Oʻzbekiston-MDH: koʻp tomonlama hamkorlik samaradorligini oshirishda muhim platforma

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yil 9-10-oktyabr kuni Dushanbe shahrida boʻlib oʻtadigan MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yigʻilishida va “Markaziy Osiyo+Rossiya” muloqoti shaklidagi navbatdagi sammitda ishtirok etadi.
Soʻnggi sakkiz yillarda Oʻzbekiston MDH mamlakatlari bilan koʻp tomonlama munosabatlarni faol rivojlantirib kelmoqda. Bunday hamkorlik aloqalarining yanada yaxshilanishiga Hamdoʻstlik mamlakatlarining hududiy yaqinligi va iqtisodiy jihatdan bogʻlanganligiga emas, balki chuqur tarixiy ildizlar, mintaqaviy aloqalar, katta tarixiy davr mobaynida xalqlarimiz taqdirining mushtarakligi ham asos boʻlayotir.
MDH davlatlari bilan oliy va yuqori darajadagi tashriflar almashinuvi ham oshdi. Bu jihat koʻp tomonlama muloqot va hamkorlikni, Hamdoʻstlik makonida tinchlik va barqarorlikni taʼminlashga xizmat qilayapti.
Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-2024-yillarda Hamdoʻstlik davlat rahbarlari kengashi yigʻilishlarida ishtiroki yakunlari boʻyicha imzolangan hujjatlarning oʻz vaqtida va toʻliq miqyosda amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida “Yoʻl xaritalari” qabul qilindi. Qayd etish kerakki, davlatimiz rahbari oʻtgan sammitlarda MDH mamlakatlari taraqqiyotiga va xalqlarimiz farovonligiga xizmat qilayotgan 100 dan ortiq tashabbuslarni ilgari surdi. Oʻzbekiston ilk bor 2020-yilda MDHga raislik ham qildi.
Oʻzbekiston soʻnggi sakkiz yilda imzolangan 24 ta koʻp tomonlama hujjat, MDH oliy organlarining 22 ta qarori va 20 dan ortiq sohaviy hamkorlik organlariga qoʻshildi.
Qayd etish joizki, mamlakatimiz MDH doirasida barcha sohalarda hamkorlikning ijobiy dinamikasini saqlab kelmoqda. Xususan, ushbu birlashma makonida Oʻzbekiston uchun koʻp tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik asosiy yoʻnalishlar qatorida katta qiziqish uygʻotmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, yurtimiz tashqi savdo aylanmasining 35,1 foizi MDH davlatlari hissasiga toʻgʻri keldi. Jumladan, 2024-yilda respublikaning Hamdoʻstlik mamlakatlari bilan oʻzaro savdosi 23,1 milliard AQSH dollarini tashkil qildi. Oʻzbekiston hududlarida Hamdoʻstlik davlatlari kapitali ishtirokidagi 5,5 ming kompaniya muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Hududlararo savdoni ragʻbatlantirish maqsadida MDH davlatlarida 130 dan ortiq maxsus iqtisodiy zonalar faoliyat koʻrsatmoqda, chegaraviy savdo zonalari ham tashkil etilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 8-oktyabr Rossiya poytaxti Moskva shahrida oʻtgan sammitdagi nutqida va 25-dekabr kuni Sankt-Peterburgda boʻlib oʻtgan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvida hamkorlikning iqtisodiy yoʻnalishida birgalikdagi faoliyatni kuchaytirish ustuvor vazifa ekani qayd etdi.
Savdo-iqtisodiy sohada MDHning asosiy yutugʻi sifatida oʻzaro savdoni kengaytirish, savdo munosabatlaridagi mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratadigan erkin savdo zonasi toʻgʻrisidagi shartnoma imzolanganligini urgʻulash darkor.
Oʻzbekiston Hamdoʻstlik mamlakatlari bilan zamonaviy tahdid va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashishda ham yaqin hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan. MDH doirasida terrorizmga qarshi kurash markazi tashkil etildi, u terrorizm va ekstremizmning boshqa koʻrinishlariga qarshi kurashish sohasida ishtirokchi davlatlarning vakolatli organlarining oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtirish boʻyicha doimiy faoliyat koʻrsatuvchi ixtisoslashtirilgan tarmoq organi hisoblanadi.
2024-yilda Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish doirasida, MDHga aʼzo davlatlar hududidan oʻtadigan xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish va infratuzilmani optimallashtirish boʻyicha harakatlar rejasi, 2025-2027-yillarga moʻljallangan deradikalizatsiya sohasidagi hamkorlik dasturi va boshqa muhim hujjatlar qabul qilindi.
Shunindek, davlatimiz rahbari taklifi bilan Toshkent shahrida MDH mamlakatlari tahliliy markazlarining “Uzoq muddatli hamkorlik uchun yangi kun tartibi” mavzusida xalqaro konferensiyada muhim takliflar va tashabuslar ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, joriy yilning aprel oyida poytaxtimiz Toshkent shahri MDH Iqtisodiy kengashi majlisi, Hamdoʻstlikka aʼzo davlatlar hududlararo birinchi forumi va birinchi Innovatsion rivojlanish forumini qabul qildi.
MDH Iqtisodiy kengashi majlisida ushbu tuzilmaga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikka oid keng koʻlamli masalalar koʻrib chiqildi. Shuningdek, MDH organlarini moliyalashtirish, statistika, kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish va boshqa bir qator masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Birinchi Hamdoʻstlik hududlararo forumida jahon savdosidagi global jarayonlarni hisobga olgan holda, tashkilotga aʼzo mamlakatlarda savdo munosabatlarini ragʻbatlantirish boʻyicha qator chora-tadbirlar, jumladan, MDH doirasida Erkin savdo hududi toʻgʻrisidagi Bitim salohiyatidan toʻliq foydalanish, tovarlar va xizmatlar harakati yoʻlidagi mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish, savdo tartib-qoidalari va yuk tashishni raqamlashtirish, mintaqaviy hamkorlik loyihalarini faol jalb etish orqali kengaytirish taklif etildi.
Forumning ishbilarmonlik dasturiga koʻra, V2V formatida muzokaralar va uchrashuvlar tashkil etildi. Forum yakunlari boʻyicha doʻstona munosabatlarni oʻrnatish, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga oid 10 dan ortiq hujjat, Hamdoʻstlikka aʼzo mamlakatlar hududlari oʻrtasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish boʻyicha muhim hujjatlar imzolandi.
Birinchi Innovatsion rivojlanish forumi ishtirokchilari esa zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirishning dolzarb masalalarini koʻrib chiqdilar va istiqbolli innovatsion loyihalarni ilgari surish va tijoratlashtirish boʻyicha MDHga aʼzo davlatlarning innovatsion hamkorlik boʻyicha Davlatlararo dasturi imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Bundan tashqari, shu yil 7-8-avgust kuni Samarqandda Hamdoʻstlik mamlakatlarida sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha xalqaro forum tashkil etildi. Ikki kunlik forum davomida beshta sessiya oʻtkazildi va ularda sunʼiy intellekt sohasidagi dolzarb masalalar va yangi tendensiyalar, biznes uchrashuvlar, tajriba va innovatsion yechimlar almashinuvi, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Mazkur xalqaro forum MDH davlatlari oʻrtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, umumiy siyosat va standartlarni muvofiqlashtirish, innovatsion yechimlarni birgalikda ishlab chiqish va yangi ilmiy-texnik istiqbollarni belgilash uchun muhim maydon vazifasini oʻtadi.
MDH makonida toʻlaqonli erkin savdo zonasini shakllantirish va transport bogʻliqligini mustahkamlash muhim ekani hech qimga sir emas. Oʻzbekiston ushbu jabhada ham mazkur tuzilmaga aʼzo davlatlar bilan koʻp tomonlama, ham ikki tomonlama shakllarda rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratyapti.
MDH davlatlari va xalqlarini umumiy madaniy-tarixiy meros va koʻplab gumanitar rishtalar bogʻlab turgani muhim qimmatli manbadir. Bu omillar bugungi kunda Hamdoʻstlikning mustahkam va ishonchli tayanchlari boʻlib qolmoqda. Madaniy aloqalar jadal rivojlanyapti. Mazkur tuzilma doirasida festivallar, konsertlar, turli yarmarkalar, sport va boshqa tadbirlar muntazam oʻtkazib kelinyapti.
Dushanbe sammiti doirasida, shuningdek, “Markaziy Osiyo+Rossiya” muloqoti shaklidagi navbatdagi uchrashuv boʻlib oʻtadi. Muloqot kun tartibida birinchi navbatda xalqaro va mintaqaviy muammolar, xavfsizlik , xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini qoʻllab-quvvatlash, madaniy-gumanitar hamkorlik boʻyicha qoʻshma tashabbuslar va boshqalar kabi dolzarb masalalarga eʼtibor qaratiladi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 14-oktyabrda Qozogʻiston poytaxti Ostona shahrida boʻlib oʻtgan birinchi “Markaziy Osiyo – Rossiya” sammitida ishtirok etgan edi. Unda “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi hamkorlik, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Davlatimiz rahbari mazkur formatdagi ilk uchrashuvda mintaqaviy sheriklikni kuchaytirish maqsadida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi, atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi aloqalarni yanada yuqori bosqichga olib chiqishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi.
Muxtasar qilib aytganda, Oʻzbekistonning MDH faoliyatidagi ishtiroki va mazkur tuzilmaga aʼzo mamlakatlar bilan munosabatlari keng istiqbolga ega. Bunday oʻzaro aloqalar haqli ravishda yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va oʻzaro koʻmak namunasi boʻlib xizmat qilmoqda. Bularning barchasi Oʻzbekiston-MDH munosabatlarining kelajagiga nekbinlik bilan qarash imkonini beradi.
Ishonch bilan aytish mumkinki, Dushanbe shahrida boʻlib oʻtadigan navbatdagi sammitlar va ularning yakunlari mamlakatlarimiz hamda xalqlarimiz farovonligi yoʻlida Hamdoʻstlik makonida koʻp tomonlama munosabatlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
“Dunyo” AA