Infografika: Oʻzbekistonning SHHTga aʼzo davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 31-avgust – 1-sentyabr kunlari Xitoyning Tyanszin shahrida boʻlib oʻtadigan SHHT sammitida ishtirok etadi. Shu munosabat bilan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Oʻzbekistonning SHHTga aʼzo davlatlar bilan savdo-investitsiya hamkorligiga oid 8-yillik va 2024-yil uchun infografika tayyorladi
Shanxay hamkorlik tashkiloti
Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) – 2001-yilda tashkil etilgan xalqaro mintaqaviy tashkilot hisoblanadi. Hozirgi kunda SHHT tarkibiga 10 ta davlat aʼzo: Belarus, Hindiston, Eron, Qozogʻiston, Xitoy, Qirgʻiziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va Oʻzbekiston.
Shanxay Hamkorlik Tashkilotida (SHHT) kuzatuvchi davlat maqomiga ega boʻlgan 2 ta davlat — Afgʻoniston va Moʻgʻuliston — hozirda tashkilot faoliyatida faol ishtirok etib kelmoqda. Shu bilan birga, 14 ta davlat SHHTning muloqot boʻyicha sheriklari sifatida tan olingan. Ular quyidagilardir: Ozarbayjon, Armaniston, Bahrayn, Misr, Kamboja, Qatar, Quvayt, Maldiv orollari, Myanma, Nepal, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Shri-Lanka.
2017-yilda Hindiston va Pokistonning, 2023-yilda Eronning, 2024-yilda esa Belarusning SHHTga qoʻshilishi tashkilotning geografik qamrovi hamda siyosiy nufuzini sezilarli darajada kengaytirdi va uni dunyoning eng yirik mintaqaviy tashkilotlaridan biriga aylantirdi.
Shuningdek, yangi davlatlarning aʼzo boʻlishi SHHT doirasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini ham kengaytirdi. Xususan, savdo, investitsiya va transport-logistika sohalaridagi hamkorlik uchun yangi sharoitlar yaratildi.
Oʻzbekistonning SHHT davlatlari bilan tashqi savdo koʻrsatkichlari
SHHTga aʼzo mamlakatlar, ayniqsa, Rossiya, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari, Oʻzbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlari qatoriga kiradi.
2017–2024-yillar davomida Oʻzbekistonning SHHT davlatlari bilan tovar aylanmasi 2,5 barobar oshib, 12,9 mlrd. dollardan 32,5 mlrd. dollarga yetdi. Eksport hajmi 1,6 barobar oʻsib, 5,8 mlrd. dollardan 9 mlrd. dollarga koʻtarildi, import esa 3,3 barobar oshib, 7,1 mlrd. dollardan 23,5 mlrd. dollarga yetdi.
Shu bilan birga, SHHT mamlakatlari bilan tovar aylanmasi ulushi umumiy tashqi savdoda 48,6%dan 49,4%ga koʻtarildi. Eksportda ularning ulushi 46,2%dan 33,4%ga pasaydi, importda esa 50,6%dan 60,4%ga oʻsdi.
2024-yilda SHHT mamlakatlariga toʻgʻri kelgan eksport ulushi umumiy koʻrsatkichning 33,4%ini ($9 mlrd.) tashkil etdi. Biroq, eksport tarkibidagi oltin (2024-yilda $7,48 mlrd.) asosan boshqa mamlakatlarga yoʻnaltirilgani uchun, oltinsiz hisoblaganda SHHT mamlakatlarining Oʻzbekiston umumiy eksportidagi ulushi 46,3%ga teng boʻldi.
2024-yilda 2023-yilga nisbatan Oʻzbekistonning SHHT mamlakatlari bilan tovar aylanmasi 0,1%ga oʻsib, 32,5 mlrd. dollardan 32,54 mlrd. dollarga yetdi. Eksport 3,5%ga kamayib, 9,33 mlrd. dollardan 9,01 mlrd. dollarga tushdi, import esa 1,6%ga koʻtarilib, 23,17 mlrd. dollardan 23,53 mlrd. dollarga yetdi.
2024-yilda Oʻzbekistonning SHHT mamlakatlari bilan tashqi savdosida eng katta ulush quyidagi davlatlarga toʻgʻri keldi:
Tovar aylanmasida: Xitoy – $12,5 mlrd. (38,4%), Rossiya – $11,63 mlrd. (35,7%), Qozogʻiston – $4,28 mlrd. (13,1%).
Eksportda: Rossiya – $3,7 mlrd. (40,9%), Xitoy – $2,1 mlrd. (22,8%), Qozogʻiston – $1,45 mlrd. (16,1%), Qirgʻiziston – $631,5 mln. (7,1%), Tojikiston – $605,0 mln. (6,8%).
Importda: Xitoy – $10,43 mlrd. (44,3%), Rossiya – $7,95 mlrd. (33,8%), Qozogʻiston – $2,83 mlrd. (12%).
Shu bilan birga, 2024-yilda SHHT mamlakatlaridan Oʻzbekistonga yoʻnaltirilgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar umumiy hajmi $11,4 mlrd.dan oshdi (umumiy toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlarning 46,6%).
Muhim jihatlardan biri – SHHT davlatlari Oʻzbekistonning tayyor eksport mahsulotlari uchun asosiy bozorga aylandi. Xususan, Oʻzbekistondan eksport qilinayotgan meva-sabzavot va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, elektrotexnika tovarlari, shuningdek, toʻqimachilik va avtomobil sanoati mahsulotlarining asosiy qismi (80%dan ortiq) aynan SHHT mamlakatlariga yetkazib beriladi.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston SHHT aʼzo davlatlaridan iqtisodiyot rivoji uchun zarur boʻlgan mahsulot va xomashyo importini amalga oshiradi. Bu nafaqat ishlab chiqarish korxonalarining samarali faoliyat yuritishi, balki ichki bozordagi isteʼmolchilar talabini qondirishda ham muhim ahamiyatga ega. Masalan, metall mahsulotlari, yogʻoch va neft mahsulotlarining asosiy qismi SHHT davlatlaridan keltiriladi.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonga import qilinadigan mashinalar va uskunalarning 50%dan ortigʻi, jumladan tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan butlovchi qismlar ham SHHT davlatlaridan, asosan Xitoydan olib kelinadi.
SHHT mamlakatlari Oʻzbekistonning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda ham muhim oʻrin egallaydi. Chunki umumiy oziq-ovqat importining taxminan 70%i SHHT mamlakatlari hissasiga toʻgʻri keladi. Jumladan, Rossiya va Qozogʻistondan asosiy hajmda yogʻ-moy hamda don mahsulotlari yetkazib beriladi.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, SHHTning asoschi davlatlaridan biri sifatida, Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning markazida joylashgan va tashkilotga aʼzo barcha davlatlar bilan yaqin, doʻstona aloqalarni qoʻllab-quvvatlaydi hamda ular bilan koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdordir.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi