Oʻzbekiston–Xitoy temiryoʻl yoʻnalishlari: savdo, tranzit va yangi logistika markazlari

Oʻzbekiston–Xitoy oʻrtasidagi munosabatlarning tarixiy ildizlari uzoq asrlarga borib taqaladi va bugungi kunda hozirgi bosqichda samarali, oʻzaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilmoqda. Mintaqalarni bogʻlab turgan, oʻzaro hamkorlik va madaniy almashinuvga turtki boʻlgan qadimiy Ipak yoʻli bugungi kunda yangicha ahamiyat kasb etib, oʻz navbatida mamlakatlar va xalqlar oʻrtasida iqtisodiy, madaniy va gumanitar koʻprik boʻlib xizmat qilishni davom etmoqda.
Bugungi kunda Oʻzbekiston va Xitoyning xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar, global xavfsizlik va taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha pozitsiya va yondashuvlari oʻxshash. Xitoy Oʻzbekistonning mustaqil taraqqiyot yoʻlini, mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.
Ikki davlat BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti, “Markaziy Osiyo-Xitoy” formati va boshqa koʻp tomonlama xalqaro tuzilmalar doirasida ham yaqin aloqalarni mustahkamlagan holda umumiy manfaatlarni himoya qilib, butun dunyoda xavfsizlik va taraqqiyotga erishishga ijobiy hissa qoʻshmoqda. Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish joizki, Oʻzbekiston va Xitoy SHHTni tashkil etishda faol qatnashgan va ikki tomonlarning ilgari surilgan tashabbus va takliflarni amalga oshirishda har doim bir-birini qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasidagi iqtisodiy va transport aloqalari izchil rivojlanmoqda. Ikki tomonlama savdo hajmi rekord darajalarga yetayotgan bir paytda, temir yoʻl yoʻnalishlari strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Ikki davlat hududlari oʻrtasida oʻzaro savdo iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish maqsadida hududlararo almashinuvlar faollashgani mamlakatimizning barcha hududlari rahbarlari bir necha bor Xitoyga tashrif buyurdi, Shinjon-Uygʻur avtonom rayoni, Anxoy, Szyansi, Szyansu, Chjeszyan, Shandun, Shensi va Shanxay muzofotlari delegatsiyalari Oʻzbekistonda boʻldi. Pekin, Urumchi va boshqa bir qator shaharlarda savdo uylari ochildi.
Savdo aloqalari yildan-yilga rivojlanib 2017-yilga nisbatan 2024-yilda savdo hajmi 3 barobarga oʻsib 2024-yil yakunlariga koʻra
12,5 milliard AQSH dollarini tashkil qildi. Shundan, 2 mlrd AQSH dollari eksport, 10,5 mlrd AQSH dollari import hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
Xitoyning toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari Oʻzbekistonning boshqa yetakchi hamkorlari kapitali qatori Oʻzbekiston iqtisodiyotining qator tarmoqlarida faol ishtirok etmoqda. Xitoyning Huawei, ZTE, Wenzhou Jinsheng Trading, QK Peng Sheng, Sinotruk, Heng Bang Textile Central Asia va boshqa koʻplab yirik kompaniyalari Oʻzbekiston bozorida oʻz faoliyatini olib bormoqda.
Bir makon, bir yoʻl" tashabbusi doirasida transport bogʻliqligini mustahkamlash va mintaqani rivojlantirishda strategik ahamiyatga ega boʻlgan Xitoy - Qirgʻiziston - Oʻzbekiston temir yoʻlini qurish loyihasi bugungi kunda “Asr qurilishi” sifatida eʼtirof etilmoqda. Ushbu istiqbolli temir yoʻl liniyasining qurilishi tom maʼnoda “Buyuk Ipak yoʻli”ning qayta tiklanishidir.
Uzoq yillik saʼy-harakatlardan soʻng “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻlining qurilish ishlari 2024-yil 27-dekabr kuni Qirgʻiz Respublikasining Jalol-Obod shahrida boshlandi. Bugungi kunda Xitoy Xalq Respublikasi, Qirgʻiz Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl ishchilari oʻrtasidagi samarali hamkorlik tufayli tomonlar asosiy obyektlarda ishlarni muddatidan oldin boshlashga erishdilar, bu esa loyihaning faol qurilish bosqichiga oʻtganini koʻrsatadi.
Loyiha “Qashqar – Torugart – Makmal – Jalol-Obod – Andijon” yoʻnalishi boʻylab 20 ta stansiya, 42 ta koʻprik va 25 ta tunnelni oʻz ichiga oladi. Temir yoʻl qurilishi 2030-yil oxirigacha yakunlanishi, temir yoʻl liniyasining uzunligi – 532,53 km boʻlishi, shuningdek, yoʻnalishda yuk tashish hajmi yiliga 15 mln. tonnaga yetishi kutilmoqda. Buning ustiga, yoʻnalish boʻylab zamonaviy tranzit-logistika infratuzilmasi, omborxona va terminallar barpo etiladi.
Ushbu istiqbolli loyihaning qurilishi davomida koʻplab tunnellar va koʻpriklar qurib bitkaziladi, bularning barchasi loyihaning yuqori muhandislik namunasi sifatida eʼtirof etadi. Yuklarning yetkazib berish muddatlarining qisqarishi natijasida ularning yetkazib berish narxlari pasayadi, bu esa oʻz navbatida tovarlarning bozor qiymatini ham pastlashiga olib keladi. Xitoy va Markaziy Osiyo oʻrtasida barqaror transport yoʻlagining barpo etilishi koʻplab yangi ish oʻrinlarining yaratilishiga, mintaqa mamlakatlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy aloqalarning yanada rivojlanishiga sabab boʻladi.
Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, Xitoydan Turkiya, Eron, Turkmaniston, Afgʻoniston, Pokistonga ketayotgan yuklarning 10 mln. tonnaga yaqin qismini “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” yoʻnalishiga jalb qilish imkoniyati mavjud boʻlib, yoʻnalish boʻylab yuk tashish uchun qulay shart-sharoitlar tashkil etilsa, yuk tashish hajmi 2040-yilga borib 4 barobarga oshishi mumkin.
Bularning barchasi ushbu loyihaning nafaqat transport infratuzilmaviy balki iqtisodiy ahamiyatining yuqori ekanligini koʻrsatadi. Shuningdek, “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli mavjud “Xitoy – Qozogʻiston – Oʻzbekiston” temir yoʻliga nisbatan marshrut uzunligini 1035 kmga, yetkazib berish vaqtini esa bir haftaga qisqartiradi.
Temir yoʻl liniyasi qurilish ishlari yakunlanganidan soʻng “Xitoy – Yevropa” hamda “Xitoy – Janubiy Osiyo” oʻrtasida eng qisqa, barqaror quruqlik transport marshrutlari paydo boʻlishi natijasida, “Xitoy – Yevropa” yoʻnalishida tashish masofasi 900 kmga hamda “Xitoy – Janubiy Osiyo” oʻrtasida tashish masofasi 1000 kmga tashish vaqtlari esa mos ravishda 1 haftaga qisqaradi.
Oʻzbekiston–Xitoy temir yoʻl yoʻnalishlari nafaqat ikki tomonlama tovar ayirboshlashning oʻsishiga xizmat qilmoqda, balki Oʻzbekistonning geoiqtisodiy mavqeini mustahkamlab, Markaziy Osiyoning logistika markaziga aylanish jarayonini tezlashtirmoqda. “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻl loyihasi – kelajakdagi strategik tranzit koʻprik boʻlib, Yevroosiyo logistika zanjirida Oʻzbekistonning rolini yanada kuchaytiradi
Oʻzbekiston–Xitoy oʻrtasida yuk aylanmasining oshishi ikki davlat hududida yuklarni yigʻish, saralash va tarqatish punktlari va logistika markazlarini tashkil etishga ehtiyojning yuzaga kelishiga olib kelmoqda. Ushbu yuzaga kelayotgan talablarni bajarish va sifatli xizmatlarni taʼminlash maqsadida “Oʻztemiryoʻlkonteyner” AJ
2025-yilda Xitoyning Lanchjou shahrida yuklarni yigʻish punktini ochdi.
Oʻzbekistonning Sharqiy va Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari bilan savdo munosabatlarida Xitoyning Lyanyungan va Sindao portlari muhim oʻrin tutadi. Xususan, Xitoyning Sharqiy provinsiyalari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Malayziya kabi davlatlari bilan eksport-import yuklarni tashishda geografik qulay joylashgan Lyanyungan porti ahamiyati ortib bormoqda.
Oʻzbekiston-Xitoy oʻrtasidagi eksport, import va tranzit yuklarini tashishda imkon qadar qulay sharoitlar yaratish hamda “Oʻzbekiston-Qirgʻiziston-Xitoy” transport yoʻlagini yanada rivojlantirish maqsadida Xitoyning Lyanyungan portida joylashgan “Shanxay Hamkorlik Tashkiloti xalqaro logistika parki”da oʻzbek biznes vakillari ishtirokida logistika markazi tashkil etildi.
Ishonch bilan aytish mumkinki, ikki davlat oʻrtasidagi temir yoʻl hamkorligi nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy, mintaqaviy barqarorlik va transport xavfsizligi nuqtayi nazaridan ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi
Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markazi boʻlim boshligʻi Usmonjon Muxtorjonov,
bosh mutaxassis Isomiddin Absattorov