Oʻzbekiston geosiyosiy maydonda yana bir muhim “chipta”ga ega boʻldi

Oʻzbekiston muhim foydali qazilmalar sohasida xalqaro maydonda oʻz mavqeini jadal mustahkamlamoqda. Sohaning yetakchi korxonasi – “Oʻzbekiston texnologik metallar zavodi” (TMK) mamlakatimizni jahon hamkorligining asosiy markazlaridan biriga aylantirmoqda.
TMKning Kanadada joylashgan Kritik minerallar institutiga (KMI) rasmiy kirishi muhim qadamlardan biri boʻldi.
KMI sanoat korporatsiyalari, davlat idoralari, tadqiqot markazlari va investorlarni birlashtirgan global miqyosdagi intellektual va strategik markazdir. Bu yerda “kelajakning resurs xaritasi” shakllantirilmoqda. Bu yil KMI tomonidan eʼlon qilingan 23 ta muhim minerallar roʻyxati allaqachon koʻplab mamlakatlarda texnologik rivojlanish va sanoat siyosati uchun etalonga aylandi.
“Biz TMK uchun Kanada va AQSHning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatishda koʻprik boʻla olamiz. Shimoliy Amerika kompaniyalari ham Oʻzbekistondek ishonchli hamkorga muhtoj”, – dedi KMI bosh direktori Treysi Xyuz.
KMIga aʼzolik Oʻzbekiston uchun qoʻyidagi afzalliklarni taqdim etadi:
- AQSH, Kanada, Avstraliya, Yevropa va Osiyoning resurs strategiyalari boʻyicha tezkor va ishonchli maʼlumotlarni olish;
- Oʻzbekistonda qazib olingan nodir elementlarni xalqaro yetkazib berish zanjirlariga kiritish;
- texnologiyalar transferi va investitsiyalarni jalb qilish platformalariga kirish;
- bozor tebranishlari, siyosiy qarorlar va texnologik innovatsiyalar tahlili bilan haftalik “Muhim minerallar hisoboti” ni olish.
Ushbu qadam tufayli TMK nafaqat Oʻzbekiston manfaatlarini jahon bozorida faolroq ilgari surish, balki mintaqaviy barqarorlik va global taʼminot xavfsizligi masalalari boʻyicha pozitsiyalarni ishlab chiqishda ishtirok etishi mumkin boʻladi.