O'zbekiston diplomatlari Bangkok shahrida bo'lib o'tgan 14-Xalqaro ipak festivalida ishtirok etishdi

BANGKOK, 29-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari "Dunyoga Tailand ipak yo'li" 14-xalqaro ipak festivalida ishtirok etdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"Dunyoga Tailand ipak yo'li" xalqaro festivali Tailand ipagining madaniy ahamiyati va targ'ib etishga qaratilgan tadbir bo'lib, 2010-yildan buyon har yili o'tkazib kelinmoqda. Joriy yilgi tadbirda dunyoning 88 mamlakati vakillari va iste'dodli Tailand ipagi hunarmandlari festival uchun maxsus liboslar modellarining o'ziga xos to'plamini, jumladan, milliy liboslar va Tailand ipak dizaynerlarining innovatsion moda asarlarini taqdim etdilar.
E'tiborlisi, O'zbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulxona katta hisobchisi va uning rafiqasining Tailand va o'zbek ipaklari mohirona uyg'unlashtirilgan milliy uslubdagi liboslarda podiumga chiqishdi. Bu nafis liboslar "Nakhon Si Thammarat Vocational" kollejida moda dizayneri yo'nalishida tahsil olayotgan talabalar tomonidan Tailand va O'zbekiston o'rtasidagi madaniy uyg'unlikni o'zida mujassam etgan ajoyib hamkorlik ramzi sifatda ishlab chiqildi.
Festival davomida O'zbekistonning sayyohlik salohiyati, betakror tabiat manzaralari, milliy hunarmandchilik mahsulotlari haqida hikoya qiluvchi videorolik namoyish etildi. Yurtimiz haqidagi videolavhalar tadbir ishtirokchilariga katta taassurot qoldirdi.
O'zbekiston Bosh konsulxonasining 14-Xalqaro ipak festivalida ishtirok etishi yurtimizning boy tarixi va madaniy ahamiyatini samarali namoyon etib, xalqlar o'rtasidagi o'zaro hamjihatlik va hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qildi.