Oʻzbekiston-Qatar: koʻp qirrali hamkorlik barqaror rivojlantirilmoqda

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Qatar oʻrtasidagi munosabatlar jadal kengayib bormoqda. Xususan, 2024-yilda ikki davlat oʻrtasidagi aloqalar strategik sheriklik maqomiga koʻtarildi.
Bunday faol muloqotning rivojlanishi tomonlarning ham ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish, ham Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo oʻrtasidagi mintaqaviy aloqalarni mustahkamlashdan yuqori manfaatdorligi bilan izohlanadi.
Zero, mamlakatimiz Qatarni Yaqin Sharqdagi istiqbolli iqtisodiy hamkor deb biladi. Oʻzbekiston ham, Qatar ham bu borada hali foydalanilmagan ulkan salohiyatga ega va joriy munosabatlarni faollashtirish ikki davlatning bugungi kun tartibidan oʻrin olgan.
Oʻzbekiston va Qatar Markaziy Osiyoni Koʻrfaz arab mamlakatlari bilan bogʻlovchi eng qisqa, ishonchli va xavfsiz transport-logistika yoʻlaklarini shakllantirishdan manfaatdor.
Shu bilan birga, ikki davlatning tarixi, madaniyati va diniy mushtarakligi, boy maʼnaviy merosi madaniyatlararo muloqotni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qilmoqda.
Qatar zamonaviy Oʻzbekiston hududida yashab ijod qilgan buyuk mutafakkir va olimlarning islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasini, Arabiston yarim oroli va Movarounnahr oʻrtasidagi tarixiy aloqalarni yuksak qadrlaydi.
Ushbu jihatlar madaniyatlararo muloqotni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi va sayyohlik, jumladan, ziyorat turizmi sohasidagi oʻzaro hamkorlik uchun yaxshi istiqbollarni ochadi.
2021-yilning 1-martidan Qatar fuqarolarining Oʻzbekistonga kirishi uchun 10 kunlik vizasiz rejim joriy etildi, 2023-yil iyun oyida esa bu muddat 30 kungacha uzaytirildi. Bu esa oʻz navbatida oʻz navbatida mamlakatimizga ishbilarmonlik va turizm maqsadlarida tashrif buyuruvchilar soning bir necha barobar ortishiga turtki berdi.
Ikki davlat oʻrtasida havo harakatini muvofiqlashtirish boʻyicha imzolangan kelishuvga binoan 2024-yil 2-iyundan boshlab, “Qatar airways” aviakompaniyasi Doxa – Toshkent – Doxa yoʻnalishida toʻgʻridan – toʻgʻri qatnovlarni yoʻlga qoʻydi. Bugungi kunda aviakompaniya mazkur yoʻnalishda haftasiga 4 marotaba qatnovlarni amalga oshirmoqda.
Mazkur bitim nafaqat poytaxtlar balki respublikaning boshqa hududlari bilan ham toʻgʻridan-toʻgʻri qatnovlarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Kelgusida “Qatar airways” aviakompaniyasi yoʻlovchilar talab va istaklaridan kelib chiqib, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi turistik manzillarga ham reyslarni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qatar Davlati Hukumati oʻrtasida havo qatnovi toʻgʻrisida 2021-yil 9-iyunda imzolangan Bitim qoidalariga muvofiq “My Freighter” (Centrum Air) aviakompaniyasi Toshkent – Doxa – Toshkent yoʻnalishida muntazam havo qatnovlarini amalga oshirish uchun tayinlangan tashuvchi sifatida belgilangan.
Bugungi kunda Oʻzbekistonning “Centrum Air” aviakompaniyasi Toshkent – Doha – Toshkent yoʻnalishida talab va taklifga asosan charter qatnovlarini amalga oshirmoqda.
Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, bugungi kunda Oʻzbekiston va Qatar barcha yoʻnalishlarda oʻrnatilgan muloqot darajasini muttasil oshirishga intilmoqda. Bu esa, shubhasiz, samarali oʻzaro manfaatli hamkorlikni davom ettirish va rivojlantirish uchun ikki tomonlama munosabatlar poydevorini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.