Oʻzbekiston va YUNESKO: taʼlim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikning yangi bosqichi

Bugungi kunda Oʻzbekiston xalqaro maydonda taʼlim, fan, madaniyat va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirar ekan, bu jarayonda YUNESKO bilan munosabatlar alohida oʻrin tutadi. Mamlakatimiz 1993-yilda YUNESKOga aʼzo boʻlgan boʻlib, bu qadam milliy taʼlim tizimi, ilmiy salohiyat va madaniy merosni dunyo hamjamiyati bilan uygʻunlashtirish yoʻlida muhim tarixi bosqich boʻldi.
1996-yilda Toshkent shahrida YUNESKO vakolatxonasining ochilishi Oʻzbekiston va tashkilot oʻrtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga koʻtardi. Shuningdek, YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi faoliyati yoʻlga qoʻyilib, u barqaror hamkorlikni taʼminlab kelmoqda.
Oʻzbekiston YUNESKO bilan hamkorlik jarayonida taʼlim, fan va sport sohalaridagi xalqaro meʼyor va tamoyillarni izchil tarzda amalga joriy etib kelmoqda. Bu boradagi muhim qadamlardan biri — mamlakatimiz 1997-yilda taʼlim tizimida tenglik va adolatni taʼminlash gʻoyalarini ilgari suradigan, 1960-yilda qabul qilingan “Taʼlim sohasida kamsitishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi konvensiya”ni ratifikatsiya qilganidir. Oʻsha yilning oʻzidayoq Oʻzbekiston 1989-yilda qabul qilingan “Texnik va kasbiy taʼlim toʻgʻrisidagi konvensiya”ga ham qoʻshildi. Bu qadam yoshlarning zamonaviy kasb va malaka egasi boʻlish imkoniyatlarini kengaytirish, taʼlimni hayot bilan chambarchas bogʻlashga xizmat qildi.
Shu tariqa mazkur muhim qadamlar Oʻzbekistonning xalqaro taʼlim makonida oʻz oʻrnini mustahkamlashi, hamda inson salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan siyosatini chuqur ifoda etadi. Ushbu hujjatlarga qoʻshilish Oʻzbekistonning taʼlim sohasida tenglik va sifat, yoshlar salomatligi va sogʻlom turmush tarzini taʼminlash, hamda kasbiy taʼlimni jahon andozalariga mos ravishda takomillashtirish yoʻlidagi qatʼiy pozitsiyasini namoyon etadi.
Oliy taʼlim sohasida malakalarni tan olish toʻgʻrisidagi global konvensiyasi
Ayni paytda mamlakatimiz YUNESKOning Oliy taʼlim sohasida malakalarni tan olish toʻgʻrisidagi global konvensiyasiga qoʻshilish boʻyicha amaliy ishlar olib bormoqda. Ushbu konvensiya xalqaro taʼlim tizimini yaqinlashtirish, diplom va malakalarni oʻzaro eʼtirof etish, talabalar va olimlar mobilligini kengaytirishni koʻzda tutadi. Bu tashabbus mamlakatimiz oliy taʼlim tizimini xalqaro miqyosda yanada ochiq va raqobatbardosh etishga, chet el universitetlari bilan hamkorlikni kengaytirishga hamda oʻzbekistonlik bitiruvchilarning xalqaro mehnat bozorida munosib oʻrin egallashlariga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi YUNESKO bilan hamkorlikda taʼlim va fan sohasidagi ilgʻor gʻoyalarni hayotga tatbiq etish, xalqaro standartlarga muvofiq malakali mutaxassislar tayyorlash yoʻlida izchil saʼy-harakatlarni amalga oshirib kelmoqda. Bu jarayonda mamlakatimiz nafaqat aʼzo davlat sifatida, balki ilmiy-innovatsion tashabbuslarni ilgari surayotgan faol hamkor sifatida namoyon boʻlmoqda.
2021-yil 10-dekabr kuni Toshkent shahrida “Oliy taʼlim sohasidagi malakalarni tan olish toʻgʻrisidagi Konvensiyani qabul qilish va joriy etish maqsadida manfaatdor tomonlar hamkorligini mustahkamlash” mavzusida yuqori darajadagi mutaxassislar uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda milliy va xalqaro ekspertlar, davlat organlari va taʼlim muassasalari vakillari ishtirok etib, Oʻzbekistonning mazkur konvensiyaga qoʻshilishi oliy taʼlim tizimini xalqaro makonga yanada integratsiyalashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
YUNESKO kafedralari
Mamlakatimizda YUNESKO bilan hamkorlikning samarali yoʻnalishlaridan biri — YUNESKO kafedralari faoliyatidir. Hozirda respublika oliy taʼlim muassasalarida YUNESKOning 9 ta kafedrasi faoliyat yuritmoqda. Ularning har biri taʼlim, fan, madaniyat, kommunikatsiya va axborot sohalarida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirish va barqaror rivojlanish gʻoyalarini ilgari surishga xizmat qilmoqda.
Maʼlumki, YUNESKO kafedralari “YUNITVIN” (UNITWIN) dasturi doirasida tashkil etiladi. 1992-yilda ishga tushirilgan mazkur dastur universitetlar oʻrtasida tajriba va bilim almashinuvini ragʻbatlantiradi, global hamkorlikni kengaytirishga koʻmaklashadi. Bugungi kunda ushbu tarmoq 114 ta mamlakatda joylashgan 700 dan ortiq kafedra va ilmiy markazlarni birlashtirgan.
YUNESKO kafedralarining faoliyati, odatda, universitetlarning oʻzi tomonidan moliyalashtiriladi. Bu ularning ilmiy nufuzini oshirish, xalqaro hamjamiyat bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritishga boʻlgan intilishini ifoda etadi.
Oʻzbekistondagi kafedralar faoliyatining yorqin namunasi sifatida Urganch davlat universitetidagi “Barqaror rivojlanish taʼlimi” YUNESKO kafedrasini misol qilish mumkin. Mazkur kafedra tomonidan oʻqituvchilar, ilmiy xodimlar va talabalar ishtirokida nodavlat tashkilotlar hamda xalqaro mutaxassislar bilan hamkorlikda 20 dan ortiq tadbirlar tashkil etildi. Shuningdek, turli ilmiy anjumanlar oʻtkazildi, talabalar almashinuv dasturlari ishlab chiqildi, xalqaro ilmiy maqolalar chop etildi.
Bu kabi loyihalar nafaqat milliy taʼlim tizimining salohiyatini yuksaltirish, balki Oʻzbekistonni jahon ilmiy-maʼrifiy makonida munosib oʻringa chiqarishga xizmat qilmoqda.
Qishloq taraqqiyoti va inson salohiyati: YUNESKO va Yevropa Ittifoqi qoʻllovida
Oʻzbekiston qishloq hududlarida iqtisodiy faollikni oshirish, yoshlarni ish bilan taʼminlash va zamonaviy kasbiy koʻnikmalarni rivojlantirish borasida xalqaro hamkorlikni izchil davom ettirmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan yirik loyihalardan biri — Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan va YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonning qishloq joylarida ishga joylashtirish koʻnikmalarini rivojlantirish” loyihasidir.
2020–2026-yillarga moʻljallangan, umumiy qiymati 9,6 million yevroni tashkil etuvchi mazkur tashabbus YUNESKO va Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi taʼlim islohotlariga ishonchli hamkorligining yorqin namunasidir. Uning asosiy maqsadi — qishloq joylarida mehnat bozori ehtiyojlariga mos, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash orqali barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlashdir.
Loyiha doirasida qishloq xoʻjaligi sohasida kadrlar tayyorlash tizimi tubdan takomillashtirilmoqda. Intensiv bogʻdorchilik, issiqxona va parnik xoʻjaligi, qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash, suv xoʻjaligi va melioratsiya, suv tejovchi sugʻorish tizimlariga xizmat koʻrsatish kabi zamonaviy yoʻnalishlar boʻyicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. Bu yoʻnalishlar qishloq xoʻjaligi tarmogʻida mehnat bozori talablariga toʻliq javob beradigan, amaliyotga yoʻnaltirilgan bilim va koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan.
Loyihaning muhim yoʻnalishlaridan biri — Oʻzbekistonning Milliy professional taʼlim strategiyasini ishlab chiqish hamda qishloq va suv xoʻjaligi sohalari boʻyicha yangi kasbiy standartlar va taʼlim dasturlarini yaratishdir. Shu bilan birga, pilot taʼlim muassasalarini zamonaviy oʻquv jihozlari bilan taʼminlash, laboratoriyalar tashkil etish va taʼlim muhitini tubdan yangilash ishlari amalga oshirilmoqda.
Bu tashabbus doirasida Qoraoʻzak, Qoʻshkoʻpir, Gʻijduvon va Qizirikdagi agrotexnologiya va agroiqtisodiyot texnikumlari pilot taʼlim muassasalari sifatida tanlangan. Ular uchun zamonaviy traktorlar, texnik jihozlar, kompyuterlar va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash uchun muzlatgichlar yetkazib berildi. Shuningdek, toʻrtta ilgʻor kasbiy tayyorgarlik markazi taʼmirlanib, ularni zamonaviy oʻquv va amaliy jihozlar bilan taʼminlash ishlari izchil davom etmoqda.
Loyiha amalga oshirilayotgan davrda mehnat bozori tahlil qilindi va oʻrta boʻgʻin mutaxassislariga boʻlgan ehtiyoj aniqlandi. Shu asosda “Avtomatlashtirilgan suv xoʻjaligi obyektlarini montaj qilish va ularga xizmat koʻrsatish texnigi”, “Zootexniya”, “Issiqxona xoʻjaligini tashkil etish”, “Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ tizimlari texnigi”, “Oʻsimlikshunoslik” va “Fermer xoʻjaligini boshqarish” kabi yoʻnalishlar boʻyicha 2023/2024 oʻquv yili uchun talabalar qabul qilindi.
2024-yil 14-may kuni loyiha doirasida “Sifatni taʼminlash boʻyicha milliy ramkalar” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi. Unda taʼlim sifatini oshirish, kasbiy malaka tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish hamda milliy kadrlar salohiyatini yuksaltirish masalalari muhokama qilindi.
YUNESKOning “Delta Framework” dasturi asosida esa axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha milliy kompetensiyalar shakllantirilmoqda. Ushbu yangiliklar asosida pilot taʼlim muassasalari pedagoglari uchun maxsus oʻquv kurslari tashkil etish rejalashtirilgan.
Bu tashabbus nafaqat taʼlim tizimini modernizatsiya qilish, balki qishloq hududlarida barqaror rivojlanish, mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar yetishib chiqishi va yoshlarning hayot sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Tinchlik va barqaror kelajak yoʻlida fan va innovatsiyalar
Soʻnggi yillarda yurtimizda ilm va innovatsiya sohasida yangicha fikrlash, ilmiy gʻoyalarni hayotga tatbiq etishga boʻlgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Bu jarayonning yorqin namunasi sifatida 2018-yildan boshlab anʼanaga aylangan “InnoWeek.Uz” xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligini tilga olish mumkin. Har yili oʻtkaziladigan ushbu nufuzli tadbir mamlakatimizda ilm va amaliyot uygʻunligini taʼminlash, yoshlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish, shu bilan birga, jahon ilmiy hamjamiyati bilan hamkorlik koʻlamini kengaytirishda muhim platforma boʻlib xizmat qilmoqda.
“InnoWeek.Uz” — yangi fikrlar, ilgʻor gʻoyalar va texnologik yechimlar maydoni. Bu yerda ilmiy salohiyat, ijodkorlik va izlanishga boʻlgan muhabbat bir nuqtada jamlanadi. Ilmiy ishlanmalar orqali kelajakni yaratish, ilm bilan taraqqiyotga yoʻl ochish — ana shu haftalikning asosiy gʻoyasidir.
2024-yilda oʻtgan “InnoWeek.Uz–2024” haftaligi bu jarayonning yangi bosqichiga aylandi. YUNESKO shafeligida tashkil etilgan (Tinchlik va barqaror kelajak yoʻlida fan va innovatsiyalar” (“Science & Innovation for Peaceful and Sustainable Future”) forumida dunyo boʻylab yosh olimlar, tadqiqotchilar va mutaxassislar tinchlik va barqaror kelajak uchun fan va innovatsiyaning oʻrni haqida fikr almashdilar. Ushbu forumda nafaqat ilmiy natijalar taqdim etildi, balki global hamkorlikning yangi yoʻnalishlari ham belgilab olindi.
Yosh olimlar oʻz ilmiy izlanishlari orqali zamonaviy muammolarga yechim topish, inson farovonligiga xizmat qiluvchi texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, tabiat va jamiyat uygʻunligini taʼminlash yoʻlidagi izlanishlari bilan ishtirokchilarni ilhomlantirdilar. Forum davomida innovatsion texnologiyalarning iqtisodiy va ijtimoiy hayotdagi oʻrni, fanning tinchlikni mustahkamlashdagi roli va kelajakdagi ilmiy hamkorlik imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.
YUNESKO bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan barcha tashabbuslar Oʻzbekistonning ilm-fan, taʼlim va madaniyat sohalaridagi islohotlarini yanada chuqurlashtirish, xalqaro hamjamiyat bilan barqaror aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Bugun mamlakatimizda ilm va ijod, anʼana va innovatsiya, milliy qadriyat va zamonaviy yondashuv bir maqsad yoʻlida — taraqqiyot va barqaror kelajak sari birlashmoqda. Bu jarayonda YUNESKO bilan hamkorlik nafaqat taʼlim sifatini oshirish, yoshlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, balki dunyo bilan teng suhbatda boʻlgan, zamonga yuzma-yuz qarab intilayotgan yangi avlodni tarbiyalashga ham xizmat qilmoqda.
YUNESKOning ezgu shiorida aytilganidek, “Tinchlikni taʼlim, fan va madaniyat orqali mustahkamlash” — bugungi Oʻzbekiston olib borayotgan siyosatning ham maʼnaviy, ham amaliy mazmunini ifoda etadi. Mamlakatimiz ana shu yoʻlda izchil qadam tashlab, ilm va maʼrifat orqali tinchlik, taraqqiyot va barqaror kelajak sari intilib bormoqda.
Qoʻngʻirotboy SHARIPOV,
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri