Oʻzbekiston va Qozogʻiston: mintaqaning barqaror kelajagi yoʻlida hamkorlik

Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik ishonch, oʻzaro tushunish hamda Markaziy Osiyoning ekologik xavfsizligiga boʻlgan umumiy intilish asosida shakllangan strategik hamkorlik izchil rivojlanayotganini koʻrsatmoqda.
Ikki mamlakatning ekologiya sohasidagi sherikligi mustahkam huquqiy asosga ega. Hamkorlik uchun zamin 1997-yil 2-iyun kuni imzolangan “Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida”gi Hukumatlararo bitim bilan yaratilgan. 2022-yil 22-dekabrda imzolangan va 2024-yil 20-noyabrda kuchga kirgan yangilangan bitim ikki tomonlama hamkorlikka yangi turtki berdi. Ushbu bitim doirasida Sirdaryo daryosi havzasi suv sifatini va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston-Qozogʻiston qoʻshma ishchi guruhi samarali faoliyat yuritmoqda. Guruh muntazam ravishda maʼlumot almashish, daryoning holatini birgalikda monitoring qilish hamda ekspertlarning oʻzaro tashriflarini tashkil etadi. Kelgusida Qirgʻiziston va Tojikistonning ushbu platformaga qoʻshilishi mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va Sirdaryo havzasidagi ekologik monitoring samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Muhim yutuqlardan biri 2024-yil fevral oyida Samarqandda boʻlib oʻtgan CMS COP-14 konferensiyasi doirasida Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida Ustyurt platosidagi yovvoyi tabiatni muhofaza qilish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolanishi boʻldi. Keyinchalik bu tashabbusga Turkmaniston ham qoʻshildi, bu esa uning koʻp tomonlama xarakteri yanada mustahkamlandi. 2025-yil mart oyida Astanada tomonlarning ilk uchrashuvi oʻtkazilib, 2025–2030-yillarga moʻljallangan Harakatlar yoʻl xaritasi tasdiqlandi.
Ikki tomonlama aloqalar boshqa yoʻnalishlarda ham faol rivojlanmoqda. Soʻnggi yillarda yuqori darajadagi koʻplab delegatsiya tashriflari, vazirlarning xalqaro forum va kongresslardagi ishtiroklari, Markaziy Osiyo barqaror rivojlanish boʻyicha Davlatlararo komissiya yigʻilishlari, shuningdek oʻrmonlarni tiklash va choʻllanishga qarshi kurashish boʻyicha tajriba almashish tadbirlari boʻlib oʻtdi.
Transchegaraviy masalalarda ham ekologiya konstruktiv hamkorlik maydoni boʻlib qolmoqda. Masalan, ilgari Qozogʻiston tomonidan Toshkent viloyati Keles tumanidagi maishiy chiqindilar poligoni boʻyicha bildirgan eʼtirozlar tezkorlik bilan hal etilib, poligon rekultivatsiya qilindi va yopildi.
Ekologiya yoʻnalishidagi uzoq muddatli hamkorlik oʻzaro hurmat va eʼtirof bilan ham mustahkamlanmoqda. 2024-yil 13-noyabrda Qozogʻiston ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Erlan Nysanbayev Oʻzbekistonning “Tabiat himoyachisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi — bu ikki davlat oʻrtasidagi ishonch va hamkorlikning yuksak ifodasidir.
Ikki tomonlama aloqalardan tashqari, Oʻzbekiston va Qozogʻiston koʻp tomonlama ekologik tashabbuslarni ham faol ilgari surmoqda.
Asosiy hujjatlar orasida 2019-yilda Qozogʻiston, Qirgʻiz Respublikasi va Oʻzbekiston tomonidan imzolangan YUNESKOning “Gʻarbiy Tyan-Shan” transchegaraviy Butunjahon merosi obyekti boshqaruvi va muhofazasi boʻyicha memorandum alohida oʻrin tutadi. 2021-yilda Glazgoda Gʻarbiy Tyan-Shan va Pomir-Oloy hududlarida qor qoploni va uning ekotizimini muhofaza qilish boʻyicha memorandum imzolangan.
Yana bir muhim yutuq — 2023-yil sentyabr oyida Ar-Riyodda boʻlib oʻtgan Butunjahon merosi qoʻmitasining 45-sessiyasida “Oʻrta mintaqa Turon choʻllari” (Qozogʻiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston) YUNESKOning Butunjahon tabiiy merosi roʻyxatiga kiritilganidir.
Mintaqaviy ekologik tashabbuslar SHHT, IFAS, CAREC va “Markaziy Osiyo uchun Blue Peace” dasturi doirasida ham qoʻllab-quvvatlanmoqda. Mintaqa davlatlari tomonidan ishlab chiqilgan qoʻshma bayonotlar bir necha bor yirik xalqaro iqlim maydonlarida, jumladan, Dubaydagi COP-28 konferensiyasida taqdim etilgan.
2024-yil fevral oyida ochilgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (“Green University”) ekologiya va barqaror rivojlanish yoʻnalishida mutaxassislar tayyorlaydigan yangi ilmiy markazga aylandi.
2025-yilda mamlakatlar tajriba va gʻoyalar almashuvini davom ettirdilar: Toshkentda oʻtgan “Eco Expo Central Asia” koʻrgazmasida, Aqtaudagi Markaziy Osiyo ekologiya vazirlari uchrashuvida, Olmaota va Pavlodarda boʻlib oʻtgan xalqaro forumlarda ishtirok etdilar.
Bu tadbirlarning barchasini yagona maqsad birlashtiradi — mintaqaning barqaror kelajagi faqat hamkorlik asosidagina taʼminlanishi mumkin.
Shunday qilib, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻzaro hurmat, strategik qarash va tabiiy merosni saqlash boʻyicha umumiy masʼuliyatga tayangan samarali hamkorlik namunasini koʻrsatmoqda. Ikki va koʻp tomonlama tashabbuslar Markaziy Osiyoning ekologik xavfsizligini mustahkamlash, har bir qoʻshma qarorni mintaqaning umumiy yashil kelajagiga qoʻshilgan hissa sifatida shakllantirmoqda.
Mahmud Haydarov,
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi
Xalqaro hamkorlik va reytinglar boshqarmasi bosh mutaxassisi