Oʻzbekiston—YEI munosabatlarida yangi bosqich: Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimi

Eldor Tulyakov,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori
Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim (KSHHB/EPCA) 2025-yil 24-oktyabr kuni tantanali tarzda imzolandi. 2019-yil fevral oyida boshlangan va 2022-yil iyul oyida yakunlangan muzokaralar natijasi boʻlgan ushbu hujjat 2022-yil 6-iyul kuni Bryussel shahrida parafirlangan edi. Barcha zarur tartib-taomillar bajarilishiga bir muncha vaqt talab qilganidan soʻng imzolanishi bitimning strategik ahamiyati va ikki tomonlama munosabatlar koʻlamining kengayayotganini tasdiqlaydi. Tuzilma jihatdan 9 ta boʻlim, 356 ta modda va 14 ta ilovadan iborat boʻlgan ushbu kelishuv hamkorlikning deyarli barcha yoʻnalishlarini qamrab oladi.
Bitimning imzolanishi, avvalo, Oʻzbekistonning koʻptomonlama va muvozanatli tashqi siyosatini amaliy natijalar bilan tasdiqlasa, shu bilan birga, mamlakat ichida xalqchil islohotlar, qonun ustuvorligi hamda xalqaro standartlarga uygʻun demokratik tamoyillarni izchil joriy etishga berilgan ijobiy bahodir. Inson huquqlari, ochiq boshqaruv va bozor islohotlarida kuzatilayotgan siljishlar Yevropaga yoʻnaltirilgan sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratdi.
KSHHB iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish uchun aniq yoʻl xaritasini taklif etib, savdo va investitsiyalarni kengaytirish orqali yangi ish oʻrinlari yaratilishiga, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan zamonaviy texnologiyalar va nou-xau jalb etilishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, sanoatni modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish hamda agroqayta ishlash sohasida qiymat zanjirlarini uzaytirishga zamin hozirlaydi.
Taʼlim, fan va sogʻliqni saqlashdagi hamkorlik universitetlararo qoʻshma dasturlar, stajirovkalar, ilmiy grantlar va stipendiyalar koʻlamini kengaytiradi. Raqamli iqtisodiyot va “yashil” texnologiyalar boʻyicha Yevropa tajribasi esa davlat xizmatlari sifati hamda fuqarolar turmush tarziga toʻgʻridan-toʻgʻri ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Huquq ustuvorligi, sud-huquq islohotlari, korrupsiyaga qarshi kurash, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish va kiberxavfsizlik boʻyicha hamjihatlik biznes uchun ishonchli huquqiy muhit va uzoq muddatli sarmoyalar uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Bitim infratuzilmaviy bogʻliqlikni kuchaytirishga ham yoʻnaltirilgan. Yevropa Ittifoqining Global Gateway tashabbusi va Transkaspiy transport yoʻlagi doirasida logistika xablari, “yashil” energetika, suv resurslarini boshqarish va iqlimga moslashuv boʻyicha qoʻshma dasturlar ilgari suriladi. Bu eksportni diversifikatsiya qilish, ichki bozorda raqobatni kuchaytirish hamda sifat va xavfsizlik standartlarini yangi pogʻonaga koʻtarishga xizmat qiladi.
KSHHB, shuningdek, “yashil” va raqamli transformatsiya uchun zarur strategik xomashyolar sohasida hamkorlik eshiklarini ochadi. YEI–Oʻzbekiston oʻrtasida 2024-yilda imzolangan anglashuv memorandumi asosida texnologiyalar zanjiridagi bogʻliqlikni kuchaytirish maqsad qilingan.
Imzolash munosabati bilan qabul qilingan qoʻshma bayonotda tomonlar EPCAni strategik sheriklikni chuqurlashtiruvchi tarixiy hujjat sifatida eʼtirof etdilar. Shu tariqa, xalqaro huquq, BMT Ustavi hamda davlatlarning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga hurmat tamoyillariga sodiqlik tasdiqlandi. YEI–Markaziy Osiyo sammitida belgilangan maqsadlar, shu jumladan Toshkent shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo–YEI Iqtisodiy forumi va Transkaspiy bogʻliqligi boʻyicha investorlar forumi qoʻllab-quvvatlandi.
Tomonlar kiberxavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash, chegara xavfsizligi va gibrid tahdidlarni bartaraf etish yoʻnalishlarida hamkorlikni chuqurlashtirish, Global Gateway doirasida raqamli va barqaror transport bogʻliqligini rivojlantirish hamda strategik xomashyolar sohasida oʻzaro hamjihatlikni kuchaytirishga kelishib oldilar. Parij kelishuvini toʻliq bajarish, Oʻzbekistonning Global Methane Pledge tashabbusiga qoʻshilishi, suv-energetika sohasida innovatsion hamkorlik va Orolboʻyi mintaqasini tiklash boʻyicha qoʻshma saʼy-harakatlar alohida qayd etildi.
Xulosa qilib aytganda, KSHHB tashqi siyosiy yutuqdan ortiq — ichki islohotlarni jadallashtiruvchi samarali dastakdir. U xalq farovonligi, biznesning raqobatdoshligi va mamlakatning xalqaro imijini oshirishga xizmat qiladi. Endi asosiy vazifa — imzolangan majburiyatlarni oʻlchanadigan amaliy natijalarga aylantirish hamda Oʻzbekiston—Yevropa Ittifoqi sherikligini amalda yangi bosqichga olib chiqish.