SHHT turizm bozorida Oʻzbekistonning raqobatbardoshligi va afzalliklari

Oʻzbekiston soʻnggi yillarda xalqaro turizm bozorida, xususan, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) hududida oʻz oʻrnini mustahkamlamoqda. Mamlakatga 2025-yilning yanvar-iyun oylari davomida 5,3 mln nafardan ortiq xorijiy sayyohlar tashrif buyurdi (oʻsish 111 %) va 2,4 mlrd dollar miqdorida turizm xizmatlari eksporti (oʻsish 164 %) koʻrsatildi.
SHHTga aʼzo davlatlar uchun turizm nafaqat iqtisodiy oʻsish, balki madaniy almashinuv va diplomatik yaqinlashuvning ham muhim vositasi hisoblanadi. Oʻzbekiston mazkur tashkilot doirasida oʻzining boy madaniy merosi, zamonaviy infratuzilmasi va qulay vizalar siyosati orqali ajralib turadi.
Oʻzbekiston tarixiy obyektlarining boyligi bilan ham SHHT hududida raqobatbardosh afzallikka ega. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlar YUNESKOning jahon merosi roʻyxatiga kirgan boʻlib, ular sayyohlar uchun oʻziga xos madaniy magnitga aylangan. Bu shaharlarda yuzlab madaniy yodgorliklar, masjid va madrasalar, bozorlar va hunarmandchilik markazlari mavjud boʻlib, sayyohlar uchun noyob tajriba taqdim etadi.
Mamlakatda 2025-yilning birinchi yarmida 60 ta yangi mehmonxona, 287 ta oilaviy mehmon uylari, 146 ta xostel va 24 ta boshqa joylashtirish vositalari jami 517 ta yangi joylashtirish vositalari (12,8 ming oʻrin) tashkil etildi. Natijada mehmonxona va joylashtirish vositalari soni 6448 taga yetib, oʻrinlar soni 170 mingtadan oshdi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston jahon mehmonxona brendlari bilan ham faol hamkorlik qilib kelmoqda. Hilton, Intercontinental, Bentley, Bill Wyndham & Co va Azimut kabi yirik mehmonxona tarmoqlari mamlakatning turli hududlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda. Bu nafaqat xizmat koʻrsatish sifatiga, balki xalqaro ishonchga ham ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Shuningdek, turistlar uchun xizmat koʻrsatuvchi 368 ta yangi turistik tashkilot va turagentlar faoliyati yoʻlga qoʻyilishi natijasida ularning soni 4052 taga yetdi. Respublika boʻylab 3415 ta gid-ekskursovodlar faoliyat olib bormoqda, joriy yilning yanvar-iyun oylari mobaynida 215 ta gid-ekskursovodlar tayyorlandi. Bu oʻzgarishlar nafaqat turizm xizmatlarining sifatini oshirdi, balki mehmonlar uchun qulaylik darajasini ham keskin yaxshiladi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston vizasiz rejimlar borasida ham mintaqada yetakchi davlatlardan biriga aylangan. Hozirda 90 dan ortiq davlat fuqarolari vizasiz kirish huquqiga ega boʻlib, yana 56 davlat fuqarolari elektron viza orqali mamlakatga tashrif buyurishlari mumkin. Bu turizm oqimini oshirishda hal qiluvchi omil boʻlib xizmat qilmoqda.
Buning barchasi oʻz navbatida Oʻzbekistonga sayyohlar oqimini keskin oʻsishiga olib keldi. Jumladan, joriy yilning yanvar-iyunoylari davomida SHHTga aʼzo davlatlardan 4,3 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurdi. Bu esa mamlakatga tashrif buyurgan sayyohlarni umumiy sonidan 80 foizini tashkil etadi.
Shu bilan birga, “World Media Group” va “Blue Sky”, “Sky one”, “Wanderlust”, “Euronews”, “BBC”, “National Geographic”, “CNN” “Travel Tomorrow”, “Warner Bros. Discovery”, “Saga travel Group” xalqaro mediakorporatsiyalari, shuningdek, “Ctrip.com”, “Holiday factory”, “Voyage Prive” onlayn sayohat platformasi kabi bir qator xorijiy tashkilotlar va televideniyelar bilan shartnomalar asosida xalqaro miqyosda mamlakatimiz imidji ilgari surildi.
2024-yilda dunyoning yetakchi 19 ta mamlakatida boʻlib oʻtgan 22 ta xalqaro yarmarkalarda Oʻzbekistonning milliy turizm stendi bilan ishtirok etildi. Xususan, SHHT mintaqasida koʻplab turistik tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Xitoyda Oʻzbekiston turizm yili” doirasida 20 tadan ortiq provinsiyalarda turizm taqdimotlari, sayyohlik koʻrgazmalarida ishtirok etildi. 500 dan ortiq B2B uchrashuvlar oʻtkazildi, xitoylik sayyohlarni yurtimizga joʻnatish boʻyicha 44 ta bitim imzolandi.
Iqtisodiy nuqtayi nazardan, turizm Oʻzbekiston iqtisodiyotida muhim rol oʻynaydi. 2024-yil davomida 2,8 mlrd. dollarlik 591 ta loyihalar amalga oshirilib 19 428 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi. Hukumat 2025-yil uchun yanada katta maqsadlarni belgilagan: 11 million xorijiy sayyoh, 3,8 milliard dollarlik turizm daromadi va 50 mingta qoʻshimcha ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, mamlakat “Turizm-2040” strategiyasi doirasida uzoq muddatli rejalarni amalga oshirmoqda. Bu strategiyada barqaror turizm, ekologik sayohatlar, mahalliy jamoalarni jalb etish, infratuzilmani kengaytirish va raqamli texnologiyalarni joriy etish kabi yoʻnalishlar nazarda tutilgan.
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekistonning SHHT turizm bozoridagi raqobatbardoshligi bir necha omillar bilan taʼminlanmoqda: boy tarixiy va madaniy meros, zamonaviy infratuzilma, faol xalqaro marketing, qulay vizalar siyosati va barqaror iqtisodiy siyosat. Bu omillar mamlakatni nafaqat mintaqaviy, balki global turizm bozorida ham muhim oʻyinchiga aylantirmoqda.
Umid Shadiyev,
Turizm qoʻmitasi raisi