Oʻzbekiston va Xitoy: Ipak yoʻli merosini tiklashda hamkorlik mustahkamlanmoqda

Oʻzbekiston va Xitoy davlatlari oʻrtasidagi hamkorlik strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgan. Bunda, ikki mamlakat rahbarlarining doʻstona munosabatlari, ikki xalq manfaatlariga qaratilgan keng koʻlamli hamkorlik aloqalari muhim oʻrin tutmoqda.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek, Xitoy bilan koʻp qirrali munosabatlarni rivojlantirish Oʻzbekiston tashqi siyosatining bosh ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib kelgan va shunday boʻlib qolmoqda. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar barqaror yuqori surʼatni namoyish etib, oʻz tarixidagi eng namunali davrni boshidan kechirmoqda. Oʻylaymanki, bu har tomonlama asoslangan. Zero, “qadim tarixga ega buyuk sivilizatsiyalar doim bir-biriga oʻxshaydi, bir-birini tushunadi va ruhan bir-biriga yaqindir”. Oʻzbekiston va Xitoy xalqlarining madaniyati va qadriyatlari oʻxshash. Tarixiy rishtalarimiz jahon savdosining aksariyat qismini taʼminlagan Buyuk ipak yoʻlining vujudga kelish davriga borib taqaladi.
Haqiqatan, davlatlarimiz oʻrtasidagi yaqin hamkorlik aloqalari qadimdan Buyuk ipak yoʻli orqali mavjud boʻlgan.
Buyuk ipak yoʻli – asrlar davomida Xitoyning qadimiy Sian shahridan boshlanib, dunyoning koʻplab mamlakatlari hududidan oʻtgan va koʻhna Rimga qadar yetib borgan bu ulkan savdo yoʻli jahon xalqlari oʻrtasidagi iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy muloqot vositasi boʻlib kelgan.
Shu oʻrinda Xitoy va Markaziy Osiyo, jumladan, Oʻzbekiston oʻrtasidagi madaniy aloqalar tarixiga toʻxtalib oʻtsak. Eramizdan avvalgi II asrlarda Xitoyning Xan sulolasi va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida diplomatik va savdo munosabatlari oʻrnatilgan. Bu munosabatlar orqali ipak, qogʻoz, choy kabi mahsulotlar Sharqdan Gʻarbga, turli qimmatbaho toshlar, otlar, ziravorlar esa Gʻarbdan Sharqqa olib borilgan.
Xitoydan qogʻoz ishlab chiqarish texnologiyasi Markaziy Osiyo orqali Islom dunyosi va Yevropaga kirib borgan. Musiqa, raqs, amaliy sanʼat, kulolchilik va ipakchilikda ikki yoʻnalishning oʻzaro taʼsiri yuz berdi.
Oʻsha zamonlardayoq oʻz davrining ikki buyuk sivilizatsiyalari boʻlmish mamlakatlarimiz nafaqat mahsulotlar, balki bilimlar bilan almashgan. Oʻrta Osiyolik olimlar, matematiklar, astronom va tabiblar xitoy ilmi taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻshgan. Ularning koʻpi qadimgi Xitoyning atoqli davlat arboblari va olimlariga aylangan. Maʼlumki, buxorolik Said Ajal Umar Yunnan muzofotining birinchi davlat arbobi boʻlgan. Buyuk Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari kitobi” va boshqa asarlari xitoy tiliga tarjima qilingan, “Xueyxueyyaofan” (“Musulmon dorilari”) va “Bensaoganmu” (“Dorivor oʻsimliklar toʻgʻrisida risola”) asarlari yaratilishida foydalanilgan.
Bugungi kunda Oʻzbekiston va Xitoy “Ipak yoʻli merosi” doirasida madaniy hamkorlikni kuchaytirmoqda. Samarqand, Buxoro va Xitoy shaharlari oʻrtasida ilmiy konferensiyalar, koʻrgazmalar va sanʼat festivallari oʻtkazib kelinmoqda. “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi madaniy diplomatiya va turizm aloqalarini yanada rivojlantirmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, Buyuk Ipak yoʻli Xitoy va Oʻzbekiston xalqlari oʻrtasidagi madaniy, maʼnaviy va ilmiy aloqalar uchun ulkan koʻprik boʻlib xizmat qilgan va bu aloqalar hozirgi kunda ham yangi mazmun bilan davom etmoqda.
Oʻzbekiston va XXRning uzoq yillik munosabatlarining institutsional asoslari strategik hujjatlarda oʻz aksini topgan. Masalan, 2013-yildagi “Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish haqidagi qoʻshma deklaratsiya”, 2016-yildagi Strategik hamkorlik toʻgʻrisidagi oʻzaro anglashuv bitimi va boshqa hujjatlarni aytish mumkin.
Davlat rahbarlari Oʻzbekiston–Xitoy sherikligining 2023-2027-yillarga moʻljallangan dasturini imzolagan.
Oʻzbek va xitoy xalqlari madaniy-gumanitar sohada ham anʼanaviy yaqin rishtalar bilan bogʻlangan. Shu maʼnoda hozirgi ikki tomonlama strategik hamkorlik munosabatlari yangi formatga koʻchdi. Bu formatdagi oʻzgarishlarning asosiy mazmuni noyob madaniyat hamda ulkan intellektual salohiyatni namoyon etishga qaratilgan.
Xususan, madaniy meros va arxeologiyani saqlash boʻyicha izchil hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. 2014 - 2019-yillarda Xitoy mutaxassislari bilan hamkorlikda Ichan-Qalʼada taʼmirlash va restavratsiya ishlari olib borildi. Loyiha doirasida 20 ga yaqin tarixiy inshoot tiklandi.
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) doirasida madaniy merosni asrab-avaylash va Ipak yoʻli tarixini tiklash masalalariga doimiy eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻzbekiston va Xitoyning Ipak yoʻli merosini tiklashga qaratilgan hamkorligi keng qamrovli boʻlib, u nafaqat tarixiy obidalarni saqlash, balki iqtisodiy infratuzilma, savdo yoʻnalishlari va madaniy almashuvlar orqali yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qoʻymoqda.
2025-yil Xitoyda Oʻzbekiston Turizmi yili deb eʼlon qilindi. Bu doirada Oʻzbekistonning madaniy va turistik potensiali Xitoyda amalga oshirilgan bir qator tadbirlar orqali namoyon etildi.
Guanchjou xalqaro turizm yarmarkasining 2025-yilgi koʻrgazmasida Oʻzbekiston milliy pavilyonida koʻplab madaniy va turistik mahsulotlar, regionlarning anʼanaviy sanʼati namoyish etildi.
Oʻzbekiston -Xitoy madaniy sherikligi doirasida Beijing Forbidden City (Gugun) muzeyida ilm-fan va arxeologiya hamkorligiga bagʻishlangan koʻrgazmalar tashkil etildi.
Ikki davlat oʻrtasida madaniyat sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, kun tartibida turgan masalalarni muhokama etish, istiqboli loyihalarni ishlab chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻmitaning Madaniy-gumanitar hamkorlik boʻyicha kichik qoʻmitasi tashkil etilgan. Ushbu qoʻmita har yili ikki davlat tegishli vazirlik va idoralari vakillari ishtirokida majlislar tashkil etish orqali oʻz faoliyatini olib bormoqda.
“Markaziy Osiyo – dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida” Xalqaro madaniyat forumi, “Lazgi” xalqaro raqs festivali, Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesi, Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali, “Sharq taronalari” musiqa festivali kabi yirik madaniy tadbirlarda Xitoy vakillari doimiy ravishda ishtirok etib kelmoqda.
Xitoyda oʻtgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammitida, Pekin shahrida boʻlib oʻtgan “Insoniyat sivilizatsiyalari xilma-xilligini asrash – jahon tinchligi va taraqqiyoti uchun” nomli xalqaro anjumanda Oʻzbekiston delagatsiyasi ishtirok etgan.
2023-yil 27-oktyabr – 1-noyabr kunlari Oʻzbekistonda “Xitoy madaniyati kunlari” tashkil etildi. Oʻz navbatida, 2024-yil 20-26-yanvar kunlari Xitoyda “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” muvaffaqiyatli oʻtkazilgan.
2024-yil 27-30-iyun kunlari Zomin tumanida oʻtkazilgan Ikkinchi xalqaro maqom sanʼati anjumanida Xitoy vakillari qatnashib, Xitoyning “Shinjon” badiiy teatri jamoasi uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.
2025-yil 3-7-iyul kunlari Xitoyning Chongching shahrida oʻtkazilgan SHHTga aʼzo davlatlar kinofestivalida riyejissyor Ayub Shahobiddinovning “Bahorni quvib” filmida suratga tushgan Raʼno Shodiyeva “Eng yaxshi aktrisa” nominatsiyasida gʻolib boʻldi.
Ikki doʻst va strategik sherik mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun ikki davlat madaniyat vazirliklari oʻrtasida 2026-2030-yillarga moʻljallangan madaniy hamkorlik dasturini qabul qilish rejalashtirilgan.
Madaniy taʼlim sohasida hamkorlikni kengaytirish, Oʻzbekistonning madaniyat va sanʼat oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari va talabalariga Xitoyning grant va stipendiya dasturlarini ajratish, Xitoyning sanoat koʻngilochar sohasidagi (entertainment business) tajribasini oʻrganish va uni Oʻzbekiston sharoitida qoʻllash maqsad qilingan.
Kelgusi yilda ikki mamlakatda madaniyat va sanʼat haftaliklarini oʻtkazish rejalashtirilgan.
Yaqindagina Toshkent fotosuratlar uyida “Ajoyib Xitoy, goʻzal Shinjon” tasviriy sanʼat va fotosuratlar koʻrgazmasi ochildi. Koʻrgazma Xitoy badiiy sanʼatini oʻzbek xalqiga namoyish etishga qaratilgan.
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston va Xitoy munosabatlari sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarildi hamda bu ikki davlatning bir-biri bilan uzoq muddatli strategik hamkor ekanligidan dalolat beradi. Bu esa, ikki mamlakat xalqlarining milliy manfaatlariga va hozirgi zamon talablariga toʻla mos keladi.
Ozodbek Nazarbekov,
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri.