Oʻzbekiston Prezidenti 6-7-oktyabr kunlari boʻlib oʻtadigan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammitida ishtirok etadi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 6-7-oktyabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻladi.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekiston yetakchisi Turkiy davlatlar tashkilotining Gabala shahrida boʻlib oʻtadigan navbatdagi sammitida ishtirok etadi.
“Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik” mavzusida oʻtkaziladigan yigʻilish kun tartibidan tashkilot doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirishning dolzarb masalalari oʻrin olgan.
Siyosat, savdo-iqtisodiyot, innovatsiya, investitsiya, energetika, transport-kommunikatsiya, gumanitar va boshqa ustuvor sohalardagi amaliy hamkorlik istiqbollari koʻrib chiqiladi.
Delegatsiyalar rahbarlari xalqaro siyosatning muhim jihatlari yuzasidan ham fikr almashadilar.
Sammit yakunida tashkilotga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qator qoʻshma qaror va hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.