MADANIY HAMKORLIK SAMARALARI

Umumiy tarixi, madaniy va maʼnaviy qadriyatlari, anʼana va urf-odatlari bir-biriga chambarchast bogʻliq mamlakatlar bu shubhasiz Oʻzbekiston va Qozogʻiston respublikalaridir. Ular eng yaqin, ishonchli va davr sinovidan oʻtgan hamkor davlatlardir. Bugungi murakkab zamonda bu ikki qondosh va jondosh qoʻshnilar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar dunyo hamjamiyatiga tinchlik va totuvlikning yorqin namunasi vazifasini oʻtaydi.
Davlat rahbarlari oʻrtasidagi faol siyosiy muloqot tufayli barcha sohalarda katta muvaffaqiyatlarga erishilayotganini, keng koʻlamli hamkorlik jadal surʼat bilan rivojlanib borayotganini alohida qayd etish kerak.
Buning yorqin namunasi boʻlgan hukumatlararo bitimlar asosida madaniyat, sogʻliqni saqlash, fan, taʼlim, turizm va sport sohalarida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik samaralari ham oshmoqda. Chunonchi soʻnggi yillarda Oʻzbekiston madaniyat vazirligi masʼul vakillarining Qozogʻistonga madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida muntazam tashrif buyurishi, oʻz navbatida Qozogʻiston tomonidan ham shunday nufuzli masʼullarning mamlakatimizda boʻlishi, davlatlar oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda
Oʻzaro madaniy aloqalarning namunasi sifatida 2022-yilning 25-30-aprelʼ kunlari Xiva shahrida oʻtkazilgan “Lazgi” Xalqaro raqs festivalida Qozogʻiston vakillari ishtirok etishini misol keltirish oʻrinlidir. Xuddi shuningdek oʻsha yili 20–23-noyabr kunlari Ostona shahrida Oʻzbekiston madaniyat kunlari ham boʻlib oʻtdi.
Bu kabi munosabatlar turkiy xalqlar birdamligi ramzi boʻlgan TURKSOY tashkiloti tashkil etilgandan keyin bu kabi madaniy munosabatlar koʻp qutubli koʻrinish oldi. 2023-yilning 6-10-iyun kunlari Olma-ota shahrida mazkur tashkilotning 30-yillik yubiley tantanasida Oʻzbekiston madaniyat va turizm vaziri O.Nazarbekov boshchiligidagi delegatsiya va ijodiy guruh ishtirok etdi.
2023-yilning 18-19-iyun kunlari esa Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan TURKSOY tashkilotining 30-yillik yubiley tantanasida Qozogʻiston madaniyat va sport vaziri oʻrinbosari N. Dauyeshov boshchiligidagi delegatsiya va ijodiy guruh ishtirok etdi. Bundan tashqari 2023-yilning 18-24-iyun kunlari Oʻzbekistonning Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida Qozogʻiston madaniyati kunlari tantanali tarzda oʻtkazildi. Unda Qozogʻiston madaniyat va sport vaziri A.Oralov boshchiligidagi delegatsiya va ijodiy guruh ishtirok etdi. Bu kabi oʻzaro manfaatli hamkorlining amaliy natijalari keng koʻlamli boʻlib, ikki qardosh xalq oʻrtasida tarixiy rishtalarning mustahkalashga xizmat qilib kelmoqda.
Maʼlumki, bu ikki qardosh xalqlarning bir biridan oʻrganadigan jihatlari juda koʻp. Masalan, madaniy hayotda teatr, kino, milliy etnografik qoʻshiq va maqomlar boʻlsin, xalq ogʻzaki ijodidan tortib bugungi kundagi milliy qoʻshiqchilik sanʼatlari rivoji oʻzaro hamkorlikda rivojlanmoqda, va zamonaviy koʻrinish olmoqda.
2024-yilning 25-30-aprel kunlari Xiva shahrida tashkil etilgan “Lazgi”, 27-30-iyun kunlari Zomin tumanida tashkil etilgan “Maqom sanʼati” festivallarida Qozogʻiston vakillari ishtirok etdilar. XFaol siyosiy muloqot tufayli barcha sohalarda katta muvaffaqiyatlarga erishilgani, keng koʻlamli hamkorlik jadal surʼat bilan rivojlanib borayotgani alohida qayd etildi. Xuddi shuningdek, 2024-yilning 6-9-avgust kunlari Oʻzbekiston Prezidentining Qozogʻistonga davlat tashrifi doirasida Ostona shahrida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” tashkil etildi. Tadbirlar doirasida Oʻzbekiston tasviriy va amaliy sanʼat koʻrgazmasi hamda oʻzbek kino kunlari oʻtkazildi. 2024-yilning 26-30-avgust kunlari Samarqand shahrida oʻtkazilgan “Sharq taronalari” xalqaro festivalida Qozogʻiston vakillari ishtirok etdilar.
2025-yilning 26-28-aprel kunlari Xiva shahrida oʻtkazilgan Ikkinchi turkiy dunyo madaniyat forumi va Toʻrtinchi xalqaro baxshichilik sanʼati festivalida Qozogʻiston vakillari qatnashganligi shu yilning 18-22-sentyabr kuni Oʻzbekiston davlat musiqali komediya (operetta) teatri Qozogʻistonda gastrol safarida boʻlishi ham ikki qardosh xalq madaniy hamkorligining yuksak namunasi sifatida madaniy hayotimizni bezab turibdi.
Oʻzaro hamkorlikning yana bir qutubi hukmatlararo bir-biriga madaniy-gumanitar yordam koʻrsatishdir. Xuddi shunday amaliy munosabatlar sahifalarida “Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati: yagona tarix va umumiy kelajak” xalqaro media-platformasi ishlab chiqish, ikki davlat allomalari va tarixiy shaxslarini yubileylarini oʻzaro nishonlashdir.
Ayni paytda tomonlar oʻrtasida bu kabi manfaatli munosabatlar koʻlami yanada kengayib bormoqda va bu shubhasiz Oʻzbekiston va Qozogʻiston xalqlarining yaxshi qoʻshnichilik, tinchlik, totuvlik bagʻrikengligi timsoli sifatida uzoq yillar dunyo xalqlariga oʻrnak boʻlib xizmat qiladi, shubhasiz.