Islomobodda urdu tilida chop etilgan “Oʻzbekiston: Uchinchi Renessans – kelajak konsepti” nomli kitobning taqdimoti boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Islomoboddagi “Daily Ittehad” media uyi bilan hamkorlikda pokistonlik taniqli jurnalist va yozuvchi Muhammad Abbos Xon tomonidan urdu tilida yozilgan “Oʻzbekiston: Uchinchi Renessans – kelajak konsepti” nomli badiiy-publitsistik kitobning taqdimoti oʻtkazildi.
Mazkur kitobda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri, yaʼni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish gʻoyasining mazmun-mohiyati, uning maʼnaviy ildizlari va global ahamiyati batafsil tahlil qilingan. Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans gʻoyasi va uning tarixiy asoslari bilan bir qatorda, kelajak sivilizatsiyasi uchun ahamiyati taʼkidlangan. Muallif ushbu gʻoya oʻzbek xalqining buyuk ajdodlari merosidan ilhomlanib, zamonaviy taraqqiyot, maʼrifat va insonparvarlik tamoyillarini uygʻunlashtirishga qaratilganini alohida urgʻulagan.
Asarda Oʻzbekiston va Pokiston yetakchilarining Markaziy va Janubiy Osiyoni oʻzaro bogʻlaydigan transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan tashabbuslari va uygʻun intilishlariga eʼtibor qaratilgan. Muallif taʼkidiga koʻra, bu jarayon tom maʼnoda qayta tiklanayotgan afsonaviy Buyuk ipak yoʻlidir. Kitobda nafaqat Oʻzbekistondagi yangilanish jarayonlari qalamga olingan, balki Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot yoʻli Pokiston va butun Sharq uchun namuna boʻlishi taʼkidlangan.
Taqdimot marosimida Pokiston Hukumati va parlamenti aʼzolari, Islomobodda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus, yetakchi ekspert-tahlil, jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi. Pokiston axborot va radioeshittirishlar vaziri Ataulla Tarar asosiy mehmon sifatida qatnashdi.
Tadbir avvalida ikki davlat madhiyalari yangradi. Oʻzbekiston Prezidentining soʻnggi toʻqqiz yillik faoliyatiga bagʻishlangan videorolik namoyish etildi.
Anjumanni Oʻzbekiston elchisi Alisher Toʻxtayev qutlov nutqi bilan ochib berdi. Diplomat Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan yangilanishlar samarasi oʻlaroq, ochiqlik va bunyodkorlik davriga qadam qoʻyganini bildirdi.
“Soʻnggi toʻqqiz yilda yurtimizda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, taʼlim va madaniy-maʼrifiy sohalarda keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti ikki barobarga oʻsib, 115 milliard AQSH dollariga yetdi. Eksport hajmi 26 milliard dollarga yetdi, xorijiy investitsiyalar hajmi esa 130 milliard dollardan oshdi. Minglab yangi korxonalar tashkil etildi”, – dedi Oʻzbekiston rasmiy vakili.
Shuningdek, Oʻzbekiston elchisi mamlakat taraqqiyoti markazida inson manfaatlari, bilim, mehnat va maʼnaviy yuksalish ustuvor ahamiyat kasb etishini, davlatimiz rahbari ilgari surgan Uchinchi Renessans gʻoyasi aynan shu tamoyillarga asoslanganini alohida taʼkidladi.
Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgani, yuqori darajadagi Strategik hamkorlik kengashi ish boshlagani, Toshkent, Islomobod va Lahor shaharlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilgani, taʼlim va madaniyat sohasidagi hamkorlik jadal rivojlanayotgani aytib oʻtildi. Transafgʻon temir yoʻli loyihasiga eʼtibor qaratildi. Loyiha mintaqada tinchlik, oʻzaro ishonch va iqtisodiy bogʻliqlikni mustahkamlovchi, Markaziy va Janubiy Osiyoni qayta bogʻlaydigan strategik tashabbus sifatida eʼtirof etildi.
Oʻzbekiston diplomatik missiyasi rahbari taqdimoti oʻtkazilayotgan asar muallifi Muhammad Abbos Xon va “Daily Ittehad” media uyi rahbariyatiga mazkur kitobning yozilishi va chop etilishida qoʻshgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi. Taʼkidlanganidek, asar Oʻzbekiston va Pokiston xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlashga muhim hissa boʻlib qoʻshiladi.
“Daily Ittehad” media uyi rahbari Tohir Faruq oʻz navbatida, “Oʻzbekiston: Uchinchi Renessans – kelajak konsepti” kitobining chop etilishida ishtirok etganidan xursandligini bildirdi. “Ushbu kitob nafaqat Oʻzbekiston haqidagi maʼlumotlar toʻplami, balki mamlakatda kechayotgan islohotlar va yangilanish jarayonlarining jonli aksini oʻzida mujassam etgan muhim asar hamdir, – dedi u. – Kitob nutqlar toʻplami yoki boshqa muallifning asari tarjimasi emas, balki Muhammad Abbos Xonning besh yillik kuzatuvlari samarasidir. Muallifning kuzatuvlari va tahlillari Oʻzbekistonning zamonaviy taraqqiyot yoʻlini anglashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, asar Yangi Oʻzbekistonda kechayotgan tarixiy davrning muhim hujjati sifatida ham qadrli hisoblanadi”.
Axborot va radioeshittirishlar vaziri Ataulla Tarar oʻz nutqida, Oʻzbekiston va Pokiston xalqlarining tarixiy bogʻliqligi toʻgʻrisida toʻxtalib, oʻzbek zamini dunyoga Temuriylar sulolasining buyuk vakillarini, jumladan, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulugʻ allomalarni yetkazib berganini yodga oldi. Vazirning aytishicha, Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlab turuvchi hudud azaldan Buyuk ipak yoʻlining muhim tarkibiy qismi boʻlgan, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi Oʻzbekistonning zamonaviy siyosati aynan shu tarixiy hamkorlik maydonini qayta tiklashga qaratilgan.
Nutqining yakunida vazir Ataulla Tarar Pokiston Axborot va radioeshittirish vazirligi mazkur kitobni va Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans gʻoyalarini Pokiston jamoatchiligi oʻrtasida keng targʻib qilishda har tomonlama koʻmak koʻrsatishga tayyorligini tasdiqladi.
Muallif Muhammad Abbos Xon chiqishida mazkur kitobni yozish jarayoni, unda aks etgan gʻoyalar va asarning asosiy maqsadi haqida toʻxtaldi. Muallifga koʻra, ushbu kitob uning izlanishlari, kuzatuvlari va shaxsiy taassurotlariga asoslangan boʻlib, Oʻzbekistondagi yangilanish jarayonlari xolisona yoritilgan.
“Oʻzbekistondagi ulkan oʻzgarishlarni, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni va jamiyatdagi ochiqlik, inson qadrini yuksaltirish, taʼlim va maʼrifatni rivojlantirishga qaratilgan siyosatni va uning samarali natijalarini bevosita kuzatish imkoniga ega boʻldim. Bugun Oʻzbekiston Yangi uygʻonish davrini boshdan kechirmoqda. Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan Uchinchi Renessans gʻoyasi esa kelajakka ishonch, ilmiy va maʼnaviy tiklanish, inson imkoniyatlarini rivojlantirish siyosatiga asoslangan umuminsoniy tajriba namunasidir” – dedi Muhammad Xon.
Taʼkidlash joizki, “Oʻzbekiston: Uchinchi Renessans – kelajak konsepti” kitobi Pokiston jamoatchiligini Oʻzbekistonning yangi tarixiy taraqqiyot yoʻli bilan tanishtirish, ikki xalq oʻrtasidagi madaniy va maʼnaviy yaqinlikni yanada mustahkamlashda noyob manba boʻlib xizmat qiladi.