Oʻzbekiston va Qatar: mehnat migratsiyasi sohasida yangi hamkorlik bosqichi

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi mehnat migratsiyasi sohasini tizimli, xavfsiz va insonparvar asosda boshqarish boʻyicha keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirmoqda. Bu jarayonlar fuqarolarning xorijda qonuniy mehnat faoliyatini taʼminlash bilan bir qatorda, ularning bilim va malakasini oshirish hamda munosib mehnat imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan.
Yangilangan migratsiya siyosati
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan Migratsiya agentligi mehnat migratsiyasi sohasida davlat siyosatini muvofiqlashtiruvchi markaziy organ sifatida faoliyat yuritmoqda. Agentlikning asosiy vazifasi — fuqarolarning mehnat migratsiyasini qonuniy, xavfsiz va samarali tashkil etish, ularni kasbiy tayyorgarlik va qayta integratsiya jarayonlari bilan qamrab olishdir.
Agentlikning faoliyati “inson kapitali va munosib mehnat” tamoyiliga asoslanadi. Migratsiya endilikda faqat ishchi kuchi eksporti emas, balki bilim va tajriba almashinuvi, yangi imkoniyatlar va barqaror rivojlanish omili sifatida qaralmoqda.
Xalqaro hamkorlik va diversifikatsiya
Mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish doirasida Oʻzbekiston Migratsiya agentligi va boshqa idoralar 18 ta davlatda xizmat safarlari oʻtkazib, 106 ta vakolatli tashkilot bilan muzokaralar tashkil etdi. Ushbu davlatlar qatorida Qatar, Quvayt, Yaponiya, Koreya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Sloveniya va boshqalar bor.
Bu tashabbus Oʻzbekistonning xalqaro mehnat bozoridagi ishtirokini diversifikatsiya qilish, yangi qonuniy va shaffof kanallarni yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Qatar uchun Oʻzbekiston mehnat migratsiyasi sohasida yangi hamkor
Qatar davlati Oʻzbekiston uchun yangi va istiqbolli hamkor sifatida ajralib turibdi. Qatar mehnat bozorida malakali mutaxassislarga talab yuqori boʻlib, bu sohada ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik tobora kengaymoqda.
Dohada boʻlib oʻtgan muzokaralar davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi — Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi va elchixona vakillari — Qatar Mehnat vaziri oʻrinbosari Shayna Najva Bint Abdulrahmon Al-Soniy bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Qatar tomoni oʻzbekistonlik ishchilar uchun kvotalar sonini keskin oshirishga tayyor ekanini maʼlum qildi.
“Hozirda Qatarda 560 nafar oʻzbekistonlik mehnat qilmoqda. Ammo bu salohiyatning faqat kichik qismi, imkoniyatlar ancha katta. Biz kvotalarni bir necha barobar oshirish va oʻzbekistonliklarni Qatarning yetakchi kompaniyalariga jalb etishga tayyormiz”, — dedi Shayna Najva Bint Abdulrahmon Al-Soniy
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Migratsiya agentligi va Qatarning eng yirik rekruting kompaniyasi “Jusour” oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Hujjatda tibbiyot, mehmonxona biznesi, turizm, IT va muhandislik sohalari boʻyicha kadrlarlarni tayyorlash va Qatarda bandligini taʼminlashni nazarda tutadi.
Viza jarayonlarida yangi bosqich
Qatar Ichki ishlar vazirligi bilan uchrashuvda mamlakat rahbariyati oʻzbekistonliklar uchun ishchi vizalarni 10 kun ichida rasmiylashtirish tizimini joriy etishga tayyor ekanini maʼlum qilgan. Bu mehnat migratsiyasi jarayonlarini sezilarli darajada yengillashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Oʻzbekistonda Qatar mehnat bozori talablariga mos kasbiy va til tayyorgarlik markazlari tashkil etish boʻyicha kelishilgan.
Xulosa
Oʻzbekiston va Qatar mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bu hamkorlik ikki mamlakat oʻrtasida inson kapitali, bilim va malaka almashinuvi orqali barqaror rivojlanishga xizmat qiladi.
“Mehnat migratsiyasi inson va mamlakat iqtisodiyotini oʻsishiga ijobiy taʼsir qilishi kerak. Biz uni munosib, qonuniy va istiqbolli qilishga intilyapmiz”,
— deyiladi Migratsiya agentligi bayonotida.