Oʻzbekiston – tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikni tarannum etayotgan diyor

Bugungi kunda Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining mutlaqo yangi bosqichiga qadam qoʻyganini barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar yaqqol namoyon etmoqda. Ichki va tashqi siyosat, iqtisodiy-ijtimoiy hayot, madaniy hamda diniy-maʼrifiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli oʻzgarishlar xalqimiz turmush tarzida oʻz ifodasini topmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi hamda xalqimizning birdamligi asosida qabul qilingan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatimizdagi yangilanishlar uchun mustahkam huquqiy va amaliy poydevor boʻlib xizmat qilmoqda. Mazkur dastur doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqimiz farovonligini yuksaltirish, davlat va jamiyatning barqaror rivojlanishini taʼminlash yoʻlida ulkan natijalarga zamin yaratmoqda.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda turli diniy konfessiyalar oʻrtasida oʻzaro hurmat, birdamlik va hamkorlik muhitini yanada mustahkamlash, madaniyatlararo muloqotni qoʻllab-quvvatlash hamda tinchlik va totuvlikni taʼminlashga qaratilgan izchil va puxta oʻylangan siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Eʼtiborlisi, 2017-yili 19-sentyabrda Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbusning amaliy ifodasi sifatida 2018-yili BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi yalpi sessiyasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik“ deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Oʻzbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasi BMTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.
Mazkur rezolyutsiya jahonda ekstremizm, terrorizm muammosi avj olib, turli din va eʼtiqod vakillariga nisbatan toqatsiz, murosasiz munosabatlar kuzatilayotgan bir vaqtda global tahdidlarga qarshi kurashishning samarali vositasi sifatida maʼrifat, taʼlim-tarbiya masalasini ilgari surgani bilan, ayniqsa, ahamiyatlidir.
Mazkur yoʻnalishdagi ishlarning uzviy davomi sifatida
2022-yilda “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasida mustahkamlangan tamoyil va qoidalarni hayotga tatbiq etish hamda
2020-yilda davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi maqsadlariga erishish maqsadida “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi oʻtkazilgan edi.
Xalqaro uchrashuvning asosiy natijasi sifatida “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilingan. Ilgari Marokash, Makka, Jakarta, Potomak va Punto-del-Esteda qabul qilingan deklaratsiyalarni toʻldiradigan ushbu hujjat Oʻzbekistonning diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik gʻoyalarini xalqaro darajada qaror toptirishga qoʻshadigan muhim hissasi boʻldi.
Muhim jihati shundaki mazkur muloqot anʼanaviy tus olib, joriy yilning 10-13-sentabr kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida “Deklaratsiyalar muloqoti” ikkinchi xalqaro forumi oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.
Mazkur xalqaro forum jahon hamjamiyatining eʼtiqod erkinligini taʼminlash va dinlararo muloqotni mustahkamlash yoʻlidagi saʼy-harakatini birlashtirish jarayoni ajralmas qismi boʻlib, davlatimizning inson huquq va erkinligi boʻyicha xalqaro majburiyatlarga qatʼiy sodiqligni xalqaro miqyosda faol targʻib etishga tayyorligi ifodasidir.
Taʼkidlash joizki, dunyoning turli mintaqa va davlatlarida insonning yashashi, taʼlim olishi, mehnat qilish va oʻz iqtidorini namoyish etish va oʻz diniy eʼtiqodiga amal qilish kabi hayotiy va tabiiy haq-huquqlari turli darajada poymol etilayotgan bir davrda Oʻzbekistonda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari bagʻrikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashab kelmoqda. Turli millat va din vakillarining bexavotir oʻz ibodatlarini emin-erkin ado etishlari esa jamiyat barqarorligida ustuvor jihat hisoblanadi.
Hozirgi kunda Oʻzbekistonda jami 2373 ta diniy tashkilot boʻlib, shundan 2174 tasi islomiy va 199 tasi noislomiy diniy tashkilot hisoblanadi.
Soʻnggi sakkiz yilda respublika boʻyicha jami 130 ta diniy tashkilot, shu jumladan 3 ta oliy va 1 ta oʻrta maxsus islom bilim yurti, 105 ta masjid hamda 25 ta turli konfessiyaga taalluqli noislomiy diniy tashkilotlar davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Albatta, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning huquqiy asosi sifatida 2025-yil 25-fevraldagi Oʻzbekiston Respublikasining
1037-sonli Qonuni bilan qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi”ni alohida eʼtirof etish zarur.
Mazkur konsepsiya vijdon erkinligiga boʻlgan huquqni va Oʻzbekiston Respublikasi dunyoviy davlat ekanligiga oid konstitutsiyaviy qoidalarni roʻyobga chiqarish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplarini va ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi.
Konsepsiya davlatchiligimiz rivojining boy milliy-tarixiy tajribasiga va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda ishlab chiqilgan boʻlib, koʻpmillatli va koʻpkonfessiyali Oʻzbekistonda umumjamiyat manfaatlarini roʻyobga chiqarish, demokratiya, dunyoviylik, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida oʻzaro totuvlikda yashash hamda izchil taraqqiy etish uchun zarur barqaror muhitni taʼminlashga qaratilganini taʼkidlash lozim.
Oʻtgan qisqa vaqt ichida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi.
Ushbu muassasalar “Jaholatga qarshi maʼrifat” ezgu umuminsoniy gʻoyasi asosida jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhitni taʼminlashga, yoshlarni zamonaviy fikrlaydigan va buyuk ajdodlarimizga har jihatdan munosib etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, 2017-yilga qadar 3 ta oliy (1 ta islomiy 2 ta noislomiy) hamda 9 ta oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasasi faoliyat yuritgan boʻlsa, bugungi kundagi holatga koʻra, respublika boʻyicha jami 16 ta diniy taʼlim muassasasi mavjud boʻlib, ulardan
6 tasi oliy taʼlim berishga moʻljallangan.
Mazkur sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yanada rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish borasida “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Farmon imzolandi.
Ushbu Farmonning imzolanishi nafaqat diniy-maʼrifiy soha vakillari tomonidan, balki keng jamoatchilik tomonidan ham katta xursandchilik va mamnuniyat bilan qabul qilindi.
Yana bir eʼtiborli jihat: soʻnggi yillarda nislomiy konfessiyalarning tadbirlari yuqori saviyada tashkil etib kelinmoqda. Xususan, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va Oʻzbekiston yeparxiyasining 145-yilligi (2017-yil noyabr) va 150-yilligi (2021-yil noyabr), Arman apostollik cherkovining 120-yilligi (2023-yil sentyabr), Oʻzbekiston Bibliya jamiyatining 25-yilligi (2018-yil noyabr) va 30-yilligi (2023-yil sentyabr), Bahoiylar diniy jamoasi asoschisi Bahoulla tavalludining 200-yilligi (2017-yil noyabr), Bob tavalludining 200-yilligi (2019-yil noyabr) va Abdul Baho vafotining 100-yilligi (2022-yil yanvar) kabi tadbirlarning yuqori saviyada tashkil etilgani – yurtimizdagi tinchlik va bagʻrikenglikning yaqqol namunasi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Shu bilan birga, turli din vakillarining xorijdagi muqaddas maskanlarni ziyorat qilishiga ham katta eʼtibor qaratildi. Jumladan, 500 mingga yaqin fuqaro Haj va Umra safariga, 10 000 dan ortiq fuqarolar Isroil, Rossiya, Gruziya, Turkiya kabi davlatlarda ziyoratlarni amalga oshirdi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston ming yillar davomida Buyuk ipak yoʻlining ajralmas va muhim qismi sifatida dunyo sivilizatsiyasi taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshib kelgan. Bu zaminda savdo-sotiq, ilm-fan va madaniyat markazlari hamisha rivojlanib, xalqimizga xos bagʻrikenglik, mehmondoʻstlik hamda turli madaniyat vakillariga hurmat tuygʻulari taraqqiyotning asosiy omili boʻlgan.
Shu bois, bugungi kunda ham yurtimizda turli millat va xalqlarning urf-odat hamda anʼanalari oʻzaro uygʻunlikda rivojlanmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan izchil siyosat nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida ham tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikni taʼminlashda muhim asos boʻlib xizmat qilayotgani shubhasiz.
Yurtimizda boʻlib oʻtadigan “Deklaratsiyalar muloqoti” ikkinchi xalqaro forumida dunyoning turli hududlaridan keng doiradagi vakillar ishtirok etishi ham Oʻzbekistonning eʼtiqod erkinligini, konfessiyalararo totuvlikni taʼminlash borasidagi davlat siyosati samaradorligi jahon hamjamiyati tomonidan yuksak eʼtirof etilayoganidan dalolat.
Davronbek Maxsudov,
Oʻzbekiston Respublikasi
Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi raisining
birinchi oʻrinbosari