MARKAZIY OSIYO: UMUMIY MEHNAT BOZORI VA INSON KAPITALI RIVOJI YOʻNALISHIDAGI HAMKORLIK

2025-yil 15–16-noyabr kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-chi maslahat uchrashuvi mintaqadagi oʻzaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va strategik sheriklikni mustahkamlashda yangi bosqichni boshlab bermoqda.
Ushbu anjumanda iqtisodiy integratsiya, ekologik barqarorlik va transport aloqalarini rivojlantirish bilan bir qatorda, mehnat bozoridagi hamkorlik va inson kapitali rivoji ham asosiy yoʻnalishlardan biri sifatida belgilanmoqda.
Markaziy Osiyoda umumiy mehnat makoni – barqaror taraqqiyot garovi
Bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlarini birlashtirib turgan eng muhim omillardan biri — inson salohiyatidir. Mintaqadagi mehnat resurslari ulkan iqtisodiy imkoniyatlarni anglatadi va ulardan samarali foydalanish barcha davlatlar uchun ustuvor vazifa hisoblanadi.
Mehnat bozoridagi umumiy yondashuv, kadrlar harakatlanishini qonuniy asosda tashkil etish va malakali mutaxassislar almashinuvini yoʻlga qoʻyish orqali Markaziy Osiyoda umumiy mehnat makonini shakllantirish — bugungi kun talabi.
Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilayotgan “qonuniy, xavfsiz va tartibli mehnat migratsiyasi” siyosati mintaqaviy hamkorlikning muhim boʻgʻini sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
Oʻzbekistonning mehnat migratsiyasi sohasidagi zamonaviy yondashuvi
Tuzilganiga endigina bir yil boʻlgan, Oʻzbekistonning yangi Migratsiya agentligi mamlakat mehnat mobilligini boshqarish haqidagi tasavvurni tubdan oʻzgartirmoqda — xorijda vaqtincha ish bilan bandlikdan tortib, xorijdan qaytgan fuqarolarni kasbiy reintegratsiya qilishgacha.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan agentlik tashqi mehnat migratsiyasi sohasida davlat siyosatini muvofiqlashtiradi, fuqarolarning xorijdagi huquqlarini himoya qiladi hamda malakali ish bilan taʼminlash uchun yangi koʻpriklarni yaratmoqda.
Bugungi kunda Oʻzbekiston Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Slovakiya, Angliya, Sloveniya, Shvetsiya, Germaniya, Italiya, Bolgariya va boshqa davlatlar bilan rasmiy mehnat kelishuvlarini amalga oshirib kelmoqda. Bu yoʻnalishdagi tizimli ishlar fuqarolar uchun yangi ish oʻrinlarini yaratish bilan birga, xorijdagi yurtdoshlarimizning huquqiy himoyasini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Mintaqaviy hamkorlik – inson kapitalini rivojlantirishdagi strategik yoʻnalish
Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi mehnat va taʼlim sohasidagi hamkorlik nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy va madaniy yaqinlashuvni ham taʼminlaydi.
Oʻzbekiston bu jarayonda faol ishtirok etib, qoʻshni mamlakatlar bilan mutaxassislar tayyorlash, mehnat bozori axborotlarini almashish, malaka tan olish tizimlarini uygʻunlashtirish borasida aniq tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Ayniqsa, migratsiya jarayonlarini raqamlashtirish, yagona maʼlumot platformalarini yaratish va mehnat faoliyatini qonuniylashtirish sohalarida mintaqaviy hamkorlik muhim ahamiyatga ega.
Inson kapitalini rivojlantirish – kelajak taraqqiyotining asosi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Inson kapitali — mamlakatning eng katta boyligi va kelajak taraqqiyotining asosidir”
Shu nuqtayi nazardan, mamlakatda kasbiy taʼlim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, yoshlarni chet elda mehnat faoliyatiga tayyorlash va ularning malakasini tasdiqlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Migratsiya agentligi qoshida tashkil etilgan tayyorlov markazlari, xorijda talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha taʼlim dasturlari hamda psixologik va huquqiy maslahat xizmatlari — inson kapitalini samarali rivojlantirishning amaliy koʻrinishi hisoblanadi.
Yakuniy xulosa
Toshkentda oʻtkazilayotgan navbatdagi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi — mintaqamizning inson salohiyatiga tayanadigan, ochiq va hamkorlikka asoslangan kelajak sari qadamidir.
Oʻzbekiston bu jarayonda hamisha faol va tashabbuskor boʻlib, umumiy mehnat bozorini rivojlantirish, inson kapitalini oshirish va fuqarolar manfaatini taʼminlashga qaratilgan siyosatni izchil davom ettirmoqda.