Oʻzbekiston-TDT: barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti tadbirlarida ishtirok etish uchun Gabala shahriga tashrif buyurdi.
Joylashuvi, tarixan oʻzaro yaqinligi va resurslariga koʻra, taraqqiyotning yangi bosqichida oʻta muhim hamkorlik maydoni sifatida Turkiy davlatlar tashkiloti nufuzi kun sayin ortib bormoqda. Bir vaqtning oʻzida, Turkiy davlatlar tashkiloti unga aʼzo davlatlarda istiqomat qiluvchi xalqlarning ham madaniy jihatdan yaqinlashuvida muhim koʻprik vazifasini oʻtamoqda.
Binobarin, tashkilotning oʻzaro teng huquqlilik va manfaatdorlik, ichki ishlarga aralashmaslik va mustaqillik, mamlakatlar suverenitetini hurmat qilish kabi oʻta muhim omillarni oʻzida aks ettirishi keng eʼtirof etilyapti.
Turkiy davlatlar tashkilotiga beshta davlat – Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya va Oʻzbekiston aʼzo hisoblanadi. Vengriya, Turkmaniston va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti ushbu tuzilmada kuzatuvchi maqomiga ega.
Turkiy davlatlar tashkilotining amaldagi nomi Oʻzbekiston Prezidenti taklifi bilan 2021-yil 12-noyabrda tatbiq etilgan. Bundan avval esa tuzilma Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi nomi bilan yuritilgan.
Tashkilotning asosiy maqsadi – qardosh davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va koʻp qirrali aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, energetika, transport, turizm va madaniy-gumanitar sohalarda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishdan iborat.
Ushbu maqsadni ilgari surishning konseptual asosi 2021-yilning noyabr oyida Istanbul shahrida davlat rahbarlarining 8-sammiti yakunlari boʻyicha qabul qilingan “Turkiy nigoh – 2040” dasturidir.
2019-yilda Turkiy davlatlar tashkilotiga qoʻshilgan Oʻzbekiston uchun ushbu tuzilmada ishtirok etish nafaqat iqtisodiy va siyosiy aloqalarni mustahkamlash, balki turkiy dunyoning umumiy madaniy oʻziga xosligini saqlash va rivojlantirish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.
2022-2023-yillarda Oʻzbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga raislik qildi. Raislik 2022-yilning noyabr oyida “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida tashkil etilgan Samarqand sammiti bilan boshlandi.
Oʻzbekiston raisligi davrida 100 dan ortiq tadbirlar oʻtkazildi, amaliy hamkorlik uchun qator yangi platformalar yaratildi. Qayd etish kerakki, Oʻzbekiston oʻz raisligi davrida ochiqlik, inklyuzivlikka asoslangan hamda turli mintaqalar va sivilizatsiyalarni oʻz ichiga oluvchi hamkorlikning xilma-xil va moslashuvchan shakllariga intildi.
Samarqand sammiti yakunlari boʻyicha “2022-2026-yillarga moʻljallangan Turkiy davlatlar tashkiloti strategiyasi”ning qabul qilinishi muhim voqea sifatida eʼtirof etildi. Ushbu hujjat turkiy mamlakatlarning “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konseptual hujjatini amalga oshirish boʻyicha birinchi yoʻl xaritasi boʻldi.
Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston mazkur tuzilmaga aʼzo boʻlganidan buyon oʻtkazilayotgan sammitlarda faol qatnashmoqda. Xususan, mamlakatimiz yetakchisi Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 2024-yil 6-noyabrkuni Bishkekdagi navbatdagi va 2025-yil 21-mayda Budapesht shahrida boʻlib oʻtgan norasmiy majlislarida ishtirok etdi.
Mazkur sammitlarda tashkilot doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy sheriklikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari Budapeshtda boʻlib oʻtgan TDT norasmiy sammitidagi nutqida jahonda geosiyosiy va geoiqtisodiy ziddiyatlar, mintaqaviy nizolar va iqlim oʻzgarishi oqibatlari kuchayib borayotgan bugungi murakkab vaziyat shiddat bilan oʻzgarib borayotganini qayd etdi.
Oʻzbekiston Prezidenti dolzarb xalqaro muammolarni hal etishda, birinchi navbatda, xalqaro huquq normalari va BMT Nizomiga tayangan holda tashkilot davlatlarining umumiy yondashuv va pozitsiyalarini mustahkamlash muhimligini taʼkidladi.
Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga toʻxtalar ekan, Oʻzbekiston yetakchisi bu borada ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini koʻrsatib oʻtdi va qator yangi takliflar bildirdi.
Siyosiy jihatdan Oʻzbekiston tashabbusi bilan Turkiy davlatlar oʻrtasida strategik sheriklik, abadiy doʻstlik va qardoshlik toʻgʻrisidagi shartnomaning imzolanishi dolzarb ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. Ushbu hujjat xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish va koʻp qirrali hamkorlikning uzoq muddatli huquqiy bazasini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
“Oʻtgan yili “Turkiy davlatlar oʻrtasida strategik sheriklik, abadiy doʻstlik hamda qardoshlik toʻgʻrisida”gi bitimni ishlab chiqish taklifini ilgari surgan edik. Bugungi kunda ushbu hujjatning ahamiyati va dolzarbligi yanada ortib bormoqda. Hech shubhasiz, mazkur bitim xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish va koʻp qirrali hamkorligimizning uzoq muddatli huquqiy asosini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu hujjatni Boku sammitida imzolashni taklif qilaman”, – dedi davlatimiz rahbari.
Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Prezidenti 2019-yildan shu kunga qadar oʻtkazilgan sammitlarida TDT doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 98ta amaliy tashabbuslarni ilgari surdi. Bugungi kunga qadar 70ga yaqin tashabbus amalga oshirildi va 30ga yaqini amalga oshirish bosqichida.
Oʻzbekiston uchun bu tashkilotdagi asosiy ustuvor yoʻnalish iqtisodiyot ekanligini taʼkidlash muhim. Hozirgi kunda eksport hajmini oshirish, sarmoya jalb etish, ish oʻrinlari yaratish, ishsizlik muammolarini hal etish, kambagʻallikka qarshi kurashish Oʻzbekiston uchun asosiy muammolar sirasidandir. Bularning bari bizning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvimizga tayanadi, tabiiyki, bu formatdagi hamkorlik yanada integratsiyalashuv va ishlab chiqarish komponentlarini tartibga solish borasida yordam berishi mumkin.
Turkiy davlatlar tashkiloti aʼzolari boʻlgan 5 davlatning umumiy maydoni 4 244 026 kvadratga teng. Ushbu davlatlar hududida istiqomat qilayotgan jami aholi soni esa 170 milliondan ziyod. Bu ulkan imkoniyat va bozor demakdir. Mazkur jihatlar va shu kunga qadar erishilgan kelishuvlarga koʻra, tashkilotni roʻyobga chiqarilmagan ulkan imkoniyatlar va birlashtiruvchi salohiyatga ega boʻlgan mintaqaviy hamkorlikning samarali mexanizmi, deb biluvchi Oʻzbekistonning aʼzo mamlakatlar bilan oʻzaro tovar ayriboshlash koʻrsatkichlari yil sayin oshib bormoqda.
Bugungi kunda TDT davlatlari birgalikda Xitoy va Rossiyadan keyin mamlakatning uchinchi eng muhim tashqi savdo hamkori hisoblanadi. 2024-yilda oʻzaro savdo hajmi 10 milliard dollarga yaqinlashdi, bu esa Oʻzbekiston umumiy tashqi savdo aylanmasining 15 foizini tashkil qiladi
Ayniqsa, TDT doirasida birinchi savdo hamkor – Qozogʻiston va tashkilot doirasida ikkinchi savdo hamkor – Turkiya bilan aloqalar oʻsish dinamikasi yaqqol koʻzga tashlanadi. Jumladan, 2024-yil yakuniga koʻra, Oʻzbekiston va Qozogʻistonning oʻzaro savdo aylanmasi 4,28 milliard dollarga yetdi.
Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi oʻzaro tovar aylanmasi ham yil sayin ortib bormoqda. Xususan, 2024-yilda Turkiya bilan oʻzaro tovar aylanmasi 2,9 milliard dollarga yetdi.
Xuddi shu koʻrsatkich Ozarbayjon bilan ham ijobiy oʻsishni koʻrsatdi. Eng muhimi, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi barcha sheriklar bilan oʻzaro savdo hajmi tarixiy maksimumlarni yil sayin yangilab borish tendensiyasi yuzaga keldi.
Oʻzbekiston TDT mamlakatlari bozorlariga tayyor mahsulotlarning asosiy hajmini: toʻqimachilik, elektrotexnika, avtomobilsozlik va meva-sabzavot mahsulotlari hamda rangli metallarni eksport qiladi. TDT mamlakatlaridan sanoat korxonalari uchun zarur boʻlgan mahsulotlar: metall prokat, alyuminiy, shuningdek, turli mexanik asboblar, qurilish materiallari, neft mahsulotlari, donning asosiy qismi va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari import qilinadi.
Ushbu ijobiy dinamikani saqlab qolish va tezlashtirish uchun, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslarini hayotga tatbiq etish muhimdir. Savdo operatsiyalarini soddalashtiradigan va tezlashtiradigan “TURK-TREYD” onlayn platformasini yaratish, shuningdek, mamlakatlar oʻrtasidagi ayirboshlashning oʻsishiga hissa qoʻshadigan savdoni kengaytirish boʻyicha Amaliy dasturni qabul qilish shular jumlasidandir.
Oʻzaro hamkorlikning keyingi yoʻnalishi sifatida sanoat kooperatsiyasini qayd etish mumkin. Oʻzbekiston bu sohani rivojlantirishni faol ragʻbatlantirishi va TDTga aʼzo davlatlar kapitali ishtirokida yangi korxonalar tashkil etilishini qoʻllab-quvvatlamoqda. 2025-yilga kelib, bunday korxonalar soni 4 mingtaga yaqinlashib, 2019-yilga nisbatan 60 foizga koʻpaydi. Shuningdek, bu kompaniyalarning ulushi mamlakatdagi xorijiy kapital ishtirokidagi barcha korxonalarning taxminan 20 foizini tashkil etmoqda.
Transport sohasidagi hamkorlikka ham alohida urgʻu berilyapti. Ahamiyatlisi, turkiy davlatlar jahon iqtisodiyotida oʻzining tranzit ahamiyatining barqaror oʻsishini namoyish etmoqda. “Oʻrta yoʻlak” orqali yuk tashish hajmi 2024-yilda 4,5 million tonnani tashkil etib, 2020-yilga nisbatan qariyb 6 barobar oshgani buning yaqqol tasdigʻidir. Bunday dinamika boshqa infratuzilma loyihalari, jumladan, “Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston” temir yoʻlining strategik zarurligini koʻrsatadi.
Mazkur tuzilma mamlakatlari, shuningdek, Kavkaz va Markaziy Osiyoda yangi rivojlanayotgan transport hamda energetika yoʻlaklari tarmogʻi boʻylab ishonchli xavfsizlik va hamkorlik kamarlarini taʼminlashga intilmoqda. Bu nafaqat aʼzo davlatlar oʻrtasida savdo aloqalarini kengaytirish uchun birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan qulay shart-sharoitlar yaratishni nazarda tutadi, balki tashkilotning iqtisodiy mustaqilligi va farovonligiga erishish xizmat qiladi.
Oʻzbekiston madaniy-tarixiy merosni asrab-avaylash va ommalashtirish yoʻnalishlarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarda faol ishtirok etmoqda. Taʼlim sohasida Oʻzbekiston talabalar va tadqiqotchilar almashinuv dasturlarida faol ishtirok etib, turkiy mamlakatlar universitetlari va ilmiy markazlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilyapti. Taʼlim sohasidagi hamkorlik, jumladan, qoʻshma taʼlim dasturlari va tajriba almashish uchun akademik platformalar yaratish faol qoʻllab-quvvatlanayotir. Oʻzbekiston tashabbuslarining muhim jihati ham energetika va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi loyihalarni ishlab chiqishdir.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Prezidentining Ozarbayjonda oʻtayotgan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammitida ishtiroki turkiy dunyo taraqqiyotiga xizmat qiladigan dolzarb tashabbuslarni ilgari surish hamda mintaqalarimizda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash yoʻlidagi navbatdagi qadam boʻladi. Shuningdek, ushbu tashrif turkiy makonda birdamlikni mustahkamlash va xalqlarimiz farovonligini taʼminlashga qaratilgan samarali saʼy-harakatlarga turtki beradi.
“Dunyo” AA