Oʻzbekistonda tadbirkorlik faoliyati barqaror oʻsishni namoyon etmoqda

Tadbirkorlar kuni arafasida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi butun respublika boʻylab oʻtkazilgan soʻrovnoma asosida Oʻzbekistondagi biznes muhitiga oid tahlilini taqdim etdi. Tadqiqot natijalarga koʻra, tadbirkorlarning uchdan bir qismi biznes faoliyati yaxshilanganini qayd etgan, aksariyat ishtirokchilar esa yaqin oylarda talab va bandlik oʻsishini kutmoqda. Umuman olganda, mamlakatda tadbirkorlik muhiti soʻnggi yillardagi ijobiy tendensiyani saqlagan holda mustahkamlanishda davom etmoqda.
2025-yil 18-avgust, Toshkent. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) joriy yil iyul oyi uchun biznes muhiti tahlili natijalarini eʼlon qildi. Unga koʻra, biznesning hozirgi holati va yaqin kelajakdagi rivojlanish boʻyicha kutilmalarni aks ettiradigan Biznes muhiti indeksi shakllantirildi.
Biznes muhiti tahlili
Iyul oyida Oʻzbekistonda jami biznes muhiti indeksi 52 bandni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5 bandga oʻsdi. Bu oʻsish asosan tadbirkorlikning joriy faolligi hisobidan kuzatildi. Xususan, biznes muhiti indeksi joriy holati koʻrsatkichi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 44 bandga oshdi (+14).
Biznesning joriy holati indeksi tadbirkorlarning haqiqiy holati va biznes yuritish shart-sharoitlariga boʻlgan qarashlarini ifodalaydi. Unda sotuvlar, bandlik, talab, resurslardan foydalanish, ishlab chiqarish muhitining barqarorligi kabi omillar hisobga olinadi.
Shu bilan birga, biznesning istiqboldagi kutilmalari indeksi 66 banddan 59 bandga tushishi kuzatildi, biroq hali ham yetarlicha yuqori darajada saqlanib turibdi. Bu esa tadbirkorlarning istiqbollarga boʻlgan barqaror ishonchini aks ettiradi.
Soʻrov natijalariga koʻra, mamlakatda tadbirkorlik faoliyati ijobiy tendensiyalar namoyon etmoqda. Respondentlarning uchdan bir qismi (37%) soʻnggi uch oyda oʻz biznesining holati yaxshilanganini bildirgan. Qolaversa, 42% tadbirkorlar mahsulot va xizmatlarga talab oʻsganligini qayd etgan. Har toʻrtinchi tadbirkor (24%) esa ishchilar soni oshirilganligini koʻrsatgan, bu esa ishbilarmonlik faoliyatining kengayayotgani va qoʻshimcha mehnat resurslariga ehtiyoj ortib borayotganidan dalolat beradi.
Kelgusi oylarga oid kutilmalarda umumiy optimizm saqlanmoqda. Soʻrovnomada ishtirok etgan tadbirkorlarning koʻpchiligi (66%) kelgusida talab oʻsishini taxmin qilmoqda. Tadbirkorlarning yarmidan koʻprogʻi (53%) ishchilari soni oshishini kutmoqda, har toʻrtinchisi (25%) esa narxlar oʻsishi ehtimolini bildirgan. Bu holat inflyatsiya kutilmalari biznes muhitiga taʼsir koʻrsatayotganini aks ettiradi.
Tarmoqlar boʻyicha tahlil
Iyul oyida qishloq xoʻjaligida biznes muhiti indeksi yaxshilandi. Biznes muhiti indeksi koʻrsatkichi 50 bandni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 4 bandga oshdi. Joriy holat indeksi 35 banddan 39 bandga koʻtarilib, soʻnggi oylarda sezilarli yaxshilanishni aks ettirdi. Istiqboldagi kutilmalar indeksi esa 59 banddan 61 bandga oʻsib, tadbirkorlar orasida ijobiy kayfiyatni saqlab qoldi.
Tadbirkorlar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnoma ushbu tendensiyalarni tasdiqlaydi, chunki tadbirkorlarning 41% soʻnggi uch oyda biznesi yaxshilanganligini qayd etgan (oʻtgan yilda — 35%), shuningdek, 79% kelgusida biznes holati yanada yaxshilanishini bildirgan (oʻtgan yilda — 69%).
Sanoatda biznes muhiti indeksi oʻtgan yilga nisbatan 6 bandga yaxshilanib, 50 bandga yetdi. Tadbirkorlarning yarmidan koʻpi (51%) joriy holatini “qoniqarli” deb baholagan, shulardan 21%i soʻnggi uch oyda ishchilar soni oʻsganligini qayd etgan. Shu bilan birga, ijobiy kutilmalar ham saqlanmoqda — soʻrovnomada ishtirok etgan tadbirkorlarning 74%i kelgusida biznes holati yanada yaxshilanishini qayd etgan Joriy baholashning keskin mustahkamlangani muhim omil boʻldi, bu koʻrsatkich 20 banddan 44 bandga koʻtarildi, bu sanoatdagi joriy holat biznes muhiti indeksi sezilarli darajada tiklanganidan dalolat beradi.
Iyul oyida xizmatlar sohasida biznes muhiti indeksi oʻtgan yilga nisbatan 3 bandga yaxshilanib, 54 bandga yetdi. Biznes muhitining joriy holat indeksi esa sezilarli mustahkamlanib, 34 banddan 48 bandga oʻsishi kuzatildi.
Tadbirkorlarning deyarli yarmi (47%) oʻz biznesining joriy holatini “yaxshi” deb baholagan, 39% esa soʻnggi uch oyda biznes holatining yaxshilanganligini qayd etgan. Shu bilan birga, umumiy kutilmalar ijobiyligicha qolmoqda — respondentlarning 64%i kelgusida talabning yanada oʻsishini koʻrsatib oʻtgan, garchi bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan (69%)biroz pasaygan.
Biznes muhiti indeksi qurilish tarmogʻida oʻtgan yilga nisbatan 5 bandga oʻsib, 50 bandni qayd etdi. Joriy holat indeksi 28 banddan 38 bandgacha yaxshilandi, istiqboldagi kutilmalar indeksi esa 62 banddan 63 bandga oʻsib, yetarlicha yuqori darajada saqlanib qoldi.
Soʻnggi uch oyda biznes holatining “yaxshilangan”ini tadbirkorlarning 42% qayd etdi (oʻtgan yili bu koʻrsatkich 25% edi), shuningdek, respondentlarning 24% kelgusida biznes holati yaxshilanishini kutmoqda, bu esa bozor ishtirokchilaridagi ijobiy kayfiyatni aks ettiradi.
***
Shu tariqa, Oʻzbekistonda qulay biznes muhitini shakllantirishda izchil ijobiy siljishlar kuzatilmoqda. Joriy faoliyatning oʻsishi va ishbilarmonlik kutilmalaridagi yuqori optimizm ichki talabning barqarorligini hamda xususiy sektorning oʻzgaruvchan sharoitlarga moslashish salohiyatini tasdiqlaydi.
Oʻzbekiston biznes muhiti indeksi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan sanoatning turli tarmoqlaridagi 1000 dan ortiq korxonalarda oʻtkazilgan soʻrovlar asosida hisoblab chiqiladi. Biznes muhitining oʻzgarishi indekatori IFO instituti (Germaniya) metodologiyasiga asoslangan. Soʻrovlar davomida korxona rahbarlari ishlab chiqarish dinamikasi, talab, narxlar va boshqa koʻrsatkichlar asosida tadbirkorlik faoliyatidagi joriy va kutilayotgan oʻzgarishlarni baholaydilar.