Oʻzbekiston va Ozarbayjon 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi Jahon chempionatiga birgalikda mezbonlik qilish uchun ariza topshirdi

FIFA 2027-yilda boʻlib oʻtadigan 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi Jahon chempionati (FIFA U-20 World Cup) mezbonligiga nomzodlarni koʻrib chiqishni boshladi.
Oʻzbekiston Futbol assotsiatsiyasi maʼlumotiga koʻra, soʻnggi yillarda turkiyzabon mamlakatlarda futbol sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan sharoitlar hamda xalqaro maydondagi nufuzdan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston va Ozarbayjon futbol uyushmalari yoshlar oʻrtasidagi Jahon chempionati mezbonligini yuqori saviyada oʻtkazishga ishonch bildirgan holda oʻz qoʻshma nomzodini ilgari surdi.
Bugungi kunda Ozarbayjon bilan birga Oʻzbekiston ham nufuzli musobaqani qabul qilishga har tomonlama tayyor. Soʻnggi yillarda stadionlar xalqaro standartlarga mos ravishda tartibga keltirildi. Qoʻshimcha ravishda, Osiyoning U-20, U-23 turnirlari, Markaziy Osiyo tarixida ilk bor oʻtkazilgan futzal boʻyicha Jahon chempionati mezbonligi katta tajriba vazifasini oʻtadi. Ushbu mezbonlik FIFA prezidenti Janni Infantino tomonidan tarixdagi eng yaxshi mundial sifatida eʼtirof etildi.
Yurtimiz har doimgidek oʻzining mehmondoʻstligi, professional yondashuvi, futbolga fidoyiligi va, albatta, futbolsevar muxlislarning mehri bilan butun dunyo eʼtiborini qozonishga tayyor.
“Dunyo” AA