Oʻzbekiston va Belgiya: “yashil” hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar

Oʻzbekiston xalqaro ekologik hamkorlikni faol rivojlantirishda davom etmoqda. Bu borada mamlakat tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va atrof-muhitni muhofaza qilishning barqaror yechimlarini izlashga alohida eʼtibor qaratmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Belgiya oqilona tabiiy resurslardan foydalanish va “yashil” innovatsiyalar sohasida katta tajribaga ega istiqbolli hamkor sifatida koʻrilmoqda.
Hamkorlik sari tashlangan dastlabki qadam — Oʻzbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi delegatsiyasining 2024-yil oktyabr oyida Belgiyaning Bryugge shahrida oʻtkazilgan Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining (IUCN) mintaqaviy forumida ishtirok etganligidir. Mazkur forum ikki davlat mutaxassislari oʻrtasida fikr almashish va hamkorlik yoʻnalishlarini muhokama qilish uchun muhim maydon boʻldi.
Belgiya Yevropada chiqindilarni boshqarish, resurslarni qayta ishlash va sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish borasida yetakchi davlatlardan biri sifatida tan olingan. Ushbu tajriba Oʻzbekiston uchun ham dolzarb boʻlib, mamlakatda chiqindilarni qayta ishlash va “yashil” energetika sohalarida zamonaviy yondashuvlar faol joriy etilmoqda.
Shuningdek, suv resurslariga oid masalalarga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Har ikki davlat suv tanqisligi muammosiga duch kelmoqda. Shu bois Belgiyaning Shelda va Maas kabi transchegaraviy daryolarni boshqarish tajribasi Oʻzbekiston uchun suv resurslaridan foydalanish va suv sifatini monitoring qilish tizimlarini takomillashtirishda foydali namuna boʻlishi mumkin.
Hamkorlikning alohida yoʻnalishlaridan biri — ilm-fan va taʼlimdir. Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (“Green University”) Belgiya yetakchi oliy oʻquv yurtlari — “Catholic University of Leuven”, “Ghent University”, “University of Liège” va “University of Antwerp” bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqda. Mazkur oliy oʻquv yurtlari ekologik yoʻnalishlar va tadqiqotlar boʻyicha jahonning yetakchi universitetlari qatoriga kiradi. Bu esa talabalar, olimlar almashinuvi va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Bundan tashqari, belgiyalik hamkorlar 2025-yil 24-noyabrdan 5-dekabrgacha Samarqandda boʻlib oʻtadigan “Yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo toʻgʻrisidagi konvensiya” konferensiyasining 20-yigʻilishi (CITES COP20) hamda 2026-yil iyun oyi boshida oʻtkazilishi rejalashtirilgan “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro koʻrgazmasiga taklif etildi.
Belgiya bilan hamkorlik Oʻzbekistonda ekologik tashabbuslarni yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion yondashuvlarni joriy etish va iqlim, bioxilma-xillik hamda “yashil” iqtisodiyot sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga yordam beradi. Bularning barchasi — barqaror va ekologik jihatdan xavfsiz kelajak sari muhim qadamdir.
Mahmud Haydarov,
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi
Xalqaro hamkorlik va reytinglar boshqarmasi bosh mutaxassisi