Oʻzbekiston va Finlyandiya oʻrtasida ekologiya hamda barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlik istiqbollari

Oʻzbekiston va Finlyandiya ekologiya, atrof-muhitni barqaror boshqarish va iqlim oʻzgarishi sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish uchun salmoqli salohiyatga ega. Ikki mamlakat atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari vakillari xalqaro tashkilotlar va taraqqiyot banklari koʻmagida tashkil etilayotgan xalqaro anjumanlar, forumlar, loyihalar orqali faol hamkorlik qilmoqda.
Oʻzbekiston Gidrometeorologiya xizmati agentligi, Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi va Finlyandiya meteorologiya instituti oʻrtasidagi qoʻshma loyiha amaliy hamkorlikning yorqin namunasidir. Umumiy qiymati 2 million dollar boʻlgan loyiha Oʻzbekiston gidrometeorologiya xizmati salohiyatini oshirish, mutaxassislarga ob-havo sharoiti va tabiiy ofatlarni bashorat qilishning zamonaviy usullarini oʻrgatish, iqlim xizmatlari tizimi va iqlim oʻzgarishiga moslashish choralarini ishlab chiqishga qaratilgan.
Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Finlyandiya bilan kelajakdagi oʻzaro anglashuv memorandumi uchun asos boʻlishi mumkin boʻlgan bir qator istiqbolli yoʻnalishlarni belgilab oldi. Oʻrmonlarni barqaror boshqarishda hamkorlik ustuvor yoʻnalishlardan biri boʻlishi mumkin. Finlyandiya hududining 70 foizdan ortigʻi oʻrmonlar bilan qoplangan va uning yogʻoch zaxiralari butun dunyo boʻylab 0,5 foizni tashkil qiladi. Oʻrmon xoʻjaligida davlat-xususiy sheriklik boʻyicha Finlyandiya tajribasi va oʻrmon ekotizimlarini saqlashning samarali mexanizmlarini oʻrganish Oʻzbekistonga oʻzining yashil maydonlarini koʻpaytirish va tabiiy hududlarni muhofaza qilish boʻyicha yondashuvlarini takomillashtirishga yordam beradi.
Sirkulyar iqtisodiyotda tajriba almashish ham muhimdir. Finlyandiya yopiq ishlab chiqarish va isteʼmol sikllariga oʻtish boʻyicha milliy yoʻl xaritasini ishlab chiqqan birinchi davlatlardan biridir. Chiqindilarni boshqarish va qayta ishlashning zamonaviy tizimini rivojlantirayotgan Oʻzbekiston uchun Finlyandiyaning barqaror ishlab chiqarish amaliyotini oʻrganish yashil rivojlanish yoʻlidagi muhim qadam boʻlishi mumkin.
Havo sifati boʻyicha hamkorlik ham katta qiziqish uygʻotmoqda. Finlyandiya samarali monitoring tizimi va qatʼiy atrof-muhit nazorati tufayli haqli ravishda dunyodagi yeng havosi toza mamlakatlardan biri hisoblanadi. Ifloslantiruvchi moddalarni monitoring qilish va chiqindilarni kamaytirish uchun Finlyandiya texnologiyalaridan foydalanish Oʻzbekiston shaharlarida havo sifatini yaxshilashga yordam berishi mumkin. Iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash boʻyicha tajriba almashish, ayniqsa, muhim sanaladi. Finlyandiya 2035-yilgacha uglerod neytralligiga erishishni maqsad qilgan va uning emissiyalarni kamaytirish hamda iqlim muammolariga moslashishga yondashuvi Oʻzbekiston uchun Parij kelishuvi doirasida iqlim boʻyicha oʻz tashabbuslarini amalga oshirishda foydali boʻlishi mumkin.
Ilmiy-taʼlim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratish taklif etilmoqda. Oʻzbekiston Ekologiya vazirligi Finlyandiya universitetlari hamda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (“Green University ”) oʻrtasida aloqalarni yoʻlga qoʻyishdan manfaatdor. Akademik almashinuv dasturlarini amalga oshirish, qoʻshma tadqiqotlar, yashil taʼlim texnologiyalarini rivojlantirish mintaqada ekolog va iqlimshunoslarning yangi avlodini tayyorlashga xizmat qiladi.
Bioxilma-xillikni asrash va alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish boʻyicha hamkorlik ham muhim yoʻnalish hisoblanadi. Finlyandiya ushbu maqsadlar uchun oʻz hududining 13,3 foizini ajratadi va 2030-yilga borib bu koʻrsatkichni 30 foizga yetkazmoqchi. Bu tajriba qoʻriqxonalar va milliy bogʻlar tarmogʻini kengaytirish dasturini faol amalga oshirayotgan Oʻzbekiston uchun katta ahamiyatga ega.
Oʻzbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Finlyandiya Atrof-muhit va iqlim vazirligi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumning imzolanishi ushbu hamkorlikni mustahkamlash yoʻlidagi mantiqiy qadam boʻladi. Ikki mamlakat oʻrtasidagi qoʻshma tashabbuslar innovatsiya va ilmiy salohiyatni umumiy maqsad — tabiatni asrash, iqlim oʻzgarishiga chidamlilikni oshirish va barqaror kelajakni qurish sari birlashtiradi.
Anvar Tursunaliyev,
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi
Xalqaro hamkorlik va reytinglar boshqarmasi bosh mutaxassisi