi, 2017-yilda – BMTning Qashshoqlikni tugatish boʻyicha uchinchi oʻn yilligi (2018 – 2027-yillar) eʼlon qilindi. Ushbu Dastur qashshoqlikni tugatishga oid xalqaro darajada kelishilgan rivojlanish maqsadlarini samarali va muvofiqlashtirilgan tarzda amalga oshirishga koʻmaklashish uchun ishlab chiqildi;
toʻrtinchisi, 2021-yilda – Umumiy kun tartibi qabul qilindi, u yangilangan inklyuziv koʻp tomonlama hamkorlikka daʼvat etdi;
byeshinchisi, 2024-yilda – Kelajak uchun bitim imzolandi. U Global raqamli shartnoma va Kelajak avlodlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyani oʻz ichiga olgan boʻlib, tinchlik va xavfsizlik, barqaror rivojlanish, iqlim oʻzgarishi, raqamli hamkorlik, inson huquqlari, gender, yoshlar va kelajak avlodlar bilan bogʻliq masalalarni qamraydi.
BMT maʼlumotlariga koʻra, global miqyosda Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida belgilangan 137 ta vazifaning 35 foizi reja boʻyicha yoki oʻrtacha muvaffaqiyat bilan bajarilmoqda. Vazifalarning 47 foizi yetarli darajada tez surʼatda bajarilmayapti, 18 foizi boʻyicha esa 2015-yildagi boshlangʻich koʻrsatkichlarga nisbatan orqaga ketish kuzatilmoqda.
Barqaror rivojlanish sohasidagi bir qancha maqsadlarga erishishdagi taraqqiyot notekis va cheklangan xususiyatga ega, biroq barcha hududlar va mamlakatlarda sezilarli yutuqlar qayd etilayotgani bu borada oʻzgarishlar boʻlishi mumkinligini koʻrsatmoqda. Kopengagen deklaratsiyasi qabul qilinganidan keyingi 30 yilda dunyoda ishsizlik darajasi pasaydi va oʻta qashshoqlik koʻrsatkichlari ikki baravar qisqardi.
Soʻnggi oʻttiz yil ichida 1,5 milliard kishi qashshoqlikdan qutqarildi. Xususan, 2015-yildan buyon global pandemiyaning jiddiy oqibatlariga qaramay, butun dunyo boʻylab oʻta qashshoqlik darajasi pasaydi va ishlaydigan kambagʻallar toifasiga kiruvchi shaxslar soni 20 millionga qisqardi.
Sogʻliqni saqlash koʻrsatkichlari ham yaxshilandi: 2024-yilda inson umri davomiyligi – 1995-yil bilan solishtirganda 8,4-yilga uzayib – 73,3 yoshga yetdi. Bu birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, immunizatsiya va kasalliklarga qarshi kurash choralarining kengayishi hamda bolalar ovqatlanishini yaxshilash natijasidir. Dunyo aholisining yarmidan koʻpi (52,4 foizi) birinchi marta kamida bitta ijtimoiy himoya nafaqasi bilan qamrab olindi. Bu koʻrsatkich 2015-yildagi 42,8 foizlik koʻrsatkichdan yuqori hisoblanadi. Oʻrta maktabning yuqori sinflarini bitirayotgan yoshlar ulushi 2015-yildagi 53 foizdan 2024-yilda 60 foizgacha koʻtarildi va savodxonlik darajasi oshmoqda. Bundan tashqari, taʼlim sohasida gender tafovutining izchil qisqarishi kuzatilmoqda.
Shunday boʻlsa-da, jiddiy muammolar saqlanib qolmoqda: BMT Taraqqiyot dasturining baholashiga koʻra, taxminan 800 million kishi hali ham oʻta qashshoqlikda yashayapti. Dunyoda bir milliarddan ortiq odam hamon kambagʻallik sharoitida yashayotgan boʻlsa, sayyoramiz aholisining 40 foizi ijtimoiy himoyadan foydalanish imkoniyatiga ega emas. Hanuzgacha sezilarli tengsizlik kuzatilmoqda, bu birinchi navbatda ayollar va yoshlarga taʼsir qiladi. Tarkibiy tengsizlikni bartaraf etish uchun iqtisodiy oʻsishning oʻzi yetarli emas: u iqlim oʻzgarishi, demografik muammolar va mojarolar tufayli yanada kuchaymoqda.
Texnologiyalar ijtimoiy birdamlikning zaiflashishi va ishonchning yoʻqolishini tezlashtirmoqda. Raqamli platformalar aloqani saqlab qolish imkoniyatlarini kengaytirsa-da, ayni paytda ular dezinformatsiya va nafrat tilining taʼsirini kuchaytirmoqda.
Ijtimoiy taraqqiyot boʻyicha ikkinchi Butunjahon Doha sammiti:
mazmuni va imkoniyatlari
Kopengagen sammitidan keyin 30-yil oʻtgach, ikkinchi Butunjahon Doha sammiti hech kimni ortda qoldirmaslik va har bir insonga – yoshi, qobiliyati, jinsi yoki kelib chiqishidan qatʼi nazar – munosib yashash va rivojlanish imkoniyatini berish boʻyicha yangilangan global qatʼiyatni amalda namoyon etdi.
Jahon yetakchilari Ijtimoiy taraqqiyot boʻyicha ikkinchi Butunjahon sammitida Doha siyosiy deklaratsiyasini qabul qilib, yanada adolatli va inklyuziv jamiyat qurishga global sadoqatni tasdiqladi. Hujjatda taʼkidlanganidek, ijtimoiy taraqqiyot nafaqat axloqiy imperativ, balki tinchlik, barqarorlik va iqtisodiy oʻsishning zaruriy shartidir.
Sammit doirasida Ijtimoiy rivojlanish boʻyicha yechimlar forumi muhokamalari, Ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash boʻyicha global alyans yetakchilarining birinchi yigʻilishi, “Taʼlim – yangi ijtimoiy shartnomaning asosi” nomli yuqori darajadagi tadbir, shuningdek, Fuqarolik jamiyati forumi, Xususiy sektor forumi hamda interaktiv “Yechimlar maydoni” kabi muhim tadbirlar boʻlib oʻtdi.
Bugungi kunda 670 milliondan ortiq odam ochlikdan aziyat chekayotgan, 2,3 milliard kishi esa oziq-ovqat muammosini boshdan kechirayotgan bir paytda, Ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash boʻyicha Global alyansning yuqori darajadagi birinchi yigʻilishida inqiroz oziq-ovqat yetishmovchiligi bilan emas, balki tengsizlik, mojarolar va notoʻgʻri siyosiy qarorlar bilan bogʻliqligi taʼkidlandi. Braziliyaning “Katta yigirmatalik”dagi raisligi davrida, yaʼni 2024-yilda tashkil etilgan Global alyansga 200 ga yaqin ishtirokchi – hukumatlar, mintaqaviy birlashmalar, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari kiradi. Uchrashuvning asosiy maqsadi – alyans ichidagi hamkorlikni kuchaytirish: ijtimoiy himoyani kengaytirish, qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlash va iqlim oʻzgarishiga chidamli dehqonchilikka sarmoya kiritishdan iborat. Bu hukumatlarning “barcha uchun ijtimoiy rivojlanishga erishish maqsadida qulay iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, madaniy va huquqiy muhit” yaratish boʻyicha majburiyatlarini tasdiqlovchi global chaqiriqdir.
Ijtimoiy adolat uchun Global koalitsiya forumida yashash minimumini oshirish, mehnat sohasidagi asosiy tamoyillar va huquqlarga rioya etish, ijtimoiy muloqotni mustahkamlash, ijtimoiy himoya qamrovini kengaytirish, istiqbolli kasb-hunar taʼlimi tizimlarini yaratish boʻyicha tashabbuslar qashshoqlikni tugatish, munosib ish oʻrinlari yaratish hamda ijtimoiy oʻzgarishlar va ijtimoiy integratsiyani ragʻbatlantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Bugungi kunda yuqori daromadli mamlakatlar ijtimoiy himoyaga (sogʻliqni saqlashdan tashqari) yalpi ichki mahsulotning taxminan 16 foizini sarflaydi. Taqqoslash uchun, past daromadli mamlakatlarda bu xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 1 foizini tashkil etadi. Bu esa investitsiyalar hajmini oshirish zarurligini koʻrsatadi. Majburiyatlarga muvofiq, mamlakatlarga qamrovni har yili 2 foizga kengaytirishga intilish tavsiya etilmoqda.
Taʼlim qashshoqlik halqasini uzishda, munosib ish uchun zarur boʻlgan koʻnikmalarni shakllantirishda, shuningdek, tenglik va inklyuzivlikni taʼminlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shunday boʻlsa-da, erishilgan yutuqlarga qaramay, millionlab bolalar hamon maktabga bormayapti va global inqirozlar, jumladan mojarolar, iqlim oʻzgarishi, pandemiyalar va raqamli tengsizlik mashaqqat bilan qoʻlga kiritilgan yutuqlarni yoʻqqa chiqarmoqda. Ijtimoiy sammitning Doha deklaratsiyasida umr boʻyi taʼlim olish yondashuvi doirasida qashshoqlikni kamaytirish strategiyalarining asosiy tarkibiy qismi sifatida sifatli taʼlimni joriy etishga daʼvat mavjud. Doha deklaratsiyasida, shuningdek, kelajakdagi mehnat bozorlari uchun hayotiy ahamiyatga ega boʻlgan “yashil” va raqamli iqtisodiyotga oʻtish uchun zarur koʻnikmalarning muhimligi taʼkidlangan.
Doha siyosiy deklarasiyasi xalqaro hamjamiyatning 1995 yilgi Kopengagen deklaratsiyasi va 2030-yilgacha boʻlgan Barqaror rivojlanish kun tartibi tamoyillariga sodiqligini va bunday yondashuvning davomiyligini tasdiqlaydi. Deklaratsiyada bir-birini toʻldiruvchi uchta ish yoʻnalishi haqida soʻz yuritiladi. Bular: qashshoqlikni tugatish, barcha uchun bandlik va munosib mehnatni taʼminlash hamda yanada inklyuziv jamiyat yaratishdir. Doha deklaratsiyasi ijtimoiy adolatni tinchlik, xavfsizlik va inson huquqlari bilan bogʻlaydi hamda iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish sohasida shoshilinch choralar koʻrishga chaqiradi.
Doha deklaratsiyasi qashshoqlik va ochlikka qarshi kurashish, taʼlim, sogʻliqni saqlash, iqlim oʻzgarishlariga bardoshlilik va gender tenglikni qamrab olgan keng qamrovli, oʻzaro bogʻliq yechimlarni talab etadi. Deklaratsiya qoidalarining bajarilishini nazorat qilish BMTning Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashi qoshidagi Ijtimoiy rivojlanish komissiyasiga yuklatilgan.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish taʼbiri bilan aytganda, "Doha siyosiy deklaratsiyasi – bu rivojlanish uchun turtki, umumiy ijtimoiy himoyani kengaytirish, sogʻliqni saqlash va taʼlimdan teng foydalanishni taʼminlash hamda raqamli tafovutni bartaraf etishga qaratilgan insonlar uchun rejadir". BMT Bosh kotibi rivojlanish va iqlim tashabbuslarini moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatini taʼminlash uchun, ayniqsa qarz muammolariga duch kelayotgan rivojlanayotgan mamlakatlarda global moliyaviy tizimni zudlik bilan isloh qilish zarurligini taʼkidladi.
Yangi Oʻzbekiston: global ijtimoiy taraqqiyot boʻyicha
yangi tashabbuslar
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ijtimoiy rivojlanish boʻyicha ikkinchi Butunjahon Doha sammitida soʻzga chiqib, global ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyotni mustahkamlashga qaratilgan bir qator taklif va tashabbuslarni taqdim etdi. Oʻzbekiston rahbarining nutqida taʼkidlanganidek, "Bugungi kunda ijtimoiy farovonlikni taʼminlash, aholi turmushini yaxshilash borasida dunyo hamjamiyati va milliy hukumatlar birgalikda harakat qilayotgani eʼtiborga molikdir. Oʻzbekiston barqaror taraqqiyot sari barcha xalqaro hamkorlik formatlari va tashabbuslarini doim qoʻllab-quvvatlaydi”.
Yangi Oʻzbekistonda "Inson qadr-qimmati – oliy qadriyat" degan ustuvor tamoyil qaror topayotgan, ijtimoiy adolat, ehtiyojmand aholi qatlamlarini samarali himoya qilish taʼminlanayotgan jamiyat barpo etilayotgani alohida taʼkidlandi.
Dunyoda murakkab ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar yuz berayotgan va oʻzaro ishonchsizlik ortib borayotgan sharoitda Oʻzbekiston Prezidenti global ijtimoiy siyosatni mustahkamlashga qaratilgan bir qator yangi tashabbus va takliflarni ilgari surdi.
Birinchi tashabbus – Global ijtimoiy adolat fondini taʼsis etish. BMT maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda dunyoda 1,1 milliarddan ortiq kishi qashshoqlikda hayot kechirmoqda. Oʻzbekistonda davlat xarajatlarining 70 foizdan ortigʻi aynan Barqaror rivojlanish maqsadlariga yoʻnaltirilgan. Jahondagi ijobiy tajribalarni oʻrganish asosida kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha Yangi Oʻzbekiston modeli ishlab chiqildi. Eng avvalo, oʻtish davrining muhim vositasi sifatida manzilli ijtimoiy daftarlar (“Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Mehribonlik daftari”) joriy etilib, barcha ehtiyojmand oilalar qamrab olindi. Natijada 2,3 milliondan ortiq ehtiyojmand oila, ayollar, keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar kafolatlangan ijtimoiy himoya bilan taʼminlandi. Bu 2017-yilga nisbatan toʻrt baravar koʻpdir.
Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun global miqyosda rivojlanayotgan mamlakatlarga 4 trillion dollardan ortiq mablagʻ kerak boʻlmoqda. Bunday sharoitda xatarlarni xolis baholash, rivojlanayotgan mamlakatlarning ijtimoiy dasturlariga moliyaviy resurslarni jalb etish, ularning samaradorligini oshirish boʻyicha “kambagʻallikka qarshi kurashning yangi moliyaviy tizimi”ga ehtiyoj tugʻilmoqda. Ushbu masalalarga yechim topish maqsadida Oʻzbekiston Prezidenti 2026-yilda Xiva shahrida xalqaro moliya institutlari, donor tashkilotlar va hamkor davlatlar ishtirokida yuqori darajadagi anjuman oʻtkazishni taklif etmoqda.
Ikkinchi tashabbus – Ijtimoiy masʼuliyat va munosib mehnat boʻyicha global tashabbusni ishlab chiqish. Xalqaro mehnat tashkiloti hisobotiga koʻra, 2024-yilda global ishsizlik darajasi 5 foizni tashkil etgan. Yuqori texnologiyalar va sunʼiy intellektning jadal surʼatlarda joriy etilishi butun dunyoda millionlab ish oʻrinlarining yoʻqolishiga sabab boʻlmoqda. Bunday sharoitda Hukumat va biznes sektori oʻzaro ijtimoiy hamkorlar sifatida xodimlarni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratishlari lozim.
Shuni taʼkidlash joizki, soʻnggi sakkiz yil ichida Oʻzbekiston iqtisodiyotiga 130 milliard dollarlik investitsiya jalb etildi, koʻplab yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi, doimiy ish oʻrinlari yaratildi. Oʻtgan davrda milliy iqtisodiyotimiz 2 barobar oʻsgani, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromad yil yakuniga qadar 3,5 ming dollarga yetishi muhim omil hisoblanadi. Har bir insonning huquq va erkinliklarini, mehnatni muhofaza qilishni, kafolatlangan ijtimoiy himoyadan foydalanishni taʼminlash uchun mustahkam qonunchilik bazasi yaratildi. Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya, Mehnat kodeksi, “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi va “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi.
Uchinchi tashabbus – Oʻzbekistonda ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash boʻyicha Global alyans sammitini oʻtkazish va taʼlim masalasini kun tartibidagi asosiy masala sifatida belgilash. Bugungi kunda savodsizlikning yillik iqtisodiy zarari 1,4 trillion AQSH dollariga baholanmoqda. Bu holat yosh avlod uchun ijtimoiy hayotda va mehnat bozorida oʻz oʻrnini topishni qiyinlashtiradi hamda tengsizlikning keskin oʻsishiga olib keladi.
Oʻzbekiston Ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash boʻyicha Global alyansga rasman qoʻshildi, bu esa mamlakatda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash boʻyicha global saʼy-harakatlarni kuchaytirish yoʻlidagi muhim qadamdir. Ushbu qadam global oziq-ovqat xavfsizligiga oid tobora ortib borayotgan xavf-xatarlarga hamda Oʻzbekistonning ochlik, qashshoqlik va tengsizlik bilan bogʻliq muammolarni hal etishda faol ishtirok etish istagiga mutanosibdir. Global alyansda ishtirok etish mamlakatga tajriba almashish, xalqaro sarmoyalarni jalb qilish va ushbu dolzarb masalalarni hal etish uchun boshqa davlatlar va tashkilotlar bilan qoʻshma dasturlarni amalga oshirish boʻyicha noyob imkoniyatlarni taqdim etadi.
Toʻrtinchi tashabbus – Oʻzbekistonda Migrantlar va ularning oilalarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish boʻyicha xalqaro forum oʻtkazish va Global dastur qabul qilish. Hozirgi kunda dunyo boʻylab 300 milliondan ortiq migrant chet mamlakatlarda mehnat qilmoqda. Afsuski, ularning huquqlari buzilayotgan holatlar juda koʻp uchramoqda. Shu bois, globallashuv sharoitida xavfsiz va qonuniy migratsiya jarayonlarini taʼminlash koʻp qirrali vazifa boʻlib, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi uchun ham turli taʼsir omillari va ularning oqibatlarini chuqur tahlil qilishni taqozo etadi.
Yangi Oʻzbekistonda mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotining uzoq muddatli rivojlanish yoʻnalishini belgilaydigan keng koʻlamli oʻzgarishlar jarayoni, shu jumladan, mehnat bozori, ayniqsa, tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi islohotlar boshlanib ketdi. Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga kiritilgan oʻzgartirishlar buning isbotidir. Ushbu yangilanishlarning maqsadi mamlakat fuqarolarining mehnat huquqlarini himoya qilish choralarini kuchaytirishdan iborat.
Fuqarolar uchun migratsiya jarayonining xavfsizligi, qonuniyligi va qulayligini taʼminlashning noyob mexanizmi yaratildi. U uch asosiy yoʻnalishni oʻz ichiga oladi. Bu oʻrinda: fuqarolarni tayyorlash, ularga til va kasb-hunar oʻrgatish; xorijda mehnat migranti sifatida boʻlgan vatandoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, ularga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish; mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan fuqarolarning bandligini taʼminlash, ularning ijtimoiy hayotga qayta moslashishi, xususan, ijtimoiy muhitga koʻnikishi uchun sharoit yaratish yoʻnalishlari haqida soʻz bormoqda.
Sifatli taʼlim inson kapitalini rivojlantirish va uzoq muddatli istiqbolda kambagʻallikni kamaytirishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi boʻlib qolaveradi. Bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalari bilan qamrab olish darajasi 27 foizdan 78 foizga oshirilishi natijasida 1 million nafar ayolga oʻz bilimini oshirish, kasb-hunar egallash va daromad topish imkoniyati yaratildi. Soʻnggi besh yil davomida 800 mingdan ortiq fuqaro zamonaviy kasblarga oʻqitildi va yuqori daromadli ishlarga joylashtirildi. Pedagoglarning tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platforma yaratish maqsadida Oʻzbekistonda Butunjahon kasb-hunar taʼlimi sammitini oʻtkazish taklif etilmoqda.
Beshinchi tashabbus – BMT rezolyutsiyasi bilan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilingan Orolboʻyi mintaqasida Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yangi modelini ishga tushirish. Ekstremal ob-havo, choʻllanish va biologik xilma-xillikning yoʻqolishi avvalo aholining zaif qatlamlari, fermerlar, mavsumiy ishchilar va ekologik jihatdan murakkab vaziyatdagi hududlar aholisi hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashni bandlik dasturlari bilan uygʻunlashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar qabul qilish nihoyatda dolzarb vazifa hisoblanadi.
2024-yilda ilk bor oʻrtacha jahon harorati Selsiy shkalasi boʻyicha bir yarim darajadan koʻproq oshdi. Soʻnggi oʻn yillik meteokuzatuvlar tarixidagi eng issiq davr boʻldi. Natijada bugun barchamiz iqlim inqirozlarining salbiy taʼsirini his etmoqdamiz – oʻrmon yongʻinlari va choʻllanish miqyosining kengayishi, muzliklarning qisqarishi, suv resurslari taqchilligining kuchayishi, havo sifatining yomonlashuvi kuzatilmoqda.
Shu munosabat bilan Orolboʻyi ekotizimini qayta tiklash boʻyicha faol ishlar olib borilmoqda. Soʻnggi yillarda Orol dengizining qurigan tubida jami 2 million gektar maydonni qamrab olgan shoʻrga chidamli choʻl oʻsimliklari ekildi. 2030-yilga kelib, butun hududning 80 foizigacha maydoni yashil oʻsimliklar bilan qoplanadi.
Shuni taʼkidlash lozimki, Markaziy Osiyo mamlakatlari tomonidan Iqlim oʻzgarishiga moslashish strategiyasi ishlab chiqilib, bir ovozdan maʼqullandi. Oʻzbekiston Orol dengizi qurishining oqibatlarini yumshatish, suvdan oqilona foydalanish, “toza” energiya manbalari ulushini kengaytirish dasturlari doirasida xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik qilmoqda. Degradatsiyaga uchragan yerlar maydonini qisqartirish va iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish maqsadida “Yashil makon” loyihasi doirasida keng koʻlamli koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning ijtimoiy rivojlanish boʻyicha ikkinchi Butunjahon sammitidagi ishtiroki asnosida Yangi Oʻzbekistonda yoshlar siyosati nechogʻlik muhim ekani yana bir bor taʼkidlandi. Sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston rahbari qarorgohi Toshkent shahrida joylashgan Tinchlik uchun butunjahon yoshlar harakatini tuzish tashabbusini ilgari surgan edi. BMTning "Yoshlar – 2030" strategiyasini faol amalga oshirayotgan oʻnta davlat qatoriga kirgan mamlakatimiz yoshlar siyosatidagi taraqqiyotda yetakchilik qilmoqda.
Oʻzbekiston Prezidenti yana bir bor "Xalqaro taraqqiyot yoʻlida ijtimoiy kelishuvni yangilash, har bir inson uchun munosib hayot tarzini yaratish" zarurligini taʼkidladi. Oʻzbekiston sammitda qabul qilingan Doha siyosiy deklaratsiyasini toʻliq qoʻllab-quvvatladi va uni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
Yangi Oʻzbekiston – konstitutsiyaviy ijtimoiy davlat
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 1-moddasida ijtimoiy davlat prinsipi mustahkamlandi. Xususan, Asosiy qonunning 43-moddasida davlat fuqarolarning bandligini taʼminlashi, ularni ishsizlikdan himoya qilishi, kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻrishi, fuqarolarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil etishi hamda ragʻbatlantirishi belgilab qoʻyilgan.
Taʼkidlash joizki, kambagʻallikni qisqartirish va ijtimoiy himoya boʻyicha asosiy vazifalar hamda chora-tadbirlar qonunchilik va davlat strategiyalarida mustahkam oʻz aksini topgan. Jumladan, “Kambagʻallikdan farovonlikka” umummilliy dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ushbu faoliyatni yuritish maqsadida, ilgari 6 ta davlat tashkilotiga yuklatilgan vakolatlarni birlashtirish asosida Ijtimoiy himoya milliy agentligi va “Inson” ijtimoiy xizmat koʻrsatish markazlari tashkil etildi.
Muhimi, "Oʻzbekiston — 2030" strategiyasiga muvofiq, 2026-yilga kelib kambagʻallik darajasini 2022-yilga nisbatan ikki baravarga kamaytirish, 2030-yilga borib esa kambagʻallikka tushish xavfi ostida boʻlgan 4,5 million kishining daromadini oshirish va ijtimoiy sheriklik asosida 500 ming nafar malakali mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan.
Soʻnggi 8-yil ichida mamlakatimizda 7 milliondan ortiq aholi kambagʻallikdan chiqarildi, kambagʻallik darajasi 35 foizdan 6,6 foizga tushdi. Faqatgina joriy yilning oʻzida 2 million 700 ming nafar fuqaroga ijtimoiy xizmat va yordamlar koʻrsatildi. Jumladan, parvarishga muhtoj kambagʻal oila aʼzolari uchun yangi turdagi ijtimoiy xizmatlar yoʻlga qoʻyildi, shuningdek, 50 ming nafar mehnatga layoqatli fuqaro ish bilan taʼminlandi.
Dunyoga tobora ochilayotgan, jadal ijtimoiy islohotlar yoʻlidan borayotgan Yangi Oʻzbekiston "davlat – xalq uchun" tamoyiliga qatʼiy amal qilib, global oʻzgarishlarning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Mamlakatimiz Barqaror rivojlanish maqsadlarining Global indeksi boʻyicha eng ilgʻor beshta davlat qatoriga kirdi. BRMga erishish doirasida BMT bilan hamkorlikning yangi besh yillik dasturi imzolandi. Xalqaro hamkorlar bilan birgalikda sayyoraviy miqyosda bir qator tadbirlar, xususan, “Ijtimoiy rivojlanish va adolat yoʻlida parlament harakatlari” mavzusidagi Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasi, “Qashshoqlikdan farovonlikka” III xalqaro forumi, Samarqand xalqaro iqlim forumi oʻtkazildi.
Bugungi kunda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish, raqamli transformatsiyani ilgari surish, davlat xizmatlarini koʻrsatishda innovatsion yechimlarni qoʻllash, davlat boshqaruvi institutlari samaradorligini tubdan oshirish boʻyicha ilgʻor xalqaro tajriba almashish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. BMTga aʼzo davlatlar Kelajak uchun paktni qabul qilish va yanada inklyuziv hamda samarali koʻp tomonlama tizim asosida “koʻp tomonlamalikning yangi asosini yaratish” majburiyatini olish orqali birdamlikni mustahkamlash uchun qadamlar qoʻydi.
Xulosa qilib aytganda, ikkinchi Butunjahon Doha sammiti yakunlari shuni koʻrsatmoqdaki, ushbu uchrashuv siyosat masalalari boʻyicha yangi global konsensusga erishish, majburiyatlarni mustahkamlash va tenglik, birdamlik hamda umumiy farovonlikka barqaror oʻtish uchun asos yaratish yoʻlida koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun taʼsirchan turtki boʻlib xizmat qiladi. Binobarin, inson salohiyatiga sarmoya kiritish va asosiy xizmatlardan barcha foydalanishini taʼminlash uchun siyosiy irodani safarbar etish qashshoqlikka barham berish, tengsizlikni kamaytirish va hech kimni eʼtibordan chetda qoldirmaslikning kalitidir.
Akmal SAIDOV,
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori,
akademik