Markaziy Osiyo davlatlari barqaror rivojlanish yoʻlida kuchlarini birlashtirmoqda

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ekologiya, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash sohasidagi hamkorlikni sezilarli darajada faollashtirdi. Qoʻshma dasturlar, imzolangan bitimlar va koʻp tomonlama tashabbuslar mintaqada barqaror rivojlanish va tabiat oldidagi oʻzaro masʼuliyat tamoyillariga asoslangan yagona ekologik makonni yaratish uchun poydevor boʻlmoqda.
Qozogʻiston bilan hamkorlik: amaliy aloqalarni mustahkamlash
Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi ekologik hamkorlik uzoq tarixga ega boʻlib, mustahkam huquqiy asosda rivojlanmoqda. 2024-yil noyabr oyida kuchga kirgan “Atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologiya sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida”gi Hukumatlararo bitim ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi.
Hamkorlikni muvofiqlashtirishning asosiy mexanizmi — Sirdaryo daryosi havzasida atrof-muhitni muhofaza qilish va suv sifatiga oid masalalar boʻyicha Oʻzbekiston–Qozogʻiston qoʻshma ishchi guruhi hisoblanadi. Guruh yigʻilishlari har yili oʻtkazilib, daryo holatini monitoring qilish va maʼlumot almashish orqali ekologik xavflarga oʻz vaqtida javob berish imkonini yaratadi. Tomonlarning soʻnggi uchrashuvi 2024-yil dekabr oyida onlayn formatda boʻlib oʻtdi.
Hamkorlikning muhim yoʻnalishlaridan biri — biologik xilma-xillikni saqlash. 2024-yilda Samarqandda boʻlib oʻtgan Koʻchib yuruvchi turlar toʻgʻrisidagi konvensiya (CMS COP14) doirasida Oʻzbekiston va Qozogʻiston Ustyurt platosining yovvoyi tabiatini asrash boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzoladi. Keyinchalik bu tashabbusga Turkmaniston ham qoʻshildi. 2025-yil mart oyida tomonlar 2025–2030-yillar uchun “Harakatlar yoʻl xaritasi”ni tasdiqladilar.
Vazirlarning oʻzaro tashriflari hamda Samarqand iqlim konferensiyasi (2025-yil aprel) va Toshkentdagi Eco Expo Central Asia koʻrgazmasi (2025-yil iyun) kabi mintaqaviy forumlarda ishtirok etishi eng yaxshi tajribalar almashinuvi va “yashil” texnologiyalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Qirgʻiziston bilan hamkorlik: togʻ ekotizimlariga eʼtibor
Qirgʻiz Respublikasi bilan hamkorlik 1996-yilda imzolangan bitim asosida olib borilib, biologik xilma-xillikni asrashdan tortib ekologiya sohasida kadrlar tayyorlashgacha boʻlgan yoʻnalishlarni qamrab oladi.
2024-yil iyul oyida ikki davlat ekologiya vazirlari Qirgʻiziston talabalari uchun Toshkentdagi Atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish boʻyicha Markaziy Osiyo universitetida (Green University) grant asosida oʻqish imkoniyatini nazarda tutuvchi oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladi. Mazkur universitet mintaqaviy tajriba va ilmiy bilimlarni uygʻunlashtiruvchi mutaxassislar tayyorlash platformasiga aylandi.
Bundan tashqari, 2025-yil aprel oyida Bishkekda oʻtkazilgan “Barqaror rivojlanish yoʻlida global togʻli muloqot” xalqaro konferensiyasi togʻ ekotizimlarini va suv resurslarini saqlash boʻyicha hamkorlikni mustahkamladi.
Koʻp tomonlama formatda Qirgʻiziston, Oʻzbekiston va Qozogʻiston YUNESKOning “Gʻarbiy Tyan-Shan” transchegaraviy tabiiy meros obyekti boshqaruvida faol ishtirok etmoqda, shuningdek, qoplon va uning ekotizimlarini saqlash boʻyicha memorandumni amalga oshirmoqda.
Tojikiston bilan hamkorlik: chegarasiz tabiiy hududlar
Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi aloqalar 2022-yil iyun oyida imzolangan oʻzaro anglashuv memorandumi asosida faol rivojlanmoqda. Ustuvor yoʻnalishlardan biri — Zarafshon daryosi boʻyida transchegaraviy qoʻriqlanadigan tabiiy hududlarni yaratish loyihasidir.
Mutaxassislarning muntazam tashriflari, konferensiya va forumlarda ishtirok etishi kamyob turlarni saqlash, ekologik turizmni rivojlantirish va ekologik ekspertiza tizimini takomillashtirish boʻyicha hamkorlikni kuchaytirmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi delegatsiyasi Tojikistonning 2025-yilni “Xalqaro muzliklarni saqlash yili” deb eʼlon qilish tashabbusining davomi sifatida Doʻshanbe shahrida oʻtkazilgan yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.
Turkmaniston bilan hamkorlik: transchegaraviy aloqalarni mustahkamlash
Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi hamkorlik 2017 va 2021-yillarda imzolangan bitimlarga asoslanib, atrof-muhitni muhofaza qilish va biologik xilma-xillikni saqlashga yoʻnaltirilgan. Har ikki davlat Amudaryo havzasida barqaror yer resurslaridan foydalanish va ekotizimlarni himoya qilishni ilgari suruvchi xalqaro loyihalarda faol ishtirok etmoqda.
2023-yil sentyabr oyida “Moʻtadil mintaqaning Turon choʻllari” nomli transchegaraviy tabiiy obyektga YUNESKOning Jahon tabiiy merosi maqomi berilishi muhim voqea boʻldi. Hozirda Oʻzbekistonning Surxon qoʻriqxonasi va Turkmanistonning Koytendag qoʻriqxonasi boʻyicha Koʻhitang hududini YUNESKO roʻyxatiga kiritish uchun qoʻshma hujjat tayyorlanmoqda.
Ikki mamlakat ekologiya vazirlari muntazam ravishda xalqaro platformalarda — jumladan, Samarqand iqlim forumi va BMTning dengizga chiqish imkoniyatiga ega boʻlmagan davlatlar konferensiyasida (Avaza, 2025-yil avgust) uchrashib turishadi.
2025-yil iyun oyida Oʻzbekiston Markaziy Osiyo sut emizuvchilarini saqlash tashabbusi (CAMI)ga rais etib, Turkmaniston esa rais oʻrinbosari etib saylandi.
Umumiy qarash va mintaqaviy birdamlik
Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligi ikki tomonlama loyihalar doirasidan chiqib, global tashabbuslarda ham oʻz ifodasini topmoqda. Bu jarayon koʻchib yuruvchi yirtqich qushlarni saqlash toʻgʻrisidagi memorandumdan tortib BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyalarida mintaqaviy yagona pozitsiyani shakllantirishgacha boʻlgan yoʻnalishlarni qamrab oladi.
Atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish boʻyicha Markaziy Osiyo universitetining tashkil etilishi, transchegaraviy qoʻriqlanadigan tabiiy hududlar tarmogʻining rivojlanishi hamda xalqaro tashkilotlar bilan qoʻshma loyihalarda ishtirok etish — bularning barchasi mintaqamiz mamlakatlarining “Markaziy Osiyoning yashil kelajagini” shakllantirish yoʻlidagi umumiy intilishlarini aks ettiradi.
Anvar Tursunaliyev,
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi
Xalqaro hamkorlik va reytinglar boshqarmasi bosh mutaxassisi