11-13-noyabr kunlari Toshkentda “Transport va logistika - TransLogistica Uzbekistan 2025” 21-xalqaro koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi

11-13-noyabr kunlari “Oʻzekspomarkaz” MKMda “Transport va logistika - TransLogistica Uzbekistan 2025” 21-xalqaro koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi va sohaning yetakchi mutaxassislari va ekspertlarini birlashtiradi.
“TransLogistica Uzbekistan” – transport va logistika xizmatlari yetkazib beruvchilari, ishlab chiqaruvchilari va buyurtmachilari bevosita uchrashishlari, hamkorlik aloqalarini oʻrnatishlari va biznesni rivojlantirish boʻyicha yechimlarni topishlari mumkin boʻlgan ixtisoslashgan maydon boʻlib, yuqori obroʻga ega biznes tadbirdir.
Koʻrgazmada quyidagilar namoyish etiladi:
• transportning barcha turlari: temir yoʻl, avtomobil, havo va dengiz transportidagi soʻnggi ishlanmalar va innovatsiyalar;
• transport va ombor jarayonlarini optimallashtirish uchun zamonaviy logistika xizmatlari va raqamli yechimlar;
• davlat infratuzilma loyihalari va xalqaro transport koridorlarining istiqbolli yoʻnalishlari;
• yetakchi kompaniyalarning temir yoʻllar, dengiz portlari, logistika xablarini qurish va harakatlanuvchi tarkib ishlab chiqarishdagi tajribasi.
13 mamlakatdan - Belarus, Germaniya, Hindiston, Qozogʻiston, Xitoy, Koreya Respublikasi, Latviya, BAA, Pokiston, Rossiya, AQSH, Turkiya, Oʻzbekiston - 60 dan ortiq kompaniya “TransLogistica Uzbekistan 2025” koʻrgazmasida ishtirok etishini tasdiqladi.
11 va 12-noyabr kunlari koʻrgazma doirasida quyidagi muhim tadbirlar boʻlib oʻtadi:
• “Uzbekistan Airports, Aviation and Logistics Forum” xalqaro aviatsiya va logistika forumi (11-noyabr)
• MDHga aʼzo davlatlarning Transport boʻyicha muvofiqlashtiruvchi konferensiyasining (MDH KTS) 45-yigʻilishi (12-noyabr)
Forumlar tashkilotchisi – Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi.
Ishbilarmonlik dasturida muhokama qilinadigan masalalar koʻrgazma mavzusi bilan chambarchas mos keladi va uni toʻldiradi.
Tashrif buyuruvchilar uchun koʻrgazma nafaqat eng soʻnggi texnologiyalar va uskunalar bilan tanishish imkoniyati, balki yangi hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va tajriba almashish uchun oʻziga xos platforma boʻladi.
Koʻrgazmaga tashrif buyurish uchun https://trans.uz/ru/visit-the-exhibition havola orqali roʻyxatdan oʻtish va onlayn beydjni olish kerak.
“Dunyo” AA