YUNESKO Bosh konferensiyaning Samarqandda oʻtkazilishi Oʻzbekistonning jahon madaniy-maʼrifiy taraqqiyotiga qoʻshgan hissasining eʼtirofidir

2023-yil noyabr oyida Parij shahrida boʻlib oʻtgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 42-sessiyasi yakunida uning navbatdagi, 43-sessiyasini 2025-yilda Samarqand shahrida oʻtkazish boʻyicha tarixiy qaror qabul qilingan edi. Ushbu qarorni tashkilotga aʼzo 194 davlatning barchasi qoʻllab-quvvatladi. Bu esa soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga berilgan yuksak bahodir.
Ushbu tashabbus, shuningdek, Oʻzbekiston uchun katta diplomatik yutuq boʻldi, chunki YUNESKO soʻnggi 40-yil ichida birinchi marta oʻz sessiyasini boshqa davlat hududida oʻtkazilishini eʼlon qildi.
Samarqandning ushbu jahon miqyosidagi tadbirni oʻtkazish joyi sifatida tanlanishi mamlakatimizning madaniyat, ilm-fan, taʼlim kommunikatsiya va axborot sohalaridagi yutuqlari hamda boy tarixiy va madaniy merosining yaqqol eʼtirofi hamdir.
Markaziy Osiyoning eng qadimiy va buyuk shaharlaridan biri boʻlgan Samarqand oʻzining muhtasham meʼmoriy obidalari, boy tarixi bilan nom qozongan. Shahar Sharq va Gʻarbni bogʻlagan Buyuk ipak yoʻlining muhim chorrahasi vazifasini oʻtagan. Bugungi kunda Samarqand Registon maydoni, Ulugʻbek rasadxonasi va Shohi-Zinda maqbarasi kabi tarixiy maskanlari bilan mashhur. Mazkur yodgorliklar nafaqat qadimiy davrning meʼmoriy yuksakligi va ilm-fan yutuqlarini aks ettiradi, balki madaniy almashinuv va Samarqandning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasidan ham dalolat beradi.
Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev barcha xorijiy doʻstlarimiz va sheriklarimizga YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini 2025-yilda qadim Samarqandda oʻtkazish toʻgʻrisidagi tarixiy qarorni qoʻllab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.
“Koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqi nomidan va shaxsan oʻz nomimdan barcha xorijiy doʻstlarimiz va sheriklarimizga YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini 2025-yilda qadim Samarqandda oʻtkazish toʻgʻrisidagi tarixiy qarorni qoʻllab-quvvatlagani uchun samimiy minnatdorlik bildiraman, – deb yozdi davlatimiz rahbari telegram kanalida. – Mintaqamizda birinchi marta oʻtadigan ushbu muhim global miqyosdagi tadbir xalqaro hamjamiyatga Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarining ulkan sivilizatsion salohiyatini yana bir bor namoyish etishga xizmat qiladi, deb ishonaman. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston boʻlajak sessiyani eng yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazish uchun barcha kuchini safarbar etadi”.
Shuningdek, 2024-yil 16-martda Oʻzbekiston Prezidentining “2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida oʻtkazilishiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, mazkur tadbirga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tuzilib, zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tashkiliy qoʻmita tomonidan sessiya bilan bogʻliq tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish yuzasidan ishchi guruhlar tuzilib, tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Sessiya ishtirokchilarining mamlakatimizga kelishi va ketishi, ularga viza rasmiylashtirish, transport va tibbiy xizmatlar koʻrsatish, asosiy tadbirlar va madaniy dasturlarda qatnashishlari masalalari YUNESKO bilan kelishgan holda hal qilinmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, 43-sessiya va uning doirasidagi tadbirlarda 194 davlatdan 5 mingdan ortiq ishtirokchi kelishi kutilyapti. Bosh konferensiya doirasida Oʻzbekiston tomonidan YUNESKO bilan hamkorlikda qator qoʻshma tadbirlar oʻtkazilishi ham rejalashtirilgan. Mazkur tadbirlar muzeylar faoliyatida sunʼiy intellekt texnologiyalarning oʻrni, gender tengligi va xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish va shu kabi boshqa dolzarb masalalarga bagʻishlanadi.
Shuningdek, Bosh konferensiya arafasida Samarqand shahrida YUNESKO 14-Yoshlar forumi hamda YUNESKO ishlari boʻyicha milliy komissiyalarning 12-mintaqalararo anjumanlari ham oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston-YUNESKO hamkorligi har tomonlama rivojlanmoqda. Mazkur xalqaro tuzilma koʻmagida yurtimizning boy tarixi va qadimiy anʼanalarini, xalqimiz qadriyatlarini keng targʻib qilish orqali ularni kelgusi avlodga yetkazish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ushbu jabhadagi muhim vazifalar davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisobladi.
Jumladan, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev YUNESKO Bosh direktori Odri Azuleni bir necha bor qabul qildi. Xususan, soʻnggi uchrashuv Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yil 12-mart kuni Fransiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida boʻlib oʻtdi.
Muloqot chogʻida BMT tizimidagi ushbu nufuzli tuzilma bilan samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari, shuningdek, joriy yilning kuzida Samarqand shahrida tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Bosh direktor Odri Azule Oʻzbekiston bilan sermahsul hamkorlikni yuksak baholab, boʻlajak tadbirga keng koʻlamli tayyorgarlik koʻrilayotgani uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Muloqot chogʻida amaliy hamkorlik dasturlarini yanada kengaytirish, shuningdek, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasidagi forum va tadbirlarni tashkil etish boʻyicha yaqindan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Mintaqamiz minglab yillar davomida tarixiy Ipak yoʻli orqali Sharq va Gʻarbni oʻzaro bogʻlagan koʻprik vazifasini oʻtagan va bugun ham madaniyatlararo tushunish, bilim almashish va global hamkorlikni rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshib kelmoqda. Shu maʼnoda Samarqand YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi mezboni sifatida tanlanishi chuqur ramziy maʼnoga ega.
Taʼkidlash kerakki, dunyoda turli ziddiyatlar yuzaga chiqayotgan bir vaqtda Markaziy Osiyo XXI asrning eng muhim geosiyosiy va geoiqtisodiy makonlaridan biriga aylandi. Bu hudud geografiya, sivilizatsiya, resurs nuqtayi nazaridan kuch markazlari oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtamoqda. Oʻzbekiston soʻnggi yillarda “yumshoq kuch”ni oʻz tashqi siyosatining muhim elementi sifatida samarali qoʻllamoqda. Bu diplomatiya oʻzaro hurmat, qadriyat, sanʼat va anʼanalar almashinuviga asoslanadi.
Darvoqe, Oʻzbekiston YUNESKOga 1993-yil 26-oktyabrda aʼzo boʻlib kirgan. 1996-yildan beri Toshkent shahrida YUNESKO vakolatxonasi faoliyat koʻrsatmoqda. Tashkilotga aʼzo davlatlar YUNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiya tuzishi va shu komissiya orqali aloqalarini muvofiqlashtirib borishi lozim. Shu nuqtayi nazardan 1994-yil 29-dekabrda YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi tashkil etildi.
Oʻtgan davr mobaynida Oʻzbekiston YUNESKO bilan turli yoʻnalishlarda samarali hamkorlik qilib keldi. Mazkur tuzilma bilan ikki tomonlama munosabatlarda YUNESKOning xalqaro roʻyxatlari alohida oʻrin tutadi. Chununchi, Oʻzbekiston diplomatiyasining samarali faoliyati natijasida yurtimizdagi qadimiy tarixiy va madaniy elementlar YUNESKO roʻyxatlaridan oʻrin olib kelmoqda. Bu borada bir qator roʻyxat va registrlarni alohida sanab oʻtish mumkin. Jumladan, YUNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga shu paytga qadar Oʻzbekistondagi 7 ta obyekt kiritilgan boʻlib, bular – Xivadagi Ichan qalʼa majmuasi, Buxoro shahrining tarixiy markazi, Shahrisabz shahrining tarixiy markazi, Samarqand — madaniyatlar chorrahasi, Gʻarbiy Tyan-Shan Buyuk ipak yoʻlining Zarafshon-Qoraqum koridori va Turon choʻllari.
YUNESKOning yana bir roʻyxati bu Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxati deb nomlanadi. Ushbu roʻyxatga oʻzbek xalqi nomoddiy madaniy merosining 16 ta elementi , shundan 11 tasi 2016-yildan keyin kiritilgan. Bular – Shoshmaqom, Boysun madaniy anʼanalar, Katta ashula, Askiya zukkolik sanʼati, Palov bilan bogʻliq madaniyat va anʼanalar, Navroʻz bayramini nishonlash anʼanalari, Margʻilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi, atlas va adras tayyorlashning anʼanaviy texnologiyalarini saqlash, Lazgi, Miniatyura sanʼati, Baxshichilik, Ipakchilik va anʼanaviy ipak tayyorlash sanʼati, Xoʻja Nasriddin haqidagi anʼanaviy hikoyalar, Oʻzbekiston kulolchilik sanʼati, Naqqoshlik sanʼati, Iftorlik va uning ijtimoiy-madaniy anʼanalari hamda Rubob yasash va ijro etish sanʼati.
Hozirda Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga kiritish uchun “Kashtachilik sanʼati”, “Qoraqalpoq oʻtovlarni tayyorlashdagi amaliy bilimlar va koʻnikmalar”, “Qoʻbiz yasash va ijro etish sanʼati” “Anʼanaviy kigiz tayyorlash” va “Oʻzbek kurashi” kabi yangi elementlar YUNESKOga taqdim qilingan.
Bundan tashqari YUNESKO “Jahon xotirasi” reyestri 1992-yilda tashkil etilgan boʻlib, uning asosiy maqsadi hujjatli meros – qogʻoz, audiovizual, raqamli yoki boshqa har qanday formatdagi muhim va doimiy qiymatga ega boʻlgan hujjatlar yoki hujjatlar toʻplamining qaytarib boʻlmaydigan yoʻqotilishining oldini olish, avaylab asrash va keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat.
2023-yilga qadar YUNESKOning “Jahon xotirasi” reyestriga Oʻzbekistondan Toshkent shahrida saqlanayotgan Muqaddas Usmon Quroni, Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan qoʻlyozmalar toʻplami, Xiva xonligi devonxonasi hujjatlari kiritilgan edi. 2023-2024-yillarda esa Oʻzbekiston tarixiga oid hujjatlar toʻplami – Mavlono kulliyoti va Buxoro amirligining Qushbegi maʼmuriyati arxivlari, Xudoybergan Devonov fototoʻplami va Turkiston albomi ushbu reyestrga kiritildi.
Yana bir muhim yoʻnalish YUNESKOning Umumjahon biosfera qoʻriqxonalari tarmogʻi boʻlib, unga Oʻzbekistonning 2 ta obyekti kiritilgan. Bular — Chotqol davlat biosfera rezervati (1978) va Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati (2021).
2022-yilda Oʻzbekiston tarixda ilk bor 2022-2026-yillar uchun YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha hukumatlararo qoʻmitasi aʼzoligiga saylandi.
2022-yil 14-16-noyabr kunlari Toshkent shahrida YUNESKO Bosh direktori Odri Azule hamda dunyoning 150 ga yaqin davlati vakillari va xalqaro tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida YUNESKOning maktabgacha taʼlim va tarbiya masalalari boʻyicha ikkinchi Butunjahon konferensiyasi boʻlib oʻtdi.
2023-yil sentyabrida YUNESKO bosh qarorgohida Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligi keng nishonlandi. 2024-yilda Samarqanddagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Ipak yoʻlida barqaror tarixiy turizm” kafedrasi tashkil etildi.
Shuningdek, Toshkent shahrida YUNESKO shafeligidagi 2-toifadagi Maktabgacha taʼlim boʻyicha markaz taʼsis etilishi boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Bu boradagi qaror Samarqand Bosh konferensiyasi doirasida rasman tasdiqlanishi va sessiya davomida mazkur Markaz taqdimotiga bagʻishlangan maxsus tadbir oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
2025-yil 1-aprel kuni YUNESKO bosh qarorgohida Oʻzbekistonning boy madaniy merosi hamda Samarqand Bosh konferensiyasiga bagʻishlab “Oʻzbekiston Buyuk ipak yoʻli chorrahasida” mavzusida tadbirlar oʻtkazildi.
2024-yilda Oʻzbekiston YUNESKOning maslahatlashuv organi hisoblanmish Madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish boʻyicha xalqaro tadqiqot markazining toʻlaqonli aʼzosiga aylandi.
Hozirda YUNESKO tomonidan Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish boʻyicha hisobot va tavsiyalar ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, Oʻzbekiston tomonidan YUNESKOning Oliy taʼlim malakalarini tan olish boʻyicha global konferensiyasini ratifikatsiya qilish borasida ish olib borilyapti. Mazkur tashabbuslar Samarqand Bosh konferensiyasi doirasida toʻliq amalga oshirilishi kutilmoqda.
Oʻzbekistonda YUNESKO bilan hamkorlikda turli sohalarda qator texnik koʻmak va grant loyihalari amalga oshirilmoqda. “Qishloq hududlarida ishga joylashish koʻnikmalarini rivojlantirish”, “Oliy taʼlim sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamli taʼlimdan foydalanishni kengaytirish”, “Oʻzbekistonda taʼlim xizmatlari va sifatini yaxshilash”, “Axborot olish, institutsional masʼuliyat va media savodxonlikni kuchaytirish”, “Muzli koʻllardagi toshqinlarga nisbatan zaiflikni kamaytirish” kabi loyihalar shular jumlasidandir.
Oʻzbekiston hozirga qadar YUNESKOning 10 ta xalqaro konvensiyasiga qoʻshilgan. Yana bir muhim yangiliklardan biri 2023-yilda YUNESKO bilan hamkorlikda sunʼiy intellekt sohasida odob-axloqni targʻib etish orqali ilmiy muloqotni ragʻbatlantirish boʻyicha Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO – Oʻzbekiston xalqaro mukofoti taʼsis etildi. Mukofotning ilk davrasi gʻoliblari Samarqand Bosh konferensiyasi doirasida oʻtkaziladigan maxsus tadbirda taqdirlanishi rejalashtirilgan.
“Bu yil 40-yil ichida birinchi marta YUNESKO Bosh konferensiyasi Parijda emas, balki Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekistonda oʻtkaziladi, – dedi YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi. – Bu Oʻzbekiston uchun koʻplab muhim voqealardan biri boʻlishi mumkin, ammo YUNESKO uchun bu juda dolzarb tadbir hisobladi. Bugun butun dunyo bu haqda gapirmoqda, Oʻzbekiston esa diqqat markazida. Avvalo, bunday imkoniyat uchun sizga rahmat aytmoqchiman. YUNESKO Oʻzbekiston hukumati bilan qariyb 30-yildan beri yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Va, albatta, xalqaro tashkilot sifatida biz 2016-2017-yillarda boshlangan islohotlarga juda sezgir boʻldik. Chunki faoliyatimiz madaniyat, taʼlim, aloqa va axborotlashtirish, shuningdek, ijtimoiy va tabiiy fanlarni qamrab oladi. Ayniqsa, taʼlim sohasi, maktabgacha taʼlimdan tortib oliy taʼlimgacha amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida toʻxtalib oʻtmoqchiman. Bu oʻzgarishlar YUNESKO tomonidan hamisha olqishlanib, Oʻzbekiston hukumati tomonidan faol qoʻllab-quvvatlanadi”.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, YUNESKO Bosh konferensiyaning Samarqandda oʻtkazilishi nafaqat Oʻzbekistonning jahon madaniy-maʼrifiy taraqqiyotiga qoʻshgan hissasining eʼtirofi, balki tarixiy va madaniy merosni asrab-avaylash muhimligini yana bir bor taʼkidlash uchun qulay imkoniyatdir. Ushbu anjuman xalqaro darajadagi madaniy almashinuv va barqaror rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish uchun oʻziga xos platforma boʻlib xizmat qiladi. Oʻzbekiston yana bir bor jahon madaniyati va ilm-fanining muhim markazi sifatidagi rolini tasdiqlaydi. Shuningdek, Samarqand konferensiyasi madaniyatlararo muloqot sohasida tajriba almashish va ilgʻor usullarni keng qoʻllash uchun koʻpriq vazifasini oʻtaydi.
“Dunyo” AA