Oʻzbekiston tashabbuslari Turkiy davlatlar tashkiloti transformatsiyasida yangi bosqichni boshlashga xizmat qiladi

Joriy yilning 6-7-oktyabr kunlari Ozarbayjonning Gabala shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) navbatdagi 12-sammiti boʻlib oʻtdi. Tadbirda soʻzga chiqib, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir qator dolzarb masalalarga eʼtibor qaratdi, hamkorlikni rivojlantirish uchun nihoyatda muhim boʻlgan tashabbuslarni ilgari surdi.
Mazkur takliflar TDT doirasidagi barcha hamkorlik yoʻnalishlarini
va muhokama markazidagi umumturkiy yirik loyihalarni qamrab oldi. Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan gʻoyalar Oʻzbekistonning “Turkiy dunyo” bilan munosabatlarni faollashtiruvi taktik emas, balki uzoqni koʻzlovchi – strategik maqsadlarga xizmat qilishini yana bir bor tasdiqladi.
Chunki Davlat rahbari oʻz nutqida bir qator yirik yoʻnalishlardagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhimligini taʼkidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning ilgari surgan takliflari TDT formatida kuzatilayotgan ijobiy transformatsion oʻzgarishlarni yanada mustahkamlashi kutilmoqda.
Bu, birinchi navbatda, turkiy davlatlar siyosiy birdamligi
va jipsligining kuchayishida oʻz ifodasini topadi. Hususan, boʻlib oʻtgan
12-sammit doirasida Davlat rahbari Turkiy davlatlar oʻrtasida strategik sheriklik, abadiy doʻstlik va qardoshlik toʻgʻrisidagi shartnomani
qabul qilish tarafdori ekanligini taʼkidladi.
Bu gʻoya ishtirokchi davlatlar rahbarlari tomonidan iliq kutib olindi. Sababi yuqoridagi bitim hamkorlikni rivojlantirish yoʻlida asosiy siyosiy hujjat sifatida qardosh xalqlarni yanada yaqinlashtirishi, amaliy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda mustahkam zamin boʻlib xizmat
qilishi kutilmoqda.
Qolaversa, yuqoridagi xujjatning kabul qilinishi Oʻzbekistonning
TDT doirasida shunchaki ishtirokchi davlat emas, balki turkiy makondagi davlatlararo munosabatlarning istiqboldagi yangi modelini shakllantirishdagi asosiy subyektlardan biri boʻlayotganligi haqidagi qarashlarni toʻlaqonli tasdiqlaydi.
Chunki Oʻzbekiston oʻtgan yilgi TDT 11-sammitida qabul qilingan “Turkiy dunyo xartiyasi”ning muallifi hisoblanadi.
Bundan tashqari, mamlakatimiz ikkitomonlama hamkorlik formatida
ham qardosh davlatlar bilan munosabatlarni shartnomaviy-huquqiy jihatdan boyitish yoʻlidan ketmoqda.
Jumladan, agar 2019-yil Oʻzbekiston TDTga doimiy aʼzo boʻlib kirgan boʻlsa, shu bugunga qadar boʻlgan tarixan qisqa muddat mobaynida, mamlakatimiz tashkilot ishtirokchisi boʻlgan barcha taraflar bilan munosabatlarga
yangi maqom berishga ulgurdi.
Bu Qozogʻiston va Ozarbayjon bilan aloqalarni ittifoqdoshlik,
Turkiya va Qirgʻiziston bilan koʻptomonlama strategik hamkorlik, Turkmaniston va Vengriya bilan strategik sherikchilik darajasiga koʻtarganligimizda yaqqol aks etadi.
Shu oʻrinda, taʼkidlash lozimki, yuqoridagi xujjatlar amaliy ahamiyatga
ega boʻlishi uchun davlatlararo munosabatlar koʻptomonlama manfaatli boʻlgan yirik iqtisodiy loyihalar bilan boyitilishi lozim.
Shuning uchun Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida iqtisodiy masalalarga ustuvor yoʻnalish sifatida eʼtibor qaratdi. U mamlakatlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishni asosiy yoʻnalish sifatida koʻrishini bildirdi. Bu soʻzlar barcha ishtirokchi davlatlarga iqtisodiy kun tartibini kengaytirish muhimligi haqidagi qatʼiy chorlov boʻlib yangradi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Prezidenti Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirish muhimligini taʼkidladi. Ushbu taklif, birinchi navbatda, savdo, biznes va oʻzaro investitsiyalar uchun eng qulay sharoitlarni, huquqiy baza va infratuzilmani yaratishni nazarda tutadi.
Mazkur gʻoyani amalga oshirish boʻyicha esa ishtirokchi davlatlarga
aniq institutsional mexanizmlarni yaratish lozimligi taʼkidlandi.
Jumladan, Davlat rahbari Bosh vazirlar oʻrinbosarlari tomonidan boshqariladigan Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik boʻyicha doimiy kengashini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Sanoat alyansini tuzish va “Yashil transformatsiya” konsorsiumini yaratish kabi takliflar ham bildirildi.
Oʻzbekiston Prezidenti eʼtibor qaratgan yana bir iqtisodiy yoʻnalish – transport sohasidir. Jumladan, Davlat rahbari TDT aʼzolari tomonidan amalga oshirilayotgan Oʻrta koridorda Oʻzbekiston ishtiroki muhimligini tasdiqlab, mazkur transport yoʻlagini toʻldirishi mumkin boʻlgan loyihalarga eʼtibor qaratdi.
Shavkat Mirziyoyev soʻzlariga koʻra, Oʻrta koridor hozirda qurilayotgan Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻli va istiqbolli Transafgʻon yoʻlagi bilan bogʻlansa, keng mintaqamizda koʻp tarmoqli, strategik magistrallar tizimini yaratishga erishiladi.
Qolaversa, maqbul tranzit tariflarini qoʻllash, raqamlashtirilgan bojxona tartibotini joriy qilish va xalqaro tranzit yoʻlaklarini rivojlantirishda muvofiqlashtirilgan siyosat olib borish zarurligi taʼkidlandi.
Yuqoridagi barcha gʻoyalar Oʻzbekiston iqtisodiy hamkorlikning moddiy asoslarini yanada kuchaytirishning yirik tashabbuskorlaridan
biri ekanligini koʻrsatadi.
Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatimiz tub manfaatlariga toʻliq javob beradi. Chunki bugungi kunda Oʻzbekiston iqtisodiy farovonligi va ijtimoiy barqarorligini taʼminlashda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlikning ahamiyati yuqori boʻlib qolmoqda.
Bu bir qancha omillar bilan bogʻliq.
Birinchidan, aʼzo davlatlarning Oʻzbekiston tashqi iqtisodiy aloqalar tizimidagi oʻrni ortib bormoqda. 2024-yilgi soʻnggi koʻrsatkichlarga koʻra, mamlakatimizning “Turkiy dunyo” davlatlari bilan savdo ulushi qariyb
10 milliard dollarga yaqinlashdi. Mazkur koʻrsatkich Oʻzbekiston umumiy tashqi savdosining 15%iga toʻgʻri keladi. Bu esa, oʻz navbatida, TDTga aʼzo va kuzatuvchi maqomidagi davlatlar guruhi birgalikda Oʻzbekistonning Xitoy va Rossiyadan keyingi uchinchi muhim savdo sherigi ekanligini koʻrsatmoqda.
Boz ustiga turkiy makon savdo sherigi sifatida boshqa hamkorlardan
oʻz ustuvorliklariga ega.
Chunki Oʻzbekistonning TDT bilan savdo aylanmasida eksport va import xajmi nisbatan muvozanatlashgan. Shuningdek, savdo strukturasi ham diversifikatsiyalashgan. Yaʼni, Oʻzbekiston eksportida qoʻshimcha qiymatli tayyor mahsulotlar segmenti ustunlik qiladi.
Qolaversa, turkiy mamlakatlar Oʻzbekistondagi ichki iqtisodiy faollikni ragʻbatlantirish va yangi ish oʻrinlarini yaratishda muhim rol oʻynamoqdalar. Masalan, mamlakatimizdagi TDT aʼzolari kapitali ishtirokidagi korxonalar soni izchil oʻsish dinamikasini namoyon etmoqda.
2025-yilda ularning miqdori 4 mingga yaqinlashdi. Bu 2019-yilga nisbatan
60% oʻsishni anglatadi. Natijada endilikda Oʻzbekistonda chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar umumiy miqdorining 20% i TDTga toʻgʻri kelmoqda.
Ikkinchidan, TDT aʼzolari oʻrtasida iqtisodiy hamkorlikning hali toʻliq roʻyobga chiqarilmagan yirik imkoniyatlari mavjud.
Jumladan, TDT davlatlari oʻzlarining katta inson kapitali,
xom ashyo resurslari va sanoat potensialiga ega ekanliklaridan unumli foydalangan holda ustuvorlikka ega sohalarda sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyishlari mumkin.
Mazkur jarayonlar umumturk brendining vujudga kelishiga olib kelishi mumkin. Natijada TDT makonida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning jahon bozoridagi raqobatbardoshligi bir necha barobar ortadi.
Shu oʻrinda bugungi kunda sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash uchun barcha qulay sharoitlar mavjudligini ham alohida eʼtiborga olish lozim.
Bu birinchi navbatda turkiy davlatlarning strategik muhim geografik joylashuvi bilan bogʻliq.
Turkiy makon mamlakatlari geografik afzalliklaridan samarali foydalanish orqali xalqaro savdo munosabatlari va global taʼminot zanjirlaridagi tarixiy yetakchi maqomlarini tiklashlari mumkin.
Shu bilan birga, TDT aʼzolarining turli iqtisodiy birlashmalardagi ishtiroklari ularga uchinchi davlat bozorlariga chiqish imkonini
yanada yengillashtiradi.
Masalan, Qozogʻiston va Qirgʻiziston Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi aʼzolaridir. Oʻzbekistonda Janubiy Osiyo bilan hamkorlik uchun infratuzilma mavjud. Ozarbayjonning Kaspiy dengizida portlari bor. Vengriya Yevropa Ittifoqining aʼzosi. Turkiya, garchi Yevropa Ittifoqi aʼzosi boʻlmasada, 1995-yildan beri Yevropa bojxona ittifoqining bir qismidir.
Bundan tashqari, TDT mamlakatlari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasining muvaffaqiyatli namunalari allaqachon mavjud.
Masalan, UzAuto Motors, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Ozarbayjondagi hamkorlari bilan birgalikda bir qancha Chevrolet avtomobil ishlab chiqaruvchi zavodlarni tashkil etdi. Oʻzbekiston toʻqimachilik korxonalari LC Waikiki va DeFacto kabi turk brendlari uchun kiyim-kechak ishlab chiqaradi.
Oʻzbekistonning Global Textile kompaniyasi hozirda Ozarbayjonda toʻqimachilik klasteri loyihasini faol rivojlantirmoqda. Loyiha paxta yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulotgacha boʻlgan barcha ishlab chiqarish siklini qamrab oladi.
Oʻz navbatida, Oʻzbekistonda Ozarbayjonning Matanat-A kompaniyasi ishtirokida umumiy byudjeti 100 million dollarga teng loyiha – qurilish materiallari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmoqda.
Bu sanoat kooperatsiyasi va texnologiyalar transferiga yana bir misol boʻlmoqda. Oʻzbekiston bunday hamkorlik aloqalarini rivojlantirishdan va kooperatsion jarayonlarga tizimlilik berish manfaatdor.
Shuning uchun ham Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik boʻyicha doimiy kengashini tashkil etish va Sanoat alyansini tuzish kabi bir-birini toʻldiruvchi takliflarni
ilgari surdi.
Shu orqali Oʻzbekiston umumturk tizimlashgan sanoat kooperatsiyasini yaratishda tamal toshini qoʻymoqda. Chunki yuqoridagi takliflar sanoat yoʻnalishidagi hamkorlikning institutsional-tashkiliy asoslarini mustahkamlaydi: aniq vakolatlarga ega va hisobdor tuzilmalar vujudga keladi.
Mazkur omillardan koʻrinib turibdiki, Oʻzbekistonning iqtisodiyot sohasidagi tashabbuslari katta maqsadlardan tezkor harakatlarga oʻtish va aniq natijalarga erishishga qaratilgan.
Uchinchidan, Oʻzbekiston TDT doirasida amalga oshirilayotgan transport yoʻlaklaridan asosiy manfaatdor boʻlgan davlatlardan biri sanaladi. Mamlakatning tashqi iqtisodiy strategiyasida dengiz portlariga chiqish va yangi bozorlarga kirib borish kabi maqsadlar ustuvorlik kasb etadi.
Shu orqali mamlakat tashqi iqtisodiy aloqalar geografiyasini diversifikatsiya qilishi, eksportni ragʻbatlantirishi va ichki ishlab chiqarishni kuchaytirishi mumkin.
Mazkur maqsadlar roʻyobi Oʻzbekistonning hozirgi taraqqiyot boschiqida, shuningdek iqtisodiy oʻsishning yuqori koʻrsatkichlari muntazamligiga erishish va aholining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligini taʼminlashda beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Shuning uchun ham mamlakat TDT doirasida transport-kommunikatsiyaviy bogʻliqlik kuchayishining faol tarafdorlaridan sanaladi. Boz ustiga
Oʻrta koridorning oʻrni Oʻzbekiston tashqi savdo aloqalarida allaqachon
ortib bormoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, 2024-yilda Boku porti orqali amalga oshirilayotgan Oʻzbekiston yuk aylanmasining xajmi 1 million tonnaga yetdi. Mazkur yoʻnalish Oʻzbekistonni Ozarbayjon, Turkiya va Yevropa bozorlari bilan bogʻlaydigan
eng qisqa va samarali yoʻl boʻlib qolmoqda.
Lekin Oʻrta koridor rivoji faqatgina Oʻzbekiston ichki kun tartibidagi maqsadlar bilangina cheklanmaydi. Mamlakat bir vaqtning oʻzida bir nechta transport yoʻlaklarining faol ishtirokchisidir. Bu Transafgʻon va Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻlaklaridir.
Ularning Oʻrta koridor bilan integratsiyaga kirishishi amalda tarixiy Buyuk ipak yoʻlining tiklanishi va yangilanayotgan global iqtisodiy modeldagi Oʻzbekiston oʻrnining ortishini anglatadi.
Shunday qilib, Turkiy davlatlar tashkiloti Oʻzbekiston uchun nafaqat siyosiy va madaniy muloqot platformasi, balki mamlakat strategik maqsadlari uygʻun boʻlgan davlatlar birlashmasi bilan natijaga yoʻnaltirilgan hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim formatga aylandi. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston TDT bilan hamkorlikni yanada mustahkamlab, umumiy farovonlik va taraqqiyotga hissa qoʻshishda davom etishi muhimdir.
Azizjon Karimov,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi