Oʻzbekiston-Ozarbayjon: kelajakka yoʻnaltirilgan strategik sheriklik va ittifoqchilik

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-4-iyul kunlari davlat tashrifi bilan Ozarbayjonda boʻladi va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) sammitida ishtirok etadi.
Ozarbayjon Oʻzbekistonning yaqin doʻsti va vaqt sinovidan oʻtgan ishonchli strategik hamkoridir. Ikki davlat oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 1995-yil 2-oktyabrda oʻrnatilgan. Oʻshandan buyon oʻzaro hurmat va ishonch ruhida izchil rivojlanib borayotgan ikki tomonlama muloqot strategik sheriklik va ittifoqchilikning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildi. Ikki davlat rahbarlarining doʻstona va oʻzaro mustahkam ishonch asoslangan munosabatlari mamlakatlarimiz oʻrasidagi sheriklikni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
2022-yilda Strategik sheriklikni chuqurlashtirish va keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirish deklaratsiyasi va 2024-yilda Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnoma kabi hujjatlarning imzolanishi bilan ikki tomonlama munosabatlar tarixida mutlaqo yangi sahifa ochildi.
Muntazam tashriflar va oliy darajadagi uchrashuvlar hamkorlikning barcha yoʻnalishlarida yuqori surʼatlarni belgilab, oʻzaro aloqalarni rivojlantirishning harakatlantiruvchi kuchi boʻlib xizmat qilyapti. Prezident Ilhom Aliyevning 2022-yil iyun va 2024-yil avgust oylarida Oʻzbekistonga buyurgan davlat tashriflari, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil avgust oyida Ozarbayjonga boʻlib oʻtgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlardagi muhim voqealar boʻldi. Ushbu tashriflar davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, energetika va madaniy-gumanitar sohalarni qamrab olgan oʻnlab shartnomalar imzolandi.
Davlatimiz rahbari Ozarbayjonda boʻlib oʻtgan turli koʻp tomonlama forumlarda, jumladan Qoʻshilmaslik harakati Muloqot guruhi va 2023-yilda BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari boʻyicha maxsus dasturi (SPEKA) sammitlarida, Turkiy davlatlar tashkiloti va BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasida (COR29) qatnashdi.
Oʻz navbatida, Ozarbayjon yetakchisi 2022-yilda Oʻzbekistonda tashkil etilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va 2023-yilda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitlarida ishtirok etdi.
2025-yilning 10-11-iyun kunlari Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonda boʻldi va uning doirasida toʻrtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida qatnashdi.
Ikki davlat oʻrtasidagi siyosiy hamkorlik ochiq va konstruktiv muloqot tamoyillariga asoslanadi. Mamlakatlarimiz tashqi siyosat idoralari oʻrtasidagi muntazam maslahatlashuvlar, BMT, Qoʻshilmaslik harakati, TDT, IHT, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa mintaqaviy hamda xalqaro tuzilmalar doirasidagi yaqin sheriklik mintaqaviy va global rivojlanishning koʻplab dolzarb masalalari boʻyicha Oʻzbekiston va Ozarbayjon pozitsiyalarining oʻxshashligini tasdiqlaydi.
Kun tartibida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasidagi hamkorlik alohida oʻrin tutadi. Oʻzbekiston 1992-yil 28-noyabrda IHTga aʼzo boʻldi va mazkur tuzilma doirasida boshqa davlatlar bilan samarali hamkorlik qilmoqda. Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish, jahon bozorida raqobatbardoshlikni oshirish, xorijiy sheriklar bilan ishlab chiqarish kooperatsiyasini chuqurlashtirish, mintaqada yangi transport yoʻlaklarini yaratish, rivojlantirish va ulardan samarali foydalanish xalqaro hamkorlikning eng muhim yoʻnalishlaridandir.
Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston IHTning faol ishtirokchisi sifatida logistika yoʻlaklarini, savdo-investitsiya platformalarini rivojlantirish va mintaqada barqaror taraqqiyotga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surayotgani, ular faol qoʻllab-quvvatlanayotgani va muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini alohida taʼkidlash lozim.
IHT doirasida Oʻzbekiston va Ozarbayjon samarali hamkorlikni namoyish etib, bir-birining tashabbuslarini izchil qoʻllab-quvvatlab, qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga hissa qoʻshmoqda, bu esa ikki tomonlama kun tartibini mazmunan boyitmoqda. 2017-yildan buyon oliy darajadagi Oʻzbekiston-Ozarbayjon muloqoti faollashgani delegatsiyalar almashinuvining faollashuviga xizmat qildi. Oʻtgan sakkiz yil davomida eng oliy va yuqori darajadagi 150 dan ortiq tashriflar amalga oshirildi.
Ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va barqaror mazmunli davlatlararo almashinuvning muhim boʻgʻini boʻlgan parlamentlararo muloqot buni yaqqol namoyon etmoqda. Shuningdek, ikki davlat parlamentlarida faoliyat yuritayotgan doʻstlik guruhlari oʻzaro ishonch, siyosiy muvofiqlikni mustahkamlash, keng koʻlamli tashabbuslarni amalga oshirishda qoʻshma yondashuvlarni ishlab chiqishga xizmat qilmoqda.
Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning 2025-yil fevral oyida Ozarbayjonga tashrifi va Milliy Majlis Raisi Sohiba Gafarovaning shu yil aprel oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasidagi ishtiroki hamkorlikning muvaffaqiyatli namunalaridir.
Oʻzbekiston Prezidentining Ozarbayjonga davlat tashrifi arafasida Xiva shahrida ikki mamlakat parlamentlari rahbarlari raisligida Birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston va Ozarbayjon parlament delegatsiyalarining xalqaro tadbirlardagi oʻzaro tashriflari va ikki tomonlama uchrashuvlari dinamikasi tomonlarning oʻzaro muloqotni, shuningdek, mintaqaviy va global parlamentlararo tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdorligini koʻrsatadi.
Idoralararo darajadagi hamkorlik ham faol rivojlanmoqda. Ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida muntazam ravishda siyosiy maslahatlashuvlar oʻtkazilib, transport maʼmuriyatlari darajasida yaqin muloqotlar olib borilmoqda, savdo-iqtisodiy aloqalar, sanoat kooperatsiyasi mustahkamlanmoqda.
Oʻzbekiston va Ozarbayjon mos ravishda Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazda yirik iqtisodiy salohiyatga ega davlatlar sanaladi. Bu ularni iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga intilayotgan iqtisodiy jihatdan istiqbolli hamkorlarga aylantiradi. 2020-yilda Oʻzbekiston-Ozarbayjon ishbilarmonlar kengashining tashkil etilishi bu yoʻnalishdagi muhim qadam boʻldi. Mazkur platforma oʻzaro manfaatlar kesishgan yangi nuqtalarni aniqlash imkonini berdi va foydali sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga koʻmaklashmoqda.
Shuningdek, Ozarbayjon kapitali ishtirokida savdo, mashinasozlik va metallga ishlov berish, moliya va sugʻurta, koʻchmas mulk oldi-sotdisi, energetika, xizmat koʻrsatish, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati, yengil sanoat va boshqa yoʻnalishlarda faoliyat yuritayotgan 250 dan ortiq korxona Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga muhim hissa qoʻshmoqda.
Ozarbayjonda “UzAuto” avtomobil yigʻish zavodining ochilishi sanoat kooperatsiyasining yorqin misollaridan biri boʻldi. Mazkur loyiha Oʻzbekistonning eksport imkoniyatlarini kengaytirdi va Ozarbayjonda yangi ish oʻrinlari yaratdi. Shu bilan birga, agrosanoat, toʻqimachilik sanoati, logistika sohalaridagi kooperatsiya ham muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Har ikki davlat ham Transkaspiy yoʻnalishi loyihalari orqali tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, transport strategiyalarini integratsiyalashuvidan manfaatdor.
Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 2024-yil yakuniga koʻra, 250 million dollardan oshdi. Shu bilan birga, tomonlar kelgusi yillarda uni bir necha barobar oshirishga intilmoqda. Bunga mamlakatlar oʻrtasida oʻrnatilgan erkin savdo rejimi va joriy yilning iyun oyida Bokuda soʻnggi yigʻilishi boʻlib oʻtgan hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo qoʻshma komissiya yaqindan koʻmaklashmoqda.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Ozarbayjon hududlararo hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. 2023-yil fevral oyida Toshkentda Birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon hududlararo forumi boʻlib oʻtdi. Uning yakunlari boʻyicha Samarqand va Ganja, Xiva va Shusha, Buxoro va Lankoron, Qoʻqon va Sheki shaharlari oʻrtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi. 2024-yil may oyida Ozarbayjonning Guba shahrida II Hududlararo forumi boʻlib oʻtdi. Mazkur anjuman yakunida Namangan va Mingechevir, Guliston va Fizuli, Termiz va Bilyasuvar shaharlari oʻrtasida hamkorlik aloqalari oʻrnatildi. Bundan tashqari, 2024-yil avgust oyida Toshkentda boʻlib oʻtgan biznes-forum doirasida Jizzax va Guba, Shahrisabz va Beylagan oʻrtasida birodarlashgan shaharlar toʻgʻrisidagi munosabatlarni oʻrnatish haqidagi bayonnomalar imzolandi.
2025-yil iyun oyida Boku shahrida III Hududlaro forum boʻlib oʻtdi. Shuningdek, ikki davlat hududidagi eng istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish maqsadida 2023-yilda ustav kapitali 500 million dollar boʻlgan Oʻzbekiston-Ozarbayjon qoʻshma investitsiya kompaniyasi tashkil etildi.
Mazkur tuzilmalarning tashkil etilishi rasmiy Toshkent va Bokuning iqtisodiy integratsiyalashuvi hamda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning mavjud salohiyatini toʻliq amalga oshirishdan oʻzaro manfaatdorligidan dalolat beradi. Buni koʻplab tadbirlar – koʻrgazmalar, biznes-forumlar, biznes missiyalar ham tasdiqlaydi.
2024-yil 22-avgust kuni Ozarbayjon Prezidentining davlat tashrifi arafasida Toshkent shahrida Oʻzbekiston-Ozarbayjon biznes-forumi boʻlib oʻtdi. Natijada shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish va qurish, yangi logistika markazlari, taʼlim muassasalari, hamkor mamlakatlarda tarmoq birlashmalarining vakolatxonalarini tashkil etish boʻyicha ikki tomonlama salmoqli hujjatlar toʻplami imzolandi.
Ozarbayjon qardosh davlat boʻlib, Oʻzbekiston ham qadimiy, ham yangi tarixda ushbu mamlakat bilan hamisha doʻstona munosabatlarni saqlab kelgan. Maʼnaviy-madaniy yaqinlik madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uchun kuchli poydevor boʻlib xizmat qiladi.
Oʻzbek va ozarbayjon xalqlarining buyuk ajdodlari – Alisher Navoiy, Mirzo Ulugʻbek, Nizomiy Ganjaviy, Nosiriddin Tusiy, Muhammad Fizuliy merosi nafaqat turkiy tilli xalqlar, balki butun insoniyat mulkidir. Ularning mehnati mamlakatlarimiz xalqlari tomonidan yuksak eʼzozlanayotgani Bokuda Alisher Navoiy, Toshkentda esa Nizomiy Ganjaviy va Haydar Aliyev haykali oʻrnatilgani, Nizomiy Ganjaviy nomidagi Oʻzbekiston davlat pedagogika universiteti, Ozarbayjondagi qishloqqa Alisher Navoiy nomi berilgani ham shundan dalolat beradi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2023-yilda Fuzuli shahrida Mirzo Ulugʻbek nomidagi 960 oʻquvchiga moʻljallangan zamonaviy maktab barpo etilgani oʻzbek va ozarbayjon xalqlari oʻrtasidagi mustahkam doʻstlikning yana bir belgisi boʻldi. Ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning taʼlim sohasidagi tashabbuslari gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda. Mamlakatlarimiz oʻrtasida tobora koʻproq yangi qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda, delegatsiyalar muntazam ravishda almashilmoqda.
Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi madaniy aloqalar ham jadal rivojlanyapti. Delegatsiyalar almashinuvi muntazam ravishda, jumladan, yuqori darajada amalga oshirilmoqda.
Ikki mamlakat ijodiy guruhlari muntazam oʻtkazib kelinayotgan madaniyat va adabiyot kunlari, kino va ijodiy haftaliklari, gastrol va badiiy koʻrgazmalarning doimiy ishtirokchisi hisoblanadi.
Jumladan, Ozarbayjon madaniyat vaziri boshchiligidagi delegatsiyalar 2018 va 2024-yillarda Xalqaro maqom sanʼati anjumanida, 2019-yilda boʻlib oʻtgan Birinchi Xalqaro xalq amaliy sanʼati festivalida va 2021-yilda “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro madaniyat forumida ishtirok etdi.
Oʻz navbatida Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov “Shusha – Turkiy dunyoning madaniy poytaxti-2023” tadbirlari, VI Boku Butunjahon madaniyatlararo muloqot forumi hamda 2024-yilda “Shusha – Islom olamining madaniy poytaxti-2024” yilining ochilish marosimida ishtirok etish uchun Ozarbayjonga tashrif buyurdi.
2023-yilning aprel-may oylarida Oʻzbekistonda Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev tavalludining 100-yilligiga bagʻishlangan bir qator madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi. Mazkur tadbirlar Oʻzbekistondagi Ozarbayjon madaniyat markazlari bilan birgalikda tashkil etildi.
Darvoqe, bugungi kunda Oʻzbekistonda 40 mingga yaqin ozar diasporasi istiqomat qiladi va ularning barchasi xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlashga munosib hissa qoʻshmoqda. Bu hissa ikki davlat rahbariyati tomonidan yuqori baholanayotir. Shu tariqa, ozarbayjonlik sanʼat ustalarining madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashdagi xizmatlari eʼtirof etilgan holda Oʻzbekistonning yuksak davlat mukofotlariga sazovor boʻldilar. Jumladan, Oʻzbekiston Prezidentining farmoni bilan Rashid Behbudov nomidagi Ozarbayjon davlat musiqali teatri vokalisti Gulyanak Mamedova 2022-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti”, 2024-yilda Ozarbayjonning taniqli madaniyat arbobi Polad Byulbyulyoglы “Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, bir qator ozarbayjonlik jamoat va davlat arboblari “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Oʻz navbatida, Ozarbayjon Prezidentining farmoni bilan “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi solisti Nasiba Abdullayeva “Ozarbayjon Respublikasi xalq artisti”, Yu.Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli badiiy rahbari Hoshimjon Ismoilov, Oʻzbekiston Davlat konservatoriyasi rektori Kamoliddin Oʻrinboyev va Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Ali Nosirli “Dostluk” ordeni bilan taqdirlangan.
Ozarbayjonning “Shirvon” folklor guruhi joriy yilning aprel oyida Xiva shahrida oʻtkazilgan IV Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalida Gran-prini qoʻlga kiritdi.
Taʼlim, fan, sogʻliqni saqlash sohalarida ham hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Ikki mamlakat oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida talabalar va ilmiy xodimlar almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan, qoʻshma ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 27-28-may kunlari Andijon shahrida Oʻzbekiston va Ozarbayjon oliy oʻquv yurtlari rektorlarining birinchi forumi boʻlib oʻtdi, unda ikki davlatning 50 ta oliy oʻquv yurtlari rektorlari boshchiligidagi 130 dan ortiq delegatsiyalar ishtirok etdi.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, bugungi kunda Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻzaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarib, ittifoqchilik munosabatlarini kengaytirish uchun mustahkam zamin hozirlashda davom etmoqda.
Yakun soʻz oʻrnida, aytish joizki, Oʻzbekiston Prezidentining Ozarbayjonga davlat tashrifi, shuningdek, IHT sammitidagi ishtiroki har ikki davlatning oʻz mintaqalarida nufuzli ishtirokchi sifatidagi mavqeini mustahkamlovchi muhim voqea boʻlishi shubhasiz. Mazkur tadbirlar Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi mustahkam qardoshlik rishtalari, nafaqat ikki tomonlama darajada balki xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida ham izchil rivojlanib borayotganining yaqqol tasdigʻidir.
“Dunyo” AA