Toshkentda “UzCharmExpoEurAsia–2025” – charm, poyabzal, attorlik, qorakoʻl, moʻyna, jun va mahalliylashtirilgan mahsulotlari xalqaro koʻrgazma-yarmarkasi boʻlib oʻtadi

“UzCharmExpoEurAsia–2025” – bu koʻp yillik tajriba, ishonchli sheriklik va muvaffaqiyatli biznes natijalarini birlashtirgan maydon
Shu yilning 28–30-oktyabr kunlari “Oʻzekspomarkaz” MKMda “UzCharmExpoEurAsia–2025” – charm, poyabzal, attorlik, qorakoʻl, moʻyna, jun va mahalliylashtirilgan mahsulotlar 19-xalqaro koʻrgazma-yarmarkasi boʻlib oʻtadi.
Koʻrgazma tashkilotchilari – Savdo-sanoat palatasi, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi va Xalq banki.
“UzCharmExpoEurAsia–2025” – bu koʻp yillik tajriba, ishonchli sheriklik va muvaffaqiyatli biznes natijalarini birlashtirgan maydon.
Koʻrgazma oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish, ishbilarmonlik portfelini yangi loyihalar bilan boyitish hamda kooperatsiya aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, xalqaro brendlarni jalb qilish, soha eksportini kengaytirish va yangi investitsiya imkoniyatlarini ochishda ham muhim platforma hisoblanadi.
Bu yilgi koʻrgazma charm sanoati boʻyicha Yevroosiyo miqyosidagi eng nufuzli biznes va innovatsiya maydoniga aylandi.
Tadbirda Italiya, Turkiya, Latviya, Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston, Belarus, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Pokiston va Moʻgʻuliston kabi mamlakatlardan kelgan 30 dan ortiq kompaniyalar oʻz mahsulotlarini namoyish etmoqda.
Soʻnggi yetti yilda charm-poyabzal sanoati Oʻzbekiston iqtisodiyotining eng faol tarmoqlaridan biriga aylandi. Agar 2017-yilda ishlab chiqarish hajmi 560 milliard soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2024-yilga kelib bu koʻrsatkich 5,5 trillion soʻmga yetdi.
“Made in Uzbekistan” brendi ostidagi mahsulotlar bugun Markaziy Osiyo va MDH bozorlarida yetakchi oʻrinni egallab, xalqaro bozorda raqobatbardosh mahsulot sifatida tan olinmoqda.
Yil davomida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi rahbarligida soha korxonalari 100 dan ortiq xalqaro koʻrgazma va forumlarda ishtirok etdi.
Koʻrgazma xalqaro sheriklikni mustahkamlash, yangi eksport yoʻnalishlarini belgilash va texnologik hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Mahalliylashtirilgan mahsulotlar ekspozitsiyasi alohida pavilyonda namoyish etilmoqda.
Joriy yilda koʻrgazmaga 2000 dan ortiq tashrif buyuruvchi va ishtirokchi kelishi kutilmoqda.
“UzCharmExpoEurAsia–2025” nafaqat kompaniyalar salohiyati, mahsulot assortimenti va sohadagi innovatsiyalar bilan tanishish imkoniyatini yaratadi, balki B2B, G2B va G2G muzokaralar uchun samarali platforma boʻlib xizmat qiladi.
Koʻrgazma doirasida biznes muloqotlar, taqdimotlar, yangi hamkorlik kelishuvlari va loyihalar boʻyicha muzokaralar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, mahsulotlarni xorijga, xususan, Yevropaga yetkazib berishni koʻpaytirish, xalqaro brendlarni jalb qilish, sifat sertifikatlarini joriy etish va kadrlar tayyorlash boʻyicha ham qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.
Uch kun davom etadigan “UzCharmExpoEurAsia–2025” koʻrgazmasida mahalliy charm, poyabzal, attorlik, qorakoʻl, jun va moʻyna sanoati mahsulotlarining eng yaxshi namunalari taqdim etiladi.
“Dunyo” AA