OʻZBEKISTON – BAGʻRIKENGLIK VA BIRDAMLIK MAKONI

Insonga berilgan eng buyuk neʼmat hayot boʻlsa, insoniyat hamisha intilib kelgan eng ulugʻ maqsad, bu, shubhasiz, tinchlik va totuvlikdir. Bir-birimizga doim tinchlik-xotirjamlik, sogʻlik-omonlik tilashimizning boisi shu.
Oʻzbekiston azaldan bagʻrikenglik, hamjihatlik va ahil-inoqlik makoni boʻlgan. Yeri, suvi, toʻyi-yu maʼrakasi bitta boʻlgan turli millat va elat vakillari asrlar osha birdamlikda yashab kelgan. “Bagʻrikeng Oʻzbekiston!”, “Bagʻrikeng oʻzbek xalqi” kabi iboralar bejiz paydo boʻlmagan.
Koʻp millatli va koʻp dinli davlatda millatlararo totuvlik va konfessiyalararo hamjihatlik – barqarorlik va taraqqiyotga mustahkam zamin yaratuvchi, uning istiqbolini belgilab beruvchi muhim omil sanaladi.
Bugun yurtimiz jadal surʼatlarda rivojlanayotgani, olib borilayotgan islohotlar oʻz mevasini berayotgani, el-yurt farovonligi tobora ortayotganining asosiy sabablaridan biri ham bu yurtda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari Oʻzbekistonning yagona xalqi sifatida ahil-inoq boʻlib yashab kelayotganidadir.
Konstitutsiyamizda Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida istiqomat qiluvchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlashi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratishi mustahkamlab qoʻyilgani esa bu boradagi islohotlarning qomusiy asosi hisoblanadi.
Bugungi kunda maktablarda taʼlim 7 tilda olib borilayotgani yurtimizda turli millat vakillariga mansub oʻquvchilarning oʻz ona tilida taʼlim olishi uchun sharoit yaratmoqda. Milliy tele va radiokanallar 12 tilda efir olib borayotgani, gazeta va jurnallar 14 ta tilda chop etilayotgani barchaga teng sharoitlar yaratgan holda axborotni ona tilida olish imkonini bermoqda.
Mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elat vakillari Oʻzbekistonning yagona xalqi sifatida oʻzlarining faol va fidokorona mehnatlari bilan yurtimiz taraqqiyoti hissa qoʻshmoqda, birgina davlat fuqarolik xizmatida 5 mingga yaqin 35 dan ortiq millat vakillari mehnat qilmoqda.
Ayniqsa, mamlakatning siyosiy institutlari hisoblangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 12,7 foiz, mahalliy Kengashlarda 11,2 foiz deputatlarimiz turli millat va elatlar vakillari hisoblanadi. Bunday yutuqlarning chegarasi yoʻq, jamiyatning har bir jabhasida millatlararo totuvlik, hamjihatlik oʻz aksini topganligini kuzatmoqdamiz.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yurtimiz zaminida qadimgi davrlardan buyon davom etib kelayotgan etnik xilma-xillikni noyob ijtimoiy hodisa sifatida baholab, millatlar va elatlar, konfessiyalar oʻrtasidagi totuvlikni asrash, uni yanada mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratmoqda. Yurtboshimizning donishmandlik, insonparvarlik va adolatparvarlik tamoyillari asosida yuritayotgan oqilona siyosati natijasida mamlakatimizda umummilliy birdamlik yanada mustahkamlanmoqda, barchamiz uchun aziz va moʻtabar boʻlgan Vatanimiz inson qadri va baxti ulugʻlanadigan tinchlik, doʻstlik va mehr-oqibat diyoriga aylanib bormoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 8-may kuni boʻlib oʻtgan Oliy Majlis palatalari aʼzolari, siyosiy partiyalar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvdagi nutqida alohida taʼkidlaganidek: “Bizning eng katta boyligimiz – Oʻzbekistonni oʻzi uchun yagona Vatan deb biladigan koʻpmillatli buyuk xalqimizdir. Jonajon yurtimizda qaror topgan millatlararo doʻstlik va ahillikni – mana shunday bebaho xazinamizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash barchamizning oliy burchimizdir”.
Darhaqiqat, Yangi Oʻzbekistonda ajdodlar maʼnaviy merosiga sodiqlik asosida millatlar va konfessiyalararo totuvlik va oʻzaro bir-birini tushunish, yosh avlodni bagʻrikenglik, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash davlat siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar millatlararo va konfessiyalararo munosabatlar yoʻnalishida ham yangi marralar, tashabbuslarni belgilab berdi.
Shu maʼnoda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil mart oyida qabul qilingan “Umummilliy totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashni yangi bosqichga olib chiqishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmitasi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu yoʻnalishdagi ishlarni sifat jihatdan butunlay yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Ushbu hujjatlarga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmitasi tashkil etildi.
Millatlararo munosabatlarni uygʻunlashtirish, jamiyatda doʻstlik, hamjihatlik, bagʻrikenglik va birdamlikni mustahkamlash, yagona fuqaroviy oʻzlikni shakllantirish, barcha millat va elatlarning umummilliy taraqqiyotga daxldorligini kuchaytirish, xorijdagi vatandoshlarning milliy oʻzligini saqlashga koʻmaklashish hamda ularning ijtimoiy va iqtisodiy salohiyatini Vatanimiz rivojiga safarbar etish, millatlararo totuvlikka salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillarni barvaqt aniqlash hamda ularning oldini olishga koʻmaklashish Qoʻmitaning asosiy vazifalari etib belgilandi.
Shuningdek, umummilliy birdamlikni taʼminlash sohasida va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash sohasida davlat siyosati konsepsiyalari loyihalarini ishlab chiqilishi belgilanganligi ushbu yoʻnalishdagi ishlarni izchil davom ettirilishidan dalolat beradi.
Avvalo umummilliy totuvlikni taʼminlashning muhim elementi sifatida Oʻzbekistonda istiqomat qiladigan barcha millatlar va elatlarning madaniyati, tili, urf-odatlari, qadriyat va anʼanalarini saqlash hamda yosh avlodga yetkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Maʼlumki, bu yoʻnalishda ishlarni tizimli amalga oshirishda milliy madaniy markazlarning oʻrni juda muhim. Bugungi kunda mamlakatimizda 157 ta milliy madaniy markaz faoliyat koʻrsatmoqda. Ular faoliyati davlatimiz tomonidan doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlab kelinmoqda. Prezidentimizning tashabbuslari asosida 2021-yildan boshlab ushbu markazlar faoliyat koʻrsatishi, madaniyati, tili, urf-odatlari, qadriyat va anʼanalarini targʻib qilishga qaratilgan tadbirlarini amalga oshirishi uchun davlat subsidiyalari ajratib kelinmoqda.
Hududlarda faoliyat koʻrsatayotgan “Doʻstlik uylari”dan joy ajratilgan va ular bu joylardan mutlaqo bepul asosda foydalanib kelmoqdalar. Toshkent shahrining markazida joylashgan Millatlararo munosabatlar qoʻmitasining binosida ham respublika hamda Toshkent shahri darajasidagi 27 ta milliy madaniy markaz toʻlaqonli faoliyat koʻrsatishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Ayniqsa, joriy yil iyul oyida Millatlararo munosabatlar qoʻmitasi joylashgan bino yaqinida umummilliy totuvlikning oʻziga xos ramzi boʻlgan Milliy madaniy markazlar pavilyonining barpo etilishi, u yerda 22 ta millatga xos boʻlgan uylar barpo etilgani milliy madaniy markazlarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining katta sovgʻasi boʻldi. Ushbu pavilyonni hech ikkilanmasdan umummilliy totuvlik maskani deyishimiz mumkin.
30-iyul Xalqlar doʻstligi kuni munosabati bilan joriy yil 25-31-iyul kunlari yurtimiz boʻylab oʻtkazilgan “Doʻstlik” festivali ushbu milliy madaniy markazlar pavilyonining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Unda Oliy Majlis Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Xitoy kabi davlatlardan mehmonlar, shuningdek 30 ta davlat va xalqaro tashkilotning Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbar va xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari ushbu pavilyonning barpo etilishini noyob hodisa sifatida baholashib, u Oʻzbekistonda yashab kelayotgan millatlar va elatlarning oʻz madaniyati va urf-odatlari, anʼanalarini saqlab qolish, ularni rivojlantirish uchun yana bir ulkan imkoniyat eshiklarini ochishini, mamlakatimizda millatlararo totuvlik va umummilliy hamjihatlik borasida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarni oʻzida toʻla ifodalashini, oʻzaro madaniy almashinuv maydoni vazifasini bajarishini taʼkidlashdi.
Tadbirda ishtirok etgan BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Akiko Fuji Oʻzbekistonda turli millat va elat vakillariga nisbatan boʻlgan hurmat va eʼtiborni yuksak qadrlashini, milliy madaniy markazlar pavilyoni ochilishi haqiqiy insoniy va ilgʻor gʻoya deb hisoblashini aytib oʻtdi.
Prezidentimizning qatʼiy siyosiy irodalari tufayli xorijda istiqomat qilayotgan Vatandoshlar bilan yaqindan ishlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunday loyihalardan biri “Uz Global Think” forumidir. Ushbu loyiha tadbirkorlik platformalarini yaratish, jamiyat hayotini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ekologik barqarorlik, sifatli taʼlim kabi masalalarda oʻzaro fikr-mulohaza almashish maqsadida ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari hisoblangan xorijdagi vatandoshlarning doimiy muloqoti koʻrinishida amalga oshiriladi.
Shuningdek, xorijdagi vatandoshlar orasida akademik doiradagi shaxslar, ularning hayot yoʻli, muvaffaqiyatlari, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga xizmat qiladigan tavsiyalari toʻgʻrisida fikr almashuvchi platforma yoʻlga qoʻyilmoqda.
Bundan tashqari BMT Taraqqiyot dasturining “Xorijdagi vatandoshlar orqali bilimlarni transfer qilish” dasturi namunasida xorijdagi vatandoshlarning Yangi Oʻzbekiston iqtisodiy qudratiga qoʻshayotgan hissasini yanada oshirish maqsadida innovatsion ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va ekologik barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladigan inson kapitali transferini amalga oshirish ustida ishlar olib borilmoqda.
Xorijiy oʻquv yurtlarini bitirib, xorijiy davlat hududida yashab, ishlab kelayotgan vatandoshlarni birlashtiruvchi, ularni qoʻllab quvvatlovchi “Oʻzbekistonlik bitiruvchilar” dasturi ishlab chiqilmoqda.
Ushbu vazifalarning barchasi xorijdagi vatandoshlar ishtirokida Oʻzbekistonni yanada taraqqiy ettirishga xizmat qiladi.
Insonning eng muhim erkinliklaridan biri bu shak-shubhasiz vijdon erkinligidir. 2021-yilda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi yurtimizda vijdon erkinligini institutsional jihatdan mustahkamlash yoʻlidagi navbatdagi muhim qadam boʻldi. Ushbu qonun bagʻrikenglik tamoyillarini, barcha konfessiyalar faoliyati uchun barqaror huquqiy asosni yanada mustahkamladi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda 16 ta konfessiyaga mansub 2361 ta diniy tashkilotlar erkin faoliyat yuritmoqda. Ularning 2164 tasi islomiy, 197 tasi noislomiy, 180 ta xristian, 8 ta yahudiy, 7 ta bahoiy, shuningdek, buddaviylik ibodatxonasi, krishnaitlar markazi va konfessiyalararo bibliya jamiyatidir. Birgina 2017-2024-yillarda 108 ta yangi diniy tashkilot roʻyxatdan oʻtkazilgan. Yangi masjid, xristian cherkovi va ibodatxonalari qurildi, mavjudlari taʼmirlandi. Bu esa barcha konfessiyalarga hurmat koʻrsatishning amaldagi tasdigʻidir.
Shu bilan birga, joriy yil 25-fevralda “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” Qonun bilan qabul qilinishi jamiyat hayotida katta voqea boʻldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.
Konsepsiya koʻpmillatli va koʻpkonfessiyali Oʻzbekiston xalqiga umumjamiyat manfaatlarini roʻyobga chiqarishga, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida oʻzaro totuvlikda yashashini taʼminlashga xizmat qiladi.
Joriy yil 10-13-sentyabr kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida “Deklaratsiyalar muloqoti” II xalqaro forumi oʻtkazildi.
Birinchi “Deklaratsiyalar muloqoti” forumi 2022-yil may oyida besh kun davomida Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida boʻlib oʻtgan edi. Forumda bir qator xorijiy davlatlardan yetuk olimlar, shuningdek sohaga oid mahalliy davlat idoralari, diniy tashkilotlar vakillari qatnashgan. oʻsha anjuman yakuni boʻyicha qabul qilingan Buxoro deklaratsiyasi keyinchalik BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasida rasmiy hujjat sifatida tan olingan. Bu esa turli millat vakillari, turfa din hamda eʼtiqodga mansub insonlardan iborat bagʻri keng jamiyatni shakllantirish boʻyicha Oʻzbekiston modeli naqadar muhimligi tasdiqlaydi.
“Deklaratsiyalar muloqoti” forumi muntazam oʻtkazilishi, unda xorijdan hamda xalqaro tashkilotlardan nufuzli ishtirokchilar qatnashishi oʻzbekistonningsh eʼtiqod erkinligi va konfessiyalararo totuvlikni taʼminlashga qaratilgan siyosati dunyo boʻylab yuksak eʼtirof etilayotganidan dalolatdir. Bundan tashqari, II Forum Oʻzbekistonning dinlararo muloqotni yuqori qadriyat darajasiga koʻtarish maqsadida ochiqlik tamoyiliga, diniy bagʻrikenglik va tolerantlik muhitini rivojlantirishga sodiqligini tasdiqlaydi. Shuningdek, ushbu anjuman xalqlar va turli konfessiyalar vakillari oʻzaro tinch-totuv yashashini taʼminlash boʻyicha ilgʻor tajribalarni almashish uchun oʻziga xos maydon vazifasini oʻtaydi, deb hisoblaymiz.
Maqolani Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 30-iyul – Xalqlar doʻstligi kuni munosabati bilan bayram tabrigidagi quyidagi soʻzlar bilan yakunlamoqchiman:
“Dunyoning turli mintaqalarida milliy va diniy asosda turli nizolar davom etayotgan hozirgi oʻta tahlikali sharoitda yagona Oʻzbekiston gʻoyasi asosida eng katta boyligimiz – yurtimizdagi osoyishtalik va barqarorlik, oʻzaro hurmat va totuvlik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, bilim-maʼrifat, kasb-hunarlar egasi etib tarbiyalash, inklyuzivlik tamoyillarini chuqurlashtirish borasidagi ishlarimizni kelgusida ham izchil davom ettiramiz.
Oʻzbekiston fuqarosi ekanidan faxrlanadigan barcha millat va konfessiyalar vakillari hamda xorijdagi vatandoshlarimizning huquq va manfaatlarini Konstitutsiya va qonunlarimiz talablari asosida hamma joyda qatʼiy himoya qilish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz”.
Qahramon SARIYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va
xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmitasi raisi