Oʻzbekiston-YEOII: mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish sari navbatdagi qadamlar

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-27-iyun kunlari amaliy tashrif bilan Minsk shahrida boʻladi va Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining (YEOIK) navbatdagi yigʻilishida kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etadi.
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi Bojxona ittifoqi va Yagona iqtisodiy makon negizida tuzilgan xalqaro integratsion iqtisodiy birlashmadir. Ittifoq 2014-yil 29-mayda Qozogʻistonning Ostona shahrida Belarus, Qozogʻiston va Rossiya davlat rahbarlari tomonidan imzolangan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi toʻgʻrisidagi shartnoma kuchga kirganidan soʻng 2015-yil 1-yanvardan ish boshladi. 2015-yilda Armaniston va Qirgʻiziston shartnomaga qoʻshildi.
Oʻzbekiston 2020-yilda YEOIIda kuzatuvchi davlat maqomini olgan. Birlashma nizomiga koʻra, kuzatuvchi maqomiga ega davlatlar YEOII organlari yigʻilishlarida qaror qabul qilish huquqisiz ishtirok etishi, shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasiga mamlakat vakilini tayinlashi mumkin.
Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorligini ushbu formatda rivojlantirish milliy manfaatlarga javob beradi va teng huquqlilik, shuningdek, ishtirokchi davlatlar tomonidan bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslanadi.
Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatimiz kuzatuvchi maqomini olganidan beri mazkur birlashma Oliy Kengashining yettita yigʻilishida qatnashdi.
Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 26-dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida boʻlib oʻtgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yigʻilishida kuzatuvchi maqomida ishtirok etdi va muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida soʻnggi yillarda mamlakatimiz kuzatuvchi sifatida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan 22 ta yoʻnalishda samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyganini taʼkidladi.
Qayd etilganidek, 2024-yilda Oʻzbekistonning ittifoq mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 11 foizga oshdi. Oktyabr oyida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan savdo, sanoat, moliya, qishloq xoʻjaligi, transport va boshqa sohalarda 40 ga yaqin chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan yangi uch yillik hamkorlik rejasi qabul qilindi.
Oʻzbekiston YEOIIning savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijoratni joriy etish, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish sohasidagi qator tarmoq dasturlarida faol ishtirok etmoqda.
Davlatimiz rahbari, shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlariga alohida toʻxtaldi.
Xususan, mamlakatimiz yetakchisi oʻzaro savdodagi toʻsiqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etishga chaqirdi. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston va YEOII davlatlari oʻrtasidagi savdoda tarif va notarif cheklovlarni qoʻllamaslik masalasini ekspertlar darajasida ishlab chiqish taklif etildi. Sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish dasturlarini qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari va vositalariga qoʻshilishdan manfaatdorlik bildirildi.
“Qoʻshma loyihalarni ilgari surish uchun ishonchli moliyaviy manbalarni shakllantirish maqsadida kelgusi yil boshida tartib-taomillarni yakunlab, Yevroosiyo taraqqiyot bankiga aʼzo boʻlishni rejalashtirmoqdamiz, – degan edi Oʻzbekiston yetakchisi.
Jumladan, joriy yilning 9-aprel kuni davlatimiz rahbari “Oʻzbekiston Respublikasining Yevroosiyo taraqqiyot bankini taʼsis etish haqidagi Bitimga (Ostona, 2006-yil 12-yanvar) qoʻshilishi toʻgʻrisida“ gi Qonunni imzoladi.
Bitimning asosiy maqsadi investitsiya faoliyati orqali unga qoʻshilgan ishtirokchi davlatlarning iqtisodiy oʻsishiga va ular oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga koʻmaklashishdir. Shuningdek, bank faoliyati doirasida toʻliq va samarali ishtirok etish huquqi taʼminlanadi. Bundan tashqari, bankka aʼzo davlatlarning iqtisodiy oʻsishiga koʻmaklashish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va investitsiya faoliyati orqali Yevroosiyo hududida integratsiya jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, YEOII doirasida raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt sohasida tizimli hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi. Mamlakatimizni YEOIIning integratsiyalashgan axborot tizimiga va “Raqamli ittifoq” loyihasiga ulash tashabbusi ilgari surildi. Agrar sohada qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini oʻzaro yetkazib berishni yengillashtirish, innovatsion agrosanoat loyihalarini amalga oshirish va ilmiy ishlanmalarni joriy etishga qaratilgan kooperatsiya dasturini tayyorlash taklif etildi. Sayyohlik almashinuvlarini ragʻbatlantirish maqsadida davlatimiz rahbari YEOII davlatlari fuqarolariga Oʻzbekistonga ichki hujjatlar bilan kirish imkonini beruvchi tartibni joriy etishga tayyorligini bildirdi.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi majlislarida ilgari surilayotgan, tuzilmaga aʼzo va kuzatuvchi mamlakatlarning barcha manfaatlariga toʻliq javob beradigan ochiq va pragmatik tashabbuslarning aksariyati hayotga tadbiq etilyapti. Eʼtiborlisi, davlatimiz rahbarining mazkur taklif va tashabbuslari ishtirokchi davlatlar rahbarlari tomonidan ham yakdillik bilan qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Bosh vaziri boshchiligida YEOII mamlakatlari va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlik boʻyicha idoralararo ishchi guruhi tuzilgan. Ishchi guruh YEOII bilan oʻzaro hamkorlikni muvofiqlashtiradi, iqtisodiy aloqalarni tahlil qiladi va hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi.
2024-yil 1-oktyabrda Oʻzbekiston hukumati va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi oʻrtasida 2024-2026-yillarga moʻljallangan Qoʻshma harakatlar rejasi imzolandi.
YEOII platformasida kuzatuvchi davlat sifatida ishtiroki orqali Oʻzbekiston muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda, tuzilmaga aʼzo barcha davlatlar bilan faol hamkorlik qilyapti, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirmoqda. Ushbu omillar esa barqaror oʻsish surʼatlarni koʻrsatayotir.
Hozirgi vaqtda YEOII tomonidan xorijiy sheriklar bilan hamkorlik aloqalari Jahon savdo tashkiloti (JST) normalari va tamoyillariga muvofiq tarzda oʻrnatilgan.
YEOII xalqaro tashkilotlar va institutlar bilan ham faol hamkorlik olib bormoqda. Jumladan, Jahon savdo tashkiloti (JST), Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT), Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OYECD), Jahon bojxona tashkiloti (WCO), Xalqaro migratsiya tashkiloti (MOM) va boshqalar bilan oʻzaro aloqalar yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, mazkur ittifoqqa aʼzo davlatlarning asosiy qismi Jahon savdo tashkiloti (JST)ga ham aʼzo hisoblanadi.
Ushbu omillar hisobga olinib, Oʻzbekiston tomoni kuzatuvchi davlat sifatida YEOIIning toʻrtta pilot loyihalarida ishtirok etmoqda. Xususan, Temir yoʻlda yuk tashishni raqamlashtirish loyihasi YEOII davlatlari va Xitoy oʻrtasida temir yoʻl yuk tashishlarini raqamlashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni nazarda tutadi.
Ushbu reja bosqichma-bosqich oʻtishni nazarda tutadi va elektron raqamli imzodan foydalangan holda elektron hujjat aylanishiga va elektron joʻnatma hamda unga qoʻshilgan hujjatlarni almashish boʻyicha chora-tadbirlarni oʻz ichiga oladi. Oʻzbekiston vakolatli organlari vakillari 2022-yil iyun va 2023-yil yanvarda ushbu loyihani amalga oshirish boʻyicha uchrashuvlarda ishtirok etdi. Unda mamlakatlar oʻrtasida transport va bojxona hujjatlarini elektron almashishni bosqichma-bosqich amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Oʻzbekistonning mazkur loyihada ishtiroki texnik va huquqiy sharoitlarni yaratilishini nazarda tutadi.
Shuningdek, Oʻzbekiston YEOII doirasida amalga oshirish bosqichida boʻlgan Transchegaraviy (tashqi) elektron tijorat, Iqlim kun tartibi, “Yevroosiyo agroekspress” loyihalarining tomonlar uchun samaradorligini tahlil qilmoqda.
Oʻzbekistonning mazkur integratsion uyushmada kuzatuvchi davlat maqomida boʻlishi respublikada rivojlanayotgan ilmiy va texnologik inqiloblar, xalqaro savdo, kapitalning koʻchib yurishi, zamonaviy transport, aloqa va axborot tizimlari iqtisodiy hayotning xalqarolashuvi jarayonining global shakllangan darajaga oʻtishiga yordam bermoqda.
Shu oʻrinda alohida taʼkidlab oʻtish kerakki, Oʻzbekistonning eksport salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun YEOII mamlakatlari bilan savdo aylanmasini kengaytirish muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, Oʻzbekiston va boshqa aʼzo davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro integratsiallashuv ishlab chiqarish hajmining oʻsishiga, yangi texnologiyalarning keng va jadal tarqalishiga, infratuzilmalarning rivojlanishiga, xalqaro iqtisodiy tashkilotlar, fondlar rolining yanada oshishiga, savdo va bozorlarning erkinlashuviga va boshqa yutuqlarga erishilishiga xizmat qilayapti.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Prezidentining Minsk shahrida boʻlib oʻtadigan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yigʻilishida ishtiroki, YEOII mamlakatlari oʻrtasida investitsiya, savdo-iqtisodiy va transport-logistika sohalarida yaqin hamkorlik asoslarini mustahkamlash va kengaytirish yangi surʼat bagʻishlaydi hamda mintaqa xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Dunyo” AA