SHHT mamlakatlari moliya institutlari imkoniyatlari orqali kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston tashqi iqtisodiy siyosatda integratsiya jarayonlarini izchil davom ettirmoqda. Bu jarayonda Shanxay hamkorlik tashkiloti alohida strategik yoʻnalish sifatida namoyon boʻlib, nafaqat siyosiy muloqot, balki moliya va investitsiya sohasida ham muhim maydonga aylanmoqda.
2024-yilda SHHT mamlakatlari bilan tovar aylanmasi 31 milliard AQSH dollariga yetib, 9,5 foiz oʻsish qayd etildi. Xitoy, Rossiya va Qozogʻiston asosiy sheriklar sifatida yetakchilik qilmoqda, shuningdek, Hindiston, Pokiston, Eron va Belarus bilan ham savdo aylanmasi barqaror oʻsishni koʻrsatmoqda. Bu raqamlar kichik va oʻrta tadbirkorlik uchun yangi bozorlar ochilayotganini va hamkorlik geografiyasi kengayib borayotganini yaqqol koʻrsatmoqda.
Biroq tashqi savdoni rivojlantirishning asosiy drayverlaridan biri — moliya institutlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanishdir. Hozirgi kunda SHHT doirasida qator moliyaviy tuzilmalar faoliyati yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda. Jumladan, SHHT Taraqqiyot banki va SHHT Investitsiya fondini tashkil etish boʻyicha tashabbuslar ilgari surilgan, milliy banklar oʻrtasida hamkorlik platformalari va qoʻshma moliyaviy mexanizmlar esa bosqichma-bosqich rivojlantirilmoqda. Ushbu jarayonlar kichik va oʻrta biznes uchun qulay shart-sharoit yaratishga xizmat qiladi.
SHHT Taraqqiyot banki loyihasi mintaqaviy yirik infratuzilma tashabbuslarini moliyalashtirish bilan bir qatorda, kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlariga uzoq muddatli va imtiyozli kreditlar taqdim etish imkoniyatini nazarda tutadi. Shuningdek, SHHT Investitsiya fondi konsepsiyasi sanoat, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika sohalarida qoʻshma loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan.
Oʻzbekiston uchun bu imkoniyatlar ayniqsa dolzarb. Chunki soʻnggi yillarda mamlakatimizda kichik va oʻrta biznes iqtisodiyotning asosiy tayanchiga aylandi. 2023-yilda erkin iqtisodiy zonalarda joylashgan 589 ta korxona 3,3 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqardi, uning qariyb 20 foizi eksportga yoʻnaltirildi. Mazkur koʻrsatkichlarni yanada oshirish uchun SHHT moliya institutlari bilan samarali hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bu jarayonlarda bogʻlovchi koʻprik sifatida harakat qilmoqda. Palata tadbirkorlarning xalqaro moliya institutlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotini taʼminlash, moliyaviy resurslarga yetishishini yengillashtirish va transmilliy loyihalarda ishtirokini faollashtirishga yoʻnaltirilgan qator tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Shu bilan birga, SHHT makonida yagona sanoat standartlari, mahsulot sertifikatlash tizimi va raqamli savdo platformalarini joriy etish masalalarida ham faol ishtirok etmoqda.
Moliyaviy hamkorlik “yashil iqtisodiyot” sohasida ham yangi imkoniyatlar ochmoqda. Mintaqada ekologik barqarorlik, energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanish — bugungi kunning asosiy yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. SHHT “yashil moliya” dasturlari tadbirkorlarga ekotexnologiyalar, resurs tejamkor ishlab chiqarish va innovatsiyalarga investitsiya jalb qilish imkonini bermoqda.
Kelgusida SHHT doirasida qoʻshma investitsiya fondlari, biznesni qoʻllab-quvvatlashning yangi mexanizmlari va tadbirkorlar uchun yagona moliya-axborot maydonlarini shakllantirish koʻzda tutilmoqda. Bu kichik va oʻrta biznes uchun transmilliy hamkorlikka keng yoʻl ochib, ularning “Raqamli Ipak yoʻli” va boshqa yirik mintaqaviy tashabbuslarda faol ishtirokini taʼminlaydi.
Shu bois, SHHT mamlakatlari moliya institutlari imkoniyatlari — Oʻzbekiston tadbirkorlari uchun katta strategik resursdir. Ularni toʻla ishga solish orqali nafaqat savdo aylanmasini koʻpaytirish, balki yangi ish oʻrinlari yaratish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni yoʻlga qoʻyish va mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga hissa qoʻshish mumkin. Bugungi 31 milliard dollarlik savdo hajmi — faqat boshlanish, yaqin kelajakda bu koʻrsatkichlarni yanada oshirish uchun moliya institutlari imkoniyatlarini keng qoʻllash asosiy vazifa boʻlib qolmoqda.