Oʻzbekiston xalqaro hamkorlar bilan birgalikda kelajakka yoʻnaltirilgan yangi transport yoʻnalishlarini ochmoqda

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni Turkmanistonning “Avaza” turistik zonasida boʻlib oʻtadigan BMTning dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha III konferensiyasida ishtirok etadi.
III konferensiya BMT Kotibiyati tomonidan Turkmaniston hukumati bilan birgalikda tashkil etilyapti.
Konferensiyada davlat va hukumat rahbarlari, 100 dan ortiq yuqori darajadagi delegatsiyalar, jumladan, 32 ta rivojlanayotgan mamlakat vakillari, shuningdek, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirok etishi kutilmoqda.
Konferensiya doirasida siyosiyyo-diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar tadbirlar, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarining milliy kunlari, madaniyati, sanʼati va milliy taomlari namoyish etiladi. Shuningdek, mintaqa davlatlarining milliy yutuqlari, sarmoyaviy va infratuzilma loyihalari, texnologik yechimlariga bagʻishlangan koʻrgazma boʻlib oʻtadi.
Dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar guruhiga BMTga aʼzo 32 ta davlat kiradi. MDH davlatlari orasida Armaniston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moldova, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston uning ishtirokchilaridir. Guruhning asosiy vazifalari aʼzo mamlakatlarning jamoaviy iqtisodiy manfaatlarini rivojlantirish va ilgari surish, global miqyosda kelishilgan maqsad va harakat dasturlarini samarali amalga oshirish, BMT, Jahon savdo tashkiloti va boshqa koʻp tomonlama forumlar doirasida asosiy xalqaro iqtisodiy masalalar boʻyicha ularning umumiy pozitsiyasini mustahkamlashdan iborat.
Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha xalqaro konferensiyasi muhim qarorlar qabul qilishning asosiy platformasi boʻlib, u har oʻn yilda bir marta oʻtkaziladi.
2003-yilning 28-29-avgust kunlari Qozogʻistonning Olmaota shahrida BMT Bosh Assambleyasining 57/242-rezolyutsiyasiga muvofiq Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha birinchi xalqaro konferensiya chaqirildi. Ushbu yigʻilish oldidan hukumatlararo tayyorlov qoʻmitasining ochiq ikkita majlisi boʻlib oʻtdi.
Anjuman yakunlari boʻyicha samarali tranzit transport tizimlarini yaratish, maʼmuriy tartib-taomillarni takomillashtirish va chegara nazorati tartib-qoidalarini soddalashtirish boʻyicha global asosni shakllantirishga qaratilgan Olmaota Harakatlar dasturi qabul qilindi.
2014-yil 3-5-noyabr kunlari Avstriyaning Vena shahrida BMTning Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha II konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Tadbirning asosiy natijasi 2014-2024-yillarga moʻljallangan Vena Harakat dasturining qabul qilinishi boʻldi. Dastur dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning taraqqiyot va kambagʻallikka qarshi kurashish boʻyicha muammolarini hal qilishga oid chora-tadbirlarni nazarda tutadi.
Oʻzbekiston yuqorida qayd etilgan hujjatlar doirasida muayyan muammolarni hal etishga qaratilgan xalqaro saʼy-harakatlarda faol ishtirok etmoqda. Xususan, barqaror transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, savdo yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar izchil amalga oshirilyapti. Ular BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan milliy taarqiyot strategiyasining asosiy yoʻnalishlaridan biriga aylandi.
2022 yilda BMT Bosh Assambleyasi Oʻzbekiston tashabbusi bilan 40 ta davlat bilan hammualliflikda qabul qilingan Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash boʻyicha maxsus rezolyutsiyani bir ovozdan maʼqulladi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Transafgʻon temir yoʻli qurilishi, Oʻrta transport yoʻlagini rivojlantirish, “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi, Xitoy-Markaziy Osiyo loyihalari kabi yirik dasturlar tashabbuskori boʻldi va ularda ishtirok etdi.
Bu ichki infratuzilmani modernizatsiya qilish – temir yoʻllarni qurish va elektrlashtirish, zamonaviy logistika uzellari va terminallarini yaratish borasidagi saʼy-harakatlar bilan toʻldirilmoqda. Shu bilan birga, Oʻzbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa mintaqaviy formatlarda oʻz kun tartibini faol ilgari surmoqda.
Koʻp tomonlama yondashuv allaqachon oʻz samarasini bermoqda. Oʻzbekiston orqali tranzit tashish hajmi oshib bormoqda, mamlakatning Yevroosiyodagi transport xabi sifatidagi roli mustahkamlanmoqda. Eng muhimi, obʼyektiv geografik cheklovlarga qaramay, mamlakat tashqi xavf-xatarlarga chidamliligini kuchaytirib, jahon iqtisodiyotiga toʻliq integratsiyalashuviga yoʻl ochmoqda.
Oʻzbekistonda dyengizdan ikki baravar uzoqlik endi qiyinchilik sifatida qabul qilinmaydi. Bugungi kunda Oʻzbekiston uchun bu xalqaro ustuvorliklarni belgilovchi va mamlakatni yangi Yevroosiyo logistikasining faol ishtirokchisiga aylantiruvchi strategik omildir.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonda boʻlib oʻtadigan BMT konferensiyasidagi ishtiroki mamlakatning xalqaro hamjihatlikni mustahkamlash va muhokama etilayotgan muammolarning barqaror yechimlarini topishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi hamda dengizga chiqish imkoni boʻlmagan mamlakatlarning global iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvi boʻyicha yangi kun tartibini shakllantirishga konstruktiv hissa qoʻshadi.
“Dunyo” AA