Toshkent-Bryussel: Yevropa Ittifoqi bilan strategik hamkorlikning yangi bosqichi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 oktyabr kuni rasmiy tashrif bilan Bryusselga bordi.
Belgiya va Yevropa Ittifoqi poytaxti – Bryussel umumevropa siyosati va iqtisodiy kun tartibini shakllantirishda muhim rol oʻynaydi. Bryussel nafaqat Yevropaning siyosiy markazi, balki yetakchi xalqaro tashkilotlar, diplomatik missiyalar va moliyaviy institutlar manfaatlari kesishadigan nuqtadir. Aynan shu yerda YEI rivojlanishining asosiy yoʻnalishlari va tashqi hamkorlar bilan aloqalarini belgilovchi qarorlar qabul qilinadi.
Boshlagan tashrif Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar va hamkorlik tarixida hal qiluvchi bosqich boʻladi, deb aytish mumkin. Tashrif doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan jadal islohotlar va tashqi siyosiy faoliyatni aks ettiruvchi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishga qaratilgan Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi yangi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolanishi rejalashtirilgan. Yevropa hamjamiyatlari bilan aloqalar 1992-yil 15-aprelda Oʻzbekiston hukumati va Yevropa Ittifoqi komissiyasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolanishi bilan boshlandi. Diplomatik munosabatlar 1994-yil 16-noyabrda oʻrnatildi, 1995-yilda esa Bryusselda Oʻzbekiston elchixonasi ochildi, u ham Yevropa Ittifoqidagi vakolatxona vazifasini bajaradi. 2011-yildan buyon Toshkentda Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi faoliyat yuritmoqda.
Oʻshandan beri Yevropa Kengashi prezidentining Oʻzbekistonga uchta tashrifi – 2019, 2022 va 2025-yillarda, shuningdek, Yevropa Komissiyasi prezidentining 2025-yilda tashrifi amalga oshirildi.
Oʻzbekiston “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formati doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda. 2023-yilning 2-iyun kuni Choʻlponota shahrida Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlarining uchrashuvi doirasida Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishel bilan uchrashdi. Oʻzbekiston Prezidenti 2023-yil 18-sentyabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi ishtiroki doirasida ham Yevropa Kengashi prezidenti bilan uchrashdi. Oʻzbekiston Prezidentining Yevropa Kengashi prezidenti bilan BMTning iqlim boʻyicha sammitlaridagi ishtiroki doirasida 2023-yil 1-dekabrda Dubayda va 2024-yil 12-noyabrda Bokuda navbatdagi uchrashuvlari boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2025-yil 4-aprel kuni Samarqand shahrida Yevropa kengashi va Yevropa komissiyasi Prezidentlari Antoniu Koshta va Ursula fon der Lyayen, shuningdek, Markaziy Osiyo davlat rahbarlari ishtirokida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi”ning birinchi sammiti boʻlib oʻtdi. 2025-yil 4-aprelda Samarqand iqlim forumining ochilishida Yevropa Ittifoqi yetakchilari ham ishtirok etdi. “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti yakunlari boʻyicha munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga koʻtarishni eʼlon qiluvchi Qoʻshma deklaratsiya hamda muhim xom ashyo sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish niyatlari toʻgʻrisidagi deklaratsiya qabul qilindi.
Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi munosabatlarda erishilgan asosiy yutuqlardan yana biri mamlakatimizning umumiy imtiyozlar tizimi – GSR+ doirasida benefitsiar maqomiga ega boʻlishi boʻldi. Bu tizim Oʻzbekiston mahsulotlarini Yevropa bozoriga imtiyozli shartlarda eksport qilishga yoʻl ochdi. Ushbu maqom nafaqat Oʻzbekistonning Yevropaga eksporti oʻsishini ragʻbatlantirdi, balki mamlakatning inson huquqlari, mehnat standartlari, atrof-muhit muhofaza qilish va samarali boshqaruv sohalaridagi yutuqlarini eʼtirof etilishiga xizmat qildi.
Iqtisodiyot, savdo va investitsiyalar boʻyicha Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi quyi qoʻmitasi savdo-iqtisodiy masalalarda oʻzaro hamkorlikning muhim mexanizmi hisoblanadi.
2024-yilda Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 6,4 milliard dollarni tashkil etdi. 2025-yilning yanvaridan avgustigacha bu koʻrsatkich 4,5 milliard dollardan oshdi, Yevropa kompaniyalari bilan amalga oshirilgan loyihalar portfeli esa 30 milliard yevroga yetdi. Oʻzbekistonning strategik hamkorlari qatoriga “Siemens”, “Linde Group”, “CLAAS”, “Airbus”, “Basf”, “Alstom”, “Total”, “Orano”, “OTP Group” va boshqalar kiradi. Oʻzbekistonda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari sarmoyasi ishtirokidagi 1069 ta korxona, shu jumladan, 304 ta korxona 100 foiz Yevropa kapitali bilan faoliyat yuritmoqda.
YEI Oʻzbekistonning mintaqada demokratik oʻzgarishlar, bozor islohotlari va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari yoʻlidagi tashabbuslarini izchil qoʻllab-quvvatlaydi. Bryussel Markaziy Osiyoda energetika va transport infratuzilmasi, suv resurslari, raqamlashtirish va taʼlimni rivojlantirish loyihalarida faol ishtirok etib, Oʻzbekistonni mintaqadagi asosiy hamkor sifatida koʻradi.
Yevropa Ittifoqi bilan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik ham jadal surʼatlarda rivojlanmoqda. Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining 2021 2027-yillarga moʻljallangan “Erazmus+” taʼlim dasturi va 2021-2027-yillarga moʻljallangan “Horizon Europe” ilmiy-tadqiqot dasturining faol ishtirokchisi hisoblanadi.
Yangi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimning imzolanishi Oʻzbekistonning Yevropa bilan oʻzaro tushunish, ochiqlik va ishonchni mustahkamlashga qaratilgan izchil tashqi siyosatining mantiqiy davomi boʻladi. Hujjat savdo va sarmoyadan tortib, fan, texnologiya, madaniyat va atrof-muhitni muhofaza qilishgacha boʻlgan keng koʻlamli sohalarni qamrab oladi.
Ushbu kelishuv nafaqat iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish, balki siyosiy muloqotni kengaytirish, barqaror rivojlanishni taʼminlash, global muammolarga birgalikda javob berish vositasi boʻlib xizmat qiladi. Bu Oʻzbekistonning pragmatik va tinchlikparvar siyosat olib boruvchi ishonchli sherik sifatida tan olinishi ramzidir.
Tashrif doirasida davlatimiz rahbari Belgiya Qiroli Filipp bilan uchrashadi. Belgiya Oʻzbekistonning Yevropadagi asosiy hamkori hisoblanadi.
Oʻzbekiston va Belgiya oʻrtasidagi munosabatlar oʻzaro hurmat va ishonch asosida rivojlanib bormoqda. Keyingi yillarda siyosiy muloqot faollashdi, iqtisodiy aloqalar kuchaydi, gumanitar hamkorlik kengaydi. Mamlakatlar savdo, investitsiya, innovatsiyalar, “yashil” energiya, logistika, taʼlim, madaniyat va boshqa sohalarda konstruktiv hamkorlikni davom ettirmoqda.
Belgiya tomoni Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida iqtisodiyotni liberallashtirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, hukumat ochiqligini oshirishga qaratilgan islohotlar samaralarini ijobiy baholaydi. Bryussel rasmiy Toshkentning jamiyatning barcha jabhalarini modernizatsiya qilish borasidagi saʼy-harakatlarini olqishlab, bu islohotlar barqaror rivojlanish va Oʻzbekistonga xalqaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.
Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Prezidentining Bryusselga boshlangan rasmiy tashrifi va Yevropa Ittifoqi bilan keng qamrovli yangi Bitimning imzolanishi oʻzbek diplomatiyasi tarixida muhim voqea boʻladi. Bu qadam Oʻzbekistonning Yevropadagi mavqeini mustahkamlabgina qolmay, hamkorlikni yanada rivojlantirish, sarmoyalarni jalb etish, yangi texnologiya va gʻoyalar almashish uchun kuchli turtki boʻlib xizmat qiladi. Belgiya va Yevropa poytaxti hamda xalqaro diplomatiya markazi boʻlgan Bryussel Yevropaning Oʻzbekistonga ishonchi ortib borayotgani, uning Yevroosiyoda barqarorlik, barqaror rivojlanish va oʻzaro hamjihatlikni taʼminlashdagi muhim roli eʼtirof etilgan maydonga aylanadi.
“Dunyo” AA