Fargʻona shahrida Fargʻona tinchlik forumining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtadi

Joriy yilning 15-16-oktyabr kunlari “Fargʻona vodiysi: tinchlik va taraqqiyot yoʻlida birdamlik” mavzusida Fargʻona tinchlik forumining birinchi yigʻilishi oʻtkaziladi.
Kelasi hafta Fargʻona bir necha kun mobaynida xalqaro muloqot va hamkorlik markaziga aylanadi.
Forum Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan Progressiv islohotlar markazi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT), Suv resurslarini boshqarish xalqaro instituti hamda tinchlik va ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlash masalalariga ixtisoslashgan nufuzli xalqaro tuzilmalarni birlashtiruvchi platforma - Tinchlikni barpo etish xabi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Tadbir, shuningdek, Qirgʻiziston Prezidenti huzuridagi Strategik tashabbuslar milliy instituti, Tojikiston Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi, Tojikiston Milliy fanlar akademiyasining Osiyo va Yevropa mamlakatlari muammolarini oʻrganish instituti bilan hamkorlikda BMT va Yevropa Ittifoqi koʻmagida oʻtkazilmoqda.
Ikki kun davom etadigan anjumanda Markaziy Osiyo, MDH, Osiyo, Yevropa va Amerika mamlakatlaridan 300 dan ortiq ishtirokchi qatnashadi.
Faxriy mehmonlar qatorida BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Eduards Stiprays, YEXHT Nizolarning oldini olish markazi direktori Keyt Firon, OHICHK bosh kotibi Qayrat Saribay, SHHT bosh kotibi oʻrinbosari Xan Soxayl, BMTning Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistondagi doimiy koordinatorlari bor.
Boʻlajak yigʻilishning asosiy oʻziga xos jihati uning inklyuziv xarakterida namoyon boʻladi. Unda fuqarolik jamiyati institutlari, yoshlar va ayollar tashkilotlari, shuningdek ekspert hamda akademik doiralar vakillari faol ishtirok etadilar.
Shuningdek, tinchlik oʻrnatish sohasidagi yetakchi xalqaro tashkilotlar, jumladan, Germaniyaning Bergxof jamgʻarmasi, Martti Axtisaari nomidagi Finlyandiya tinchlik jamgʻarmasi, Shveysariyaning PeaceNexus jamgʻarmasi, Stokgolm tinchlik muammolarini oʻrganish xalqaro instituti (Shvetsiya) ishtirok etishi koʻzda tutilgan.
Forumning asosiy maqsadi muloqot, oʻzaro ishonch, yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash va Fargʻona vodiysini rivojlantirishning umumiy strategiyasini ishlab chiqish uchun doimiy faoliyat yurituvchi platformani yaratishdan iborat.
Tadbir kun tartibidan Fargʻona vodiysining barqarorligi va izchil rivojlanishini taʼminlash, uning iqtisodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, xususiy sektor, yoshlar va fuqarolik jamiyatining rolini kengaytirish masalalari oʻrin olgan.
Fargʻona tinchlik forumi shafeligida qirgʻizistonlik hamkorlar va Tinchlikni barpo etish xabi koʻmagida ilk bor “Intimak kuni” (Birdamlik kuni) tashkil etiladi.
Forumdan kutilayotgan natijalar qatorida Fargʻona vodiysini doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va barqaror rivojlanishning yagona makoni sifatida shakllantirishga daʼvat etuvchi Kommyunike qabul qilinishi ham nazarda tutilgan.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida soʻzlagan nutqida “Markaziy Osiyoda yopiq chegaralar, hal etilmagan nizolar, mojarolar davri oʻtmishda qoldi. Keyingi yillarda mintaqamizda oʻzaro tovar ayirboshlash, sarmoya va transport hajmi 5 barobar oshdi. Mamlakatimizda qoʻshma investitsiya fondlari, chegara savdosi va sanoat kooperatsiyasi, yirik loyihalar amalga oshirilmoqda”, deya taʼkidladi.
Davlatimiz rahbari qayd etganidek, “bugungi kunda Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlandi. Oʻzining jipsligi, barqarorligi va oʻsib borayotgan mintaqaviy oʻziga xosligi bilan xalqaro munosabatlar tizimida mustaqil subekt sifatida tobora mustahkam oʻrin egallamoqda”.
“Fargʻona vodiysida tinchlik Oʻzbekiston, Qirgʻiziston hamda Tojikiston yetakchilarining qatʼiy siyosiy irodasi, shuningdek, mavjud tafovutlarni oʻzaro hamkorlik va kuch manbaiga aylantira olgan mahalliy hamjamiyatlarning fidokorona saʼy-harakatlari natijasida taʼminlandi,” – deya taʼkidladi SMTI direktori Eldor Aripov boʻlajak tadbirga izoh berar ekan.
Uning soʻzlariga koʻra, “Fargʻona forumi Fargʻona vodiysini tinchlik, totuvlik va keng imkoniyatlar makoni sifatida yangi qiyofada namoyon etishga qaratilgan boʻlib, davlat rahbarlarining siyosiy irodasi hamda xalqlar oʻrtasidagi birdamlik mintaqaning barqarorligi va farovonligini taʼminlashga qodir ekanini koʻrsatadi”.
“Dunyo” AA