2025-yilning birinchi yarmida Oʻzbekistonda xitoylik investorlar bilan umumiy qiymati 500 million AQSH dollardan ortiq turizm loyihalari amalga oshirilmoqda

Oʻzbekiston – Xitoy: Turizm sohasiga sarmoya jalb etish mexanizmlari
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi turizm hamkorligi nafaqat sayyohlar oqimining koʻpayishi, balki strategik sarmoyaviy sheriklik mezonlari asosida yangi bosqichga koʻtarildi. Turizm sohasi orqali ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy, madaniy va xalqlar oʻrtasidagi aloqalar chuqurlashmoqda. Bu jarayonda sarmoya jalb etish, hududiy rivojlanish, hamkorlikda yangi mahsulotlar yaratish kabi mexanizmlar amalda samarali ishlamoqda.
2025-yilning birinchi yarmida Oʻzbekiston Xitoydagi CSITE (Chendu), GITF (Guanchjou) va ITE Hong Kong kabi eng yirik xalqaro turizm koʻrgazmalarida milliy stendi bilan ishtirok etdi. Bu tadbirlarda mamlakat hududlaridan 100 dan ortiq turizm subyektlari qatnashib, Oʻzbekistonning boy sayyohlik salohiyatini namoyon etdi. Masalan, Guanchjoudagi GITF koʻrgazmasida 55 mamlakatdan 40 ming, ITE Hong Kong koʻrgazmasida esa 60 mingga yaqin mutaxassis ishtirok etgani, Oʻzbekiston uchun muhim marketing platformasi boʻldi.
Shu bilan birga, Xitoyning 9 yirik shahrida — Chunsin, Pekin, Makao, Fuchjou, Shenchjen va boshqalarda oʻtkazilgan roudshoular orqali xitoylik turoperatorlar va sayyohlar uchun “SUAR + Oʻzbekiston” qoʻshma turpaketlari, “Ipak yoʻli sarguzashtlari” kabi tematik marshrutlar, shuningdek qishki turizm yoʻnalishlari keng targʻib qilindi. Ushbu formatdagi tadbirlar Xitoyning yuzlab yirik turkompaniyalari bilan V2V uchrashuvlarga zamin yaratib, 40 dan ziyod hamkorlik shartnomalari imzolandi.
2025-yil 3-iyul kuni Samarqand shahrida tashkil etilgan “Ipak yoʻlidagi turizm” (WTA Silk Road Dialogue) xalqaro anjumanida Xitoy va xalqaro turizm doiralarining yuqori darajadagi vakillari ishtirok etdi. Anjumanda “SUAR + Oʻzbekiston” yoʻnalishi doirasida sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, provinsiyalar kesimida qoʻshma targʻibot va investitsiya tashabbuslarini amalga oshirish boʻyicha kelishuvlar erishildi. Ayniqsa, Xiva shahridagi “Arda Xiva” turizm markazi, Buxoro va Samarqandning moddiy va nomoddiy merosi taklif etilayotgan turpaketlarning asosiy boʻgʻini sifatida namoyon boʻlmoqda.
Xitoylik sayyohlarning Oʻzbekistonga qiziqishi ortishi bilan aviaqatnovlar infratuzilmasi ham yangi bosqichga koʻtarildi. Xitoyning uchta yetakchi aviakompaniyasi — Air China, China Southern va China Eastern — 2025-yil iyul oyidan boshlab Oʻzbekistonga doimiy reyslar tashkil etishni boshladi. Masalan, China Eastern “Sian – Toshkent” va “Shanxay – Toshkent” yoʻnalishlarini yoʻlga qoʻydi, Air China esa “Pekin – Toshkent” qatnovlarini amalga oshirmoqda. Bu kabi infratuzilma oʻzgarishlari sarmoyadorlar uchun ham, turoperatorlar uchun ham qulay muhit yaratishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Yana bir muhim jihat shundaki, 2025-yilning birinchi yarmida Oʻzbekistonda xitoylik investorlar bilan qiymati 519,5 million AQSH dollariga teng boʻlgan 16 ta turizm loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu sarmoyalar turizm infratuzilmasi, mehmonxona biznesi, tematik parklar va qoʻshma turlar rivojiga qaratilgan. Bunday loyihalar nafaqat turistik mahsulotni boyitadi, balki mahalliy aholi uchun ish oʻrinlari yaratish, hududiy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston – Xitoy turizm munosabatlari bugungi kunda faqat sayyohlik oqimi emas, balki investitsiya, infratuzilma va texnologik almashinuvni qamrab olgan keng koʻlamli hamkorlik shaklida namoyon boʻlmoqda. Tashkil etilayotgan koʻrgazmalar, yuqori saviyadagi forumlar va aviaqatnovlar geografiyasining kengayishi mamlakatimizga turizm orqali Xitoydan yangi sarmoya jalb qilish imkoniyatlarini yaratmoqda. Bu esa Oʻzbekistonni nafaqat xorijiy sayyohlar, balki investorlar uchun ham jozibali makon sifatida namoyon qilishda muhim poydevor boʻlib xizmat qiladi.
Umid Shadiyev,
Turizm qoʻmitasi raisi