Markaziy Osiyo mintaqaviy transport imkoniyatlarini kengaytirish – mamlakatlarning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvining eng muhim omili

Zamonaviy Oʻzbekiston tashqi siyosatida jahonning barcha davlatlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini, uzoq muddatli va koʻp qirrali sheriklikni yanada kuchaytirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Xususan, davlatimiz tomonidan azaliy va yagona tarixiy ildizlarga ega boʻlgan Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan boʻlgan munosabatlar yangi bosqichga koʻtarildi.
Bu borada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari hamkorlikni chuqurlashtirish, konstruktiv va oʻzaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat berib, mintaqada transport salohiyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqdalar.
Ayniqsa, mintaqada yaxshi qoʻshnichilik va ishonch muhitining mustahkamlanishi, transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlik va integratsiyaning chuqurlashib borayotgani transport sohasidagi strategik infratuzilmaviy loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish imkonini yaratmoqda.
Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan mintaqaviy hamkorlikning yangi mexanizmlari tashkil etildi. Bunga misol qilib, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahatlashuv uchrashuvlarini keltirish mumkin.
Ushbu institut mintaqaviy muammolarni birgalikda muhokama qilishning muhim mexanizmiga aylandi, deb aytish mumkin. Ushbu muhim platforma transport va logistika sohasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishning taʼsirchan mexanizmi sifatida oʻzining dolzarbligini yaqqol koʻrsatdi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston qoʻshni davlatlar bilan transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. 2016-yildan boshlab Toshkent qoʻshni respublikalar bilan transport-kommunikatsiya aloqalarini tikladi va rivojlantirdi.
2016 – 2024 yillarda Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi aviaqatnovlar soni deyarli 2 barobarga, yoʻlovchilar soni esa 2,1 barobarga oshdi. Bundan tashqari, mamlakatlarimiz oʻrtasida yangi yoʻlovchi avtobus yoʻnalishlari ochildi va eski yoʻnalishlar qayta tiklandi. Bu esa soʻnggi 8 yil ichida Oʻzbekiston va qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi bunday reyslar sonining bir necha bor koʻpayishiga olib keldi.
2017 yilda Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasida Amudaryo ustidan oʻtgan Turkmanobod – Forab temir yoʻl va avtomobil koʻpriklarining ochilishi muhim voqealardan biri boʻldi. 2018 yilda Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida Surxondaryo va Xatlon viloyatlarini bogʻlovchi “Gʻalaba – Amuzang” temir yoʻl liniyasining ochilishi esa tarixiy voqea sifatida qayd etildi.
Respublikaning eksport va import yuk tashuvlarining 42,5 foizi
(9,3 mln tonna) chegaradosh mamlakatlar (Qozogʻiston – 6,8 mln tonna, Qirgʻiziston – 1,5 mln tonna, Tojikiston – 0,6 mln tonna, Afgʻoniston – 1,3 mln tonna, Turkmaniston – 0,4 mln tonna), qolgan 57,5 foizi (12,6 mln tonna) boshqa davlatlar bilan xalqaro transport koridorlari orqali tashilmoqda.
Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan tasdiqlangan “Oʻzbekiston–2030” strategiyasida ayniqsa, transport-kommunikatsiya sohasida yaqin mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish orqali Markaziy Osiyodagi amaliy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha aniq vazifalar belgilangan.
Bugungi kunda qoʻshni mamlakatlar Oʻzbekistonning transport-tranzit loyihalarini faol qoʻllab-quvvatlamoqda. Bu loyihalarning amalga oshirilishi Markaziy Osiyoning Sharq – Gʻarb va Shimol – Janub xalqaro yoʻlaklari tranzit markazi sifatidagi jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Masalan, “Xitoy – Markaziy Osiyo – Kavkaz – Yevropa”, “Belarus – Rossiya – Qozogʻiston – Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston”, “Oʻzbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” multimodal transport yoʻlaklarini rivojlantirish, “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston”, “Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston” temir yoʻl liniyalarini qurish shular jumlasidandir.
Ushbu loyihalar Markaziy Osiyo mamlakatlariga Hind okeani portlariga eng qisqa chiqish yoʻllarini taʼminlab, Janubiy Osiyoni Markaziy Osiyo, Rossiya, Xitoy hamda Yevropa bozorlari bilan bogʻlaydi. Ularning amalga oshirilishi Markaziy Osiyo mamlakatlarining tranzit salohiyatini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
Shuni taʼkidlash joizki, aynan transport sohasidagi hamkorlik Markaziy Osiyoning barcha davlatlari uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari va yaqin hamkorlari koʻmagida faol transport diplomatiyasini davom ettirmoqda.
Bu esa mintaqa davlatlarining milliy loyihalarini Shimol – Janub va Gʻarb – Sharq xalqaro transport yoʻlaklari bilan uygʻunlashtirish hamda Markaziy Osiyoni mintaqalararo oʻzaro bogʻliqlikning muhim boʻgʻiniga aylantirish imkonini beradi.
Infratuzilmani yaratish bilan bir qatorda, tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi va chegaralarni kesib oʻtish tartib-qoidalarini uygʻunlashtirish va raqamlashtirish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirish muhimdir. Bu, shubhasiz, transport sohasidagi oʻzaro bogʻliqlikni yanada chuqurlashtirish uchun ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Ushbu yoʻnalishda Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida E-PERMIT raqamli platformasi asosida ruxsatnoma blankalarini elektron almashishga toʻliq oʻtilganini alohida taʼkidlab oʻtish lozim.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston bevosita Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston bilan yuk avtotransport vositalariga chegaralarni toʻsiqsiz kesib oʻtish imkonini beruvchi “raqamli-TIR” tizimini muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazdi va yaqin kelajakda bu tizimni Turkmaniston bilan ham joriy etishni rejalashtirmoqda.
Markaziy Osiyo mintaqasi azaldan Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyoni bogʻlovchi noyob koʻprik vazifasini oʻtab kelgan. Bugun mamlakatlarimiz va Markaziy Osiyo davlatlarining boshqa mintaqalar bilan transport aloqalarini yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar va foydalanilmagan zaxiralar mavjudligini koʻrib turibmiz.
Keng tarmoqli transport-kommunikatsiya tizimini shakllantirish boʻyicha hamkorlik quyidagi sabablarga koʻra Markaziy Osiyoning transport-tranzit salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish imkonini beradi.
Birinchidan, BMT hisob-kitoblariga koʻra, 2050 yilga borib dunyoda yuk tashishga boʻlgan talab 3 barobar oshadi. Bunday tendensiya dengizga chiqish imkoniyatiga ega boʻlmagan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun jiddiy muammo hisoblanadi.
Ikkinchidan, BMTning Savdo va taraqqiyot boʻyicha konferensiyasi (YUNKTAD) maʼlumotlariga koʻra, dengizdan uzoqda joylashgan mamlakatlarning mahsulotlari xalqaro savdo bozorlarida deyarli uchramaydi va bu davlatlar ulushiga jahon eksportining 1 foizdan kamrogʻi toʻgʻri keladi.
Markaziy Osiyo davlatlarida yuklarni tashish xarajatlarining ulushi tovarlarning yakuniy qiymatining 50 foizigacha yetadi, bu deyarli dunyodagi oʻrtacha koʻrsatkichdan 5 barobar yuqoridir.
Shuni inobatga olib, Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlarining transport salohiyatini yanada oshirish maqsadida quyidagi takliflarni ilgari surmoqda:
- Xitoy, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari, Yevropa Ittifoqi bozorlariga chiqishda biznes uchun qulay boʻlgan yagona tariflarni qoʻllagan holda samarali transport yoʻlaklarini ilgari surishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish;
- Mintaqamiz mamlakatlari uchun yagona transport strategiyasini tayyorlash;
- Xalqaro tashishlarning integratsiyalashgan raqamli platformasini yaratish.
Shubhasiz, ushbu tashabbuslarning amalga oshirilishi Markaziy Osiyodagi har bir davlat oldida turgan dolzarb vazifalarni hal etishda muhim yordam boʻladi. Mamlakatlarimiz hududidan oʻtadigan xalqaro transport yoʻnalishlari boʻylab bojxona va boshqa tartib-taomillar takomillashtiriladi va uygʻunlashtiriladi. Eng muhim xalqaro bozorlar va dengiz portlariga chiqishni taʼminlaydigan ishonchli transport-kommunikatsiya tizimini yaratish boʻyicha umumiy yondashuvlar kelishib olinadi.
BMT ekspertlarining hisob-kitoblariga koʻra, tovarlarning jahon dengiz portlariga chiqishini taʼminlash boʻyicha barcha vazifalarni hal etish 10 yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlari yalpi ichki mahsulotini kamida 2 barobar oshirishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari oldida mintaqaviy bozorning jahon iqtisodiy, transport va tranzit yoʻlaklariga chuqur integratsiyalashuvini taʼminlash boʻyicha muhim strategik vazifa turganini taʼkidladi. Shu munosabat bilan BMT homiyligida Transport va kommunikatsiyalarni rivojlantirish mintaqaviy markazini tashkil etish taklif etildi.
Ushbu Mintaqaviy markaz faoliyati doirasida mavjud transport yoʻlaklarini faollashtirish va yangilarini shakllantirish, mintaqaning xalqaro transport tizimiga chuqur integratsiyalashuvini taʼminlash boʻyicha koʻzlangan natijalarga toʻliq erishish mumkin.
Mintaqaviy markaz transport sohasidagi oʻzaro manfaatli va samarali hamkorlikni kengaytirish imkonini beradi, bu esa oʻz navbatida tovar ayirboshlash hajmining oʻsishini taʼminlaydi va shubhasiz, Markaziy Osiyo mamlakatlarining manfaatlariga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi transport-logistika hamkorligi bugungi kunda mintaqaning barqaror iqtisodiy oʻsishi, savdo hajmining kengayishi va geoiqtisodiy integratsiyasi uchun muhim omilga aylangan.
Mintaqada yoʻl, temiryoʻl, havo va multimodal transport tarmoqlarini modernizatsiya qilish, “Trans-Kaspiy”, “Trans-Afgʻon”, “Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston”, “Shimol–Janub” kabi koridorlar orqali xalqaro tranzit oqimini diversifikatsiya qilish yoʻnalishida keng koʻlamli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Bu jarayonlarda Oʻzbekiston markaziy geostrategik hudud sifatida asosiy bogʻlovchi halqa boʻlib, qoʻshni Qozogʻiston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirgʻiziston bilan transport infratuzilmasini uygʻunlashtirish, bojxona va chegaraviy jarayonlarni raqamlashtirish hamda yuk tashish xarajatlarini kamaytirish yoʻnalishida muhim tashabbuslar ilgari surmoqda.
Shu orqali mintaqada yagona logistika makonini shakllantirish, eksport-import salohiyatini oshirish va xalqaro savdo zanjirlarida raqobatbardoshlikni mustahkamlash istiqbollari ochilmoqda.