“Ipak yoʻlini qayta tiklashda: transport infratuzilmasida yirik qoʻshma loyihalar”

Ipak yoʻli insoniyat sivilizatsiyasi tarixida iqtisodiy va madaniy integratsiyaning eng yirik ramziy koʻrinishlaridan biri boʻlib, u qariyb ikki ming yil davomida Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi aloqalarni taʼminlab kelgan. Ipak yoʻli orqali nafaqat tijorat tovarlari – ipak, yogʻoch, qimmatbaho toshlar, qogʻoz va hunarmandchilik mahsulotlari, balki gʻoyalar, texnologiyalar, ilm-fan yutuqlari va madaniy anʼanalar ham tarqalgan. Shu bois Ipak yoʻli insoniyat taraqqiyotida “sivilizatsiyalar koʻprigi” sifatida alohida ahamiyatga ega.
XXI asrda global iqtisodiy integratsiya jarayonlari chuqurlashar ekan, Ipak yoʻlini qayta tiklash gʻoyasi xalqaro siyosat va iqtisodiyotning strategik yoʻnalishi sifatida qaytadan kun tartibiga chiqdi.
Jahon iqtisodiyotida global taʼminot zanjirlari va logistika samaradorligi mamlakatlar raqobatbardoshligini belgilab beruvchi asosiy omillardan biriga aylandi. Shu nuqtayi nazardan, Yevroosiyo qitʼasida transport infratuzilmasini rivojlantirish nafaqat iqtisodiy samara, balki geosiyosiy barqarorlik va mintaqaviy hamkorlik uchun ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Jahon bankining hisobotlariga koʻra, barqaror infratuzilmaga investitsiya qilingan har bir 1 AQSH dollari oʻrta hisobda 4 dollarlik yalpi ichki mahsulot oʻsishini taʼminlaydi. Bu holat transport loyihalarining ham iqtisodiy oʻsish drayveri sifatidagi ahamiyatini yaqqol namoyon etadi.
XXI asrda Ipak yoʻlini qayta tiklash gʻoyasining asosiy tashabbuskori sifatida Xitoy Xalq Respublikasi namoyon boʻlmoqda. 2013-yilda eʼlon qilingan “Bir kamar – bir yoʻl” tashabbusi nafaqat transport infratuzilmasini, balki energetika, raqamli iqtisodiyot, sanoat klasterlari va madaniy almashinuv sohalarini qamrab olgan keng koʻlamli integratsiya dasturidir.
Mazkur dastur asosida Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Oʻzbekiston uchun katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Bugungi kunda Oʻzbekiston ushbu tashabbus doirasida temir yoʻl va avtomobil yoʻllarini modernizatsiya qilish, logistika markazlarini qurish va tranzit salohiyatini oshirish yoʻnalishida qator qadamlarni amalga oshirmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston 2016 yilda mamlakat sharqining togʻli qismida 19,2 km uzunlikdagi Qamchiq tunnelini qurishga muvaffaq boʻldi. Shu yilning iyun oyida esa Oʻzbekiston va Xitoy rahbarlari Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yoʻli va Qamchiq tunnelining ochilish marosimini oʻtkazdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 4-iyul kuni Ostona shahrida SHHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida “Transport yoʻlaklari koʻp variantli boʻlishi – bu butun mintaqamiz barqaror rivojlanishining eng muhim shartidir” – deya taʼkidladi. Shu bois, SHHT mamlakatlarining iqtisodiy salohiyatini samarali rivojlantirishga xizmat qiladigan “Sharq-Gʻarb” va “Shimol-Janub” yoʻnalishlarida inklyuziv transport tizimini shakllantirish zarurligiga eʼtibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni raqobatdosh jahon narxlarida sotish uchun Oʻzbekiston Xitoy, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari, Yaqin Sharq, Hindiston va Pokiston kabi boshqa mamlakatlarga qoʻshimcha eksport savdo yoʻnalishlarini rivojlantirish zarur. Buning uchun esa Oʻzbekiston Respublikasi orqali tranzit yuklar hajmini oshirish imkonini beruvchi raqobatbardosh samarali transport-tranzit yoʻlaklari zarur.
Hozirgi kunda asosiy ustuvor vazifalardan biri Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston hamda Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston yoʻnalishlarida multimodal yuk tashish hajmini izchil ravishda oshirishdan iboratdir.
Ayniqsa, qurilish ishlari jadal surʼatlarda davom etayotgan “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” strategik temir yoʻl loyihasi mintaqa tarixidagi eng yirik infratuzilmaviy tashabbuslardan biri sifatida baholanib, “asr qurilishi” deb nom oldi. Mazkur temir yoʻlning barpo etilishi, aslida, “Buyuk Ipak yoʻli”ning yangi shaklda tiklanishini anglatadi.
2025 yilning aprel oyida Qirgʻizistonning Jalol-Obod shahrida ushbu temir yoʻlning qurilish ishlari rasman boshlandi. Xitoy, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston temir yoʻl tashkilotlari va ishchilari oʻrtasidagi samarali hamkorlik tufayli qator obyektlarda qurilish ishlari belgilangan muddatdan oldin boshlandi va bu loyihaning faol qurilish bosqichiga kirganini koʻrsatadi.
Loyiha doirasida “Qashqar – Torugart – Makmal – Jalol-Obod – Andijon” yoʻnalishi boʻylab 20 ta stansiya, 42 ta koʻprik va 25 ta tunnel qurilishi rejalashtirilgan. Temir yoʻlning umumiy uzunligi 532,53 km boʻlib, uning 2030-yil oxirigacha yakunlanishi kutilmoqda. Yillik yuk tashish hajmi esa 15 mln. tonnaga yetishi rejalashtirilgan. Yoʻnalishda zamonaviy tranzit-logistika markazlari, omborxonalar va terminallar ham quriladi.
Shu bois, “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” yoʻnalishi nafaqat transport infratuzilmasini, balki mintaqaning iqtisodiy integratsiyasini ham yangi bosqichga olib chiqishi mumkin. Bu yoʻl Fargʻona vodiysini Xitoy bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlaydi va Yevroosiyo qitʼasidagi eng qisqa tranzit yoʻnalishlardan biri sifatida qaralmoqda. Loyiha amalga oshirilgandan keyin “Xitoy – Yevropa” hamda “Xitoy – Janubiy Osiyo” yoʻnalishlarida tashish masofasi mos ravishda 900 km va 1000 km ga qisqaradi, tashish vaqti esa taxminan bir haftaga kamayadi.
Biroq, mintaqadagi strategik ustuvor yoʻnalishlardan faqat shu loyiha bilan cheklanib boʻlmaydi. Ulardan yana biri – Transafgʻon temir yoʻli (Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston) hisoblanadi.
Bu loyihaning amalga oshirilishi Oʻzbekiston va butun Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bogʻlaydigan barqaror transport yoʻlagini shakllantiradi. Shu orqali mintaqadagi davlatlar dengiz portlariga chiqish imkoniyatiga ega boʻladi. Shuningdek, SHHTning barcha aʼzo mamlakatlari yagona temir yoʻl izi orqali bogʻlanishi mumkin boʻladi.
2025 yil 17-iyul kuni Qobul shahrida Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Pokiston tashqi ishlar vazirlari darajasida ilk uch tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtdi va unda “Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston” temir yoʻlining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish boʻyicha Hadli bitim imzolandi.
Loyihaning asosiy yoʻnalishi sifatida “Termiz – Naybobod – Maydanshahr – Logar – Xarlachi” marshruti tanlandi. Keyinchalik bu yoʻl orqali tashilgan yuklar Pokistonning Peshovar – Karachi temir yoʻli bilan uygʻunlashib, Karachi va Qosim portlariga yetkaziladi.
Har ikki – “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” va “Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston” temir yoʻllarining ishga tushishi Oʻzbekistonning transport-logistika tizimini global tarmoqqa chuqur integratsiya qilishga xizmat qiladi. Bu nafaqat mahalliy mahsulotlarni jahon bozorlariga tez va arzon yetkazib berish imkoniyatini yaratadi, balki import mahsulotlari narxidagi transport xarajatlarini ham sezilarli kamaytiradi.
Ipak yoʻlini qayta tiklash esa nafaqat tarixiy merosni uygʻotish, balki yangi global iqtisodiy tartibotda munosib oʻrin egallash imkonidir. Transport infratuzilmasidagi yirik qoʻshma loyihalar orqali Yevroosiyo makonida strategik barqarorlik, iqtisodiy oʻsish va xalqlar oʻrtasida oʻzaro ishonchga asoslangan yangi hamkorlik davri boshlanishiga zamin yaratilmoqda.
Shohjahon Shixnazarov,
Transport muammolarini oʻrganish Markazi bosh mutaxassisi