2025-yil I yarim yillikda Oʻzbekiston iqtisodiyotining rivojlanishi

2025-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston iqtisodiyoti jadal oʻsish dinamikasini saqlab qolmoqda.
Milliy statistika qoʻmitasining maʼlumotlariga koʻra, 2025-yil yanvar–iyun oylarida yalpi ichki mahsulot (YAIM) 807,9 trln soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 7,2 % ga oshdi.
Asosiy tashqi savdo hamkorlari boʻlgan davlatlarda ijobiy tendensiyalar saqlanmoqda. Qozogʻistonda YAIM 2025-yil yanvar–iyun oylari yakunlari boʻyicha 6,2%ni tashkil etdi, Qirgʻizistonda – 11,7 %, Xitoyda – 5,3%, Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy rivojlanish vazirligi maʼlumotlariga koʻra, Rossiyada 1,4%ga yetdi.
Inflyatsiya. Isteʼmol narxlari indeksi 2024-yil dekabr oyiga nisbatan 104,2%ni tashkil etdi, bu esa narxlar oʻsish surʼatlari sekinlashayotganini koʻrsatadi. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari segmentlarida narxlar oʻrtacha darajada oʻsmoqda, shu bilan birga, xizmatlar inflyatsiyaning asosiy drayveri boʻlib qolmoqda va umumiy isteʼmol narxlari darajasiga eng katta taʼsirni koʻrsatmoqda.
Investitsiya. Asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 5,5%ga oshib, 273,4 trln soʻmga yetdi. Oʻtgan yil boshidagi yuqori oʻsish surʼatlariga nisbatan sekinlashganiga qaramasdan, investitsiya faolligi barqaror qolmoqda. Investitsiya manbalarida markazlashmagan mablagʻlar, jumladan korxonalar va aholi mablagʻlari, shuningdek, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ustunlik qilmoqda.
Ishlab chiqarish sanoati barqaror oʻsishni koʻrsatmoqda. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6,6%ga (488,5 trillion soʻm), qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligida 4,0%ga (194,9 trillion soʻm), qurilish ishlari hajmi 10,7%ga (137,6 trillion soʻm) oʻsdi.
Xizmatlar sohasi ham faol oʻsishni namoyon etmoqda: koʻrsatilgan xizmatlar hajmi 13,3%ga oshib, 458,2 trln soʻmni tashkil etdi, chakana savdo aylanmasi esa 9,7%ga oʻsib, 198,7 trln soʻmga yetdi. Xizmatlar va savdo sohasida yuqori oʻsish surʼatlari aholi daromadlarining ortishi, raqamlashtirishning davom etishi, onlayn toʻlovlar va raqamli servislarga oʻtishning ortishi bilan izohlanadi, bu esa xizmatlar sektorini yanada dinamik qilmoqda.
Tashqi iqtisodiy faoliyat. Tashqi savdo aylanmasi 37 mlrd dollarga yetib, 16,1%ga oshdi. Eksport 16,9 mlrd dollarni (+29,1 %) tashkil etdi, import esa 7,0%ga oʻsib, 20,1 mlrd dollarga yetdi. Eksportning tezlashishi xizmatlar, xomashyo va energetika resurslari yetkazib berishning ortishi bilan bogʻliq.
Umuman olganda, 2025-yilning birinchi yarim yilligida Oʻzbekiston iqtisodiyoti ishonchli tiklanish va tuzilmaviy barqarorlikni namoyon etmoqda. Faol investitsiya va tashqi iqtisodiy siyosat, real sektorni qoʻllab-quvvatlash hamda inflyatsiyaviy bosimning kamayishi ijobiy makroiqtisodiy dinamikani taʼminlamoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi