Samarqandda boʻlib oʻtadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi: raqamlar va voqyealar

Bugun madaniyatlar va sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan qadimiy Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi boshlanadi.
Ushbu tarixiy tadbir qirq yil ichida birinchi marta tashkilotning Parijdagi bosh qarorgohi tashqarisida va birinchi marta Markaziy Osiyoda oʻtkazilmoqda. Bunday keng koʻlamli forumning Oʻzbekistonda oʻtkazilishi mamlakatning xalqaro madaniy va gumanitar hamkorlikdagi ortib borayotgan rolini eʼtirof etish va uning jahon merosini saqlash va targʻib qilishga qoʻshgan hissasining ramzi hisoblanadi.
YUNESKO tashkil etilganining 80-yilligi bilan bir vaqtda oʻtayotgan sessiya mintaqa tarixidagi eng yirik xalqaro forumlardan biri boʻladi. Unda 190 ta aʼzo davlat va xalqaro tashkilotlardan 2 ming 800 dan ortiq vakil, shu jumladan 70 ga yaqin yuqori darajali shaxslar ishtirok etadi.
Tantanali ochilish marosimida faxriy mehmonlar sifatida tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich va Slovakiya Respublikasi Prezidenti Peter Pellegrini ham qatnashadi.
Samarqand sessiyasi doirasida 150 dan ortiq turli tadbirlar, shu jumladan Oʻzbekiston tashabbusi bilan 20 dan ziyod qoʻshimcha tadbirlar tashkil etiladi.
Shuningdek, tantanali ochilish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq soʻzlaydi. Oʻzbekiston rahbarining nutqida bir qator muhim tashabbuslar ilgari surilishi kutilmoqda.
Tadbir doirasida Oʻzbekistn Prezidenti Slovakiya Prezidenti Peter Pellegrini va YUNESKO Bosh direktori Odri Azule bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazadi
YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi dunyo va mamlakatimizning yetakchi ommaviy axborot vositalari, jami 500 dan ziyod jurnalist tomonidan yoritiladi. Samarqandda ularning samarali faoliyati uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasiga mezbonlik qilish nafaqat diplomatik muvaffaqiyat, balki Oʻzbekistonning xalqaro miqyosda tan olinishida yangi bosqichning ramzi hamdir. Bir vaqtlar Sharq ilmi, sanʼati va taʼlimi markazi boʻlgan bu shahar yana bir bor madaniyatlar va gʻoyalar oʻrtasidagi muloqot uchun global platformaga aylanib bormoqda. Bu Uchinchi uygʻonish davri ruhini va mamlakatning insoniyat uchun barqaror kelajak yoʻlida oʻzaro tushunish va hamkorlikni mustahkamlashga sodiqligini aks ettiradi.
“Dunyo” AA