Oʻzbekistonning SHHT temir yoʻl loyihalaridagi yetakchi tashabbuslari

Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti arafasida mintaqada barqaror transport infratuzilmasini rivojlantirish masalasi alohida dolzarblik kasb etmoqda. Bugungi kunda transport yoʻlaklari shunchaki logistika yoʻnalishlari emas, balki nafaqat yuklar, balki oʻzaro ishonch, iqtisodiy hamkorlik va mintaqaviy barqarorlik harakatlanadigan strategik arteriyalardir.
SHHTning har bir sammitida transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlik masalalariga anʼanaviy ravishda ustuvor eʼtibor qaratiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev SHHTning Ostonadagi avvalgi 24-sammitida soʻzlagan nutqida mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash uchun yaxlit va oʻzaro bogʻlangan transport-tranzit tizimini shakllantirish zarurligini alohida taʼkidlagan edi.
Qizil dengiz va Sharqiy Yevropada geosiyosiy beqarorlik kuchayib borayotgan sharoitda Markaziy Osiyo orqali “Yevropa - Xitoy” va “Yevropa - Janubiy Osiyo” yoʻnalishlari boʻyicha muqobil, ishonchli quruqlik yoʻllarini barpo etish zarurati birinchi oʻringa chiqmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, nafaqat infratuzilmani rivojlantirish, balki transport-logistika tashabbuslarini boshqa xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan muvofiqlashtirish muhim vazifaga aylanmoqda. Bular qatoriga Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT), Fors koʻrfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (EOII), Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (ASEAN) va boshqalarni kiritish mumkin. Bunday muvofiqlashtirish SHHT mamlakatlari va hamkor davlatlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadigan samarali, oʻzaro bogʻliq yoʻnalishlarni shakllantirishga imkon beradi.
Davlatimiz rahbari bir necha bor taʼkidlaganidek, qoʻshma transport loyihalarini amalga oshirish iqtisodiy integratsiyaga, savdo aloqalarini kengaytirishga va mintaqaning global transport tizimidagi mavqeyini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ushbu saʼy-harakatlarda temir yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etadi. SHHT tashkil etilganidan buyon transport sohasini, ayniqsa, temir yoʻl tarmogʻini rivojlantirishga ustuvor eʼtibor qaratib kelmoqda. Bu alohida eʼtibor temir yoʻl transportini aʼzo davlatlar oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash, savdo hajmini oshirish va turizmni rivojlantirishning asosiy omilga aylantirdi.
Oʻzaro bogʻliq transport tarmogʻi mintaqada iqtisodiy integratsiyani mustahkamlash va aʼzo mamlakatlarning raqobatbardoshligini oshirishda hal qiluvchi rol oʻynamoqda. Hozirgi kunda SHHT mamlakatlarining temir yoʻl tarmogʻi umumiy uzunligi 348,3 ming kilometrni tashkil etib, shundan 60 foizdan ortigʻi (210,2 ming km) elektrlashtirilgan. Bu tarmoq orqali yiliga taxminan 8,2 milliard tonna yuk tashiladi, yuk aylanmasi 7,5 trillion tonna-kilometr, yoʻlovchi aylanmasi esa deyarli 1 424 milliard yoʻlovchi-kilometrga yetadi.
Dengizga chiqish imkoniyatiga ega boʻlmagan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun temir yoʻl asosiy va eng ishonchli transport turi hisoblanadi. Bugungi kunda mintaqadagi barcha yuk va yoʻlovchi tashishlarning 80 foizdan koʻprogʻi aynan shu transport turiga toʻgʻri keladi. Geografik joylashuvi, iqlim barqarorligi va yuqori energiya samaradorligini inobatga olgan holda, temir yoʻl transporti mintaqani jahon savdo-transport tizimlariga qoʻshishning asosiy vositasi boʻlib qolmoqda.
Yaqin xorijiy davlatlar orasida Oʻzbekistonning savdo aylanmasining katta qismi Xitoy, Rossiya va Qozogʻiston bilan amalga oshiriladi. 2025-yilning birinchi yarim yilligida ushbu mamlakatlar bilan tovar ayirboshlashning umumiy ulushi taxminan 40 foizni tashkil etdi: Xitoy - 18,2 foiz, Rossiya - 16,1 foiz, Qozogʻiston - 5,9 foiz. Keyingi oʻrinlarda Turkiya 3,6 foiz va Koreya Respublikasi 2,2 foiz ulush bilan joylashgan.
Rossiya va Qozogʻiston Oʻzbekistonning yetakchi savdo hamkorlari maqomini saqlab qolmoqda. Bu davlatlarning Oʻzbekiston bilan savdodagi yuqori ulushi tarixiy aloqalar, geografik yaqinlik hamda barqaror transport va aloqa tarmoqlari bilan bogʻliq.
Bu esa, oʻz navbatida, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar orasida SHHT mamlakatlarining Oʻzbekiston tashqi savdo hamkorligida yetakchi oʻrin egallashini taʼminlaydi.
Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Janubiy Osiyo va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi yoʻnalishidagi yoʻllarni faol ravishda xilma-xillashtirmoqda. Oʻzbekiston strategik temir yoʻl loyihalarini amalga oshirishda xorijiy hamkorlar bilan hamkorlik qilmoqda. Ushbu loyihalar nafaqat mamlakatning tranzit salohiyatini oshiradi, balki uning Markaziy Osiyoning logistika markazi sifatidagi oʻrnini ham mustahkamlaydi.
Oʻzbekistonning SHHT doirasidagi temir yoʻl loyihalaridagi yetakchi tashabbuslari nuqtayi nazaridan “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” va “Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston” yangi magistrallarini qurish boʻyicha strategik loyihalar alohida ahamiyat kasb etmoqda.
“Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻlining toʻliq koʻlamli qurilishi boshlandi. Uning qariyb 40 foizi tunnellar va koʻpriklar orqali oʻtadi - bu mintaqadagi texnik jihatdan eng murakkab loyihalardan biridir.
“Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston” loyihasiga kelsak, Afgʻoniston va Pokistonlik hamkorlar bilan birgalikda butun Yevrosiyo uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan loyihaning toʻliq texnik-iqtisodiy asosnomasini ishlab chiqish boʻyicha uch tomonlama doiraviy kelishuv imzolandi.
“Xitoy - Qirgʻiziston - Oʻzbekiston” temir yoʻli SHHT transport tizimida muhim oʻrin tutadi, chunki:
- Xitoy uchun Markaziy Osiyo va Yevropaga eng qisqa quruqlik yoʻnalishini yaratadi, bu esa haddan tashqari yuklangan yoʻnalishlarga bosimni kamaytiradi;
- Qirgʻiziston xalqaro magistrallarga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoniyatiga ega boʻladi va tranzit markaziga aylanadi;
- Oʻzbekiston uchun Xitoy bozoriga muqobil yoʻnalish hamda Afgʻoniston va Pokiston orqali Yevropa va Janubiy Osiyoga kirish imkoniyati ochiladi;
- SHHTning boshqa mamlakatlari uchun yoʻl deyarli 1000 km ga qisqaradi, xarajatlar 30-40 foizga kamayadi va logistika tezlashadi.
SHHT doirasidagi integratsiya masalalariga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, mintaqa davlatlari oʻrtasidagi temir yoʻl aloqalarining toʻliq rivojlanishiga toʻsiq boʻlayotgan bir qator muhim cheklovlarni taʼkidlash zarur.
Birinchidan, bugungi kunda SHHT mamlakatlarining temir yoʻllari hamon parchalangan holatda qolib, yagona tarmoqqa birlashtirilmagan. Xitoydan Yevropaga Qozogʻiston va Rossiya infratuzilmasi orqali oʻtuvchi quruqlik yoʻnalishlari, shuningdek, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya va Kaspiy dengizi orqali multimodal tashishlardan foydalangan holda (temir yoʻl va avtomobil transportini qoʻllagan holda) muqobil yoʻnalishlar mavjud.
Biroq, SHHT mintaqasi doirasida Yevropa Ittifoqi va Janubiy Osiyo mamlakatlari, xususan, Pokiston va Hindiston oʻrtasida toʻlaqonli temir yoʻl aloqalari yoʻq. Bu holat oʻzaro savdoning rivojlanishini sezilarli darajada cheklaydi va Yevroosiyoning yirik iqtisodiyotlari oʻrtasidagi iqtisodiy integratsiyani sekinlashtiradi.
Ikkinchidan, SHHT doirasida xalqaro transport yoʻlaklarini shakllantirish jarayonida aʼzo davlatlarning meʼyoriy-huquqiy bazalari oʻrtasidagi nomuvofiqlik bilan bogʻliq muammolar hamon saqlanib qolmoqda. Asosiy toʻsiqlar qatoriga temir yoʻl transportida tashish hujjatlarining yagona standartlari yoʻqligi, shuningdek, temir yoʻl izlari kengligi va harakatlanuvchi tarkib oʻlchamlarining mos kelmasligi kabi sezilarli texnik tafovutlar kiradi.
Shuni taʼkidlash lozimki, yuqorida qayd etilgan muammolarni bartaraf etish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining SHHT sammitlarida ilgari surgan tashabbuslarini amaliyotga tatbiq etish maqsadida, Oʻzbekiston bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Bu tadbirlar, xususan, aʼzo mamlakatlarning global ishlab chiqarish zanjirlariga chuqur integratsiyalashuvini taʼminlash, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni jadal joriy etishga qaratilgan boʻlib, SHHT doirasida temir yoʻl tashkilotlarining roli va maqomini kuchaytirish uchun xizmat qiladi.
Xususan, Oʻzbekiston milliy temir yoʻl kompaniyasi SHHT mamlakatlarining temir yoʻl maʼmuriyatlari bilan hamkorlikda “SHHT aʼzo davlatlari temir yoʻllari rahbarlarining uchrashuvi” mavjud platformasini “SHHT mamlakatlari temir yoʻl makonlarini integratsiyalash kengashi”ga aylantirish boʻyicha faol ish olib bormoqda.
Ushbu tashabbus doirasida butun Yevrosiyo mintaqasini qamrab oladigan yangi quruqlik transport yoʻlaklarini shakllantirish va mavjudlarini rivojlantirish boʻyicha amaliy qadamlar qoʻyilmoqda.
Xususan, gap “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston – Turkmaniston – Eron - Turkiya – Yevropa” hamda Hind okeani portlariga chiqish imkonini beradigan “MDH mamlakatlari – Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston” kabi strategik ahamiyatga ega boʻlgan yoʻnalishlar haqida bormoqda.
Oʻzbekiston SHHTning navbatdagi sammiti oldidan butun mintaqaning uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli rivojlanishiga qaratilgan barqaror, oʻzaro bogʻliq va ochiq transport tizimini shakllantirishga tayyorligini yana bir bor namoyon etmoqda.
Kengash Direksiyasining bosh qarorgohi Toshkentda joylashishi rejalashtirilgan. Uning qoshida SHHT hududida transport-logistika infratuzilmasini raqamlashtirish jarayonining muhim boʻgʻiniga aylanadigan Raqamli transport xizmatlari xalqaro markazini tashkil etish ham koʻzda tutilgan.
Yuqorida keltirilgan barcha tashabbuslar, shubhasiz, mintaqaning transport-logistika salohiyatini mustahkamlaydi, Yevropa, MDH, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va Janubiy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi savdoni rivojlantiradi.
Shu maqsadda Oʻzbekiston ichki transport infratuzilmasini jadal surʼatda takomillashtirmoqda: temir yoʻllarni elektrlashtirish davom ettirilmoqda, harakatlanuvchi tarkib yangilanmoqda, yuqori tezlikdagi magistrallar tarmogʻi kengaytirilmoqda, xususan, alohida yuqori tezlikdagi Toshkent liniyasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda.
Dildora Ibragimova,
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi qoshidagi
Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini
oʻrganish markazi Boshqarmasi boshligʻi