TMK – muhim foydali qazilmalar sohasida Oʻzbekistonni jahon maydoniga olib chiqadigan brend

Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) yakunlangan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumining asosiy ishtirokchilaridan biriga aylandi va forum mehmonlari hamda xorijiy investorlarga muhim mineral zaxiralar va sanoat salohiyatiga asoslangan mamlakat yondashuvini namoyish etdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Forum doirasida “Oʻzbekiston muhim xomashyo uchun strategik markaz sifatida: qoʻshilgan qiymat zanjirida investitsiya imkoniyatlari” mavzusida panel sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda ilgʻor texnologiyalar va ushbu resurslarni diversifikatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.
Anjuman doirasida tashkil etilgan TMK stendiga Bolgariya Prezidenti Rumen Radev va Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso kabi qator oliy darajadagi mehmonlar tashrif buyurib, Oʻzbekiston texnologik metallurgiya kombinati tomonidan amalga oshirilayotgan muhim foydali qazilmalar boʻyicha investitsiya loyihalari bilan tanishdilar.
Bugun Oʻzbekiston muhim foydali qazilmalar sohasida yangi global markaz sifatida namoyon boʻlib, butun dunyo eʼtiborini oʻziga tortmoqda. Shu bois forum doirasida mazkur strategik yoʻnalish ham asosiy mavzulardan biri sifatida ilgari surilib, xalqaro investorlar va ekspertlarning diqqat markazida boʻldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2024-yilda tashkil etilgan Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati bu boradagi ulkan salohiyatni roʻyobga chiqarishga xizmat qilmoqda. TMK butun qiymat yaratish siklini toʻliq amalga oshiradi – xomashyo qazib olishdan tortib metall ishlab chiqarish va yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlarni chiqarishgacha.
Hozirgi kunda zavodda 25 dan ortiq turdagi muhim foydali qazilmalarni qamrab oluvchi 70 dan ortiq investitsiya loyihasi ustida ish olib borilyapti. Ushbu loyihalarning umumiy qiymati 1,6 milliard AQSH dollariga teng.
TMK xorijiy investorlar uchun ochiqlik, uzoq muddatli ishonch va barqaror sheriklik tamoyillariga asoslangan hamkorlik modelini taklif etmoqda. Bugungi kunda zavod AQSH, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Daniya kabi mamlakatlarning yetakchi moliyaviy va texnologik institutlari bilan bevosita hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.
Forumda Oʻzbekistonning muhim foydali qazilmalari sohasini yuqori baholagan koʻplab investorlar ishtirok etdi va TMK bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istagini bildirdi. Xususan, TMK vakillari 60 dan ortiq xalqaro kompaniyalar bilan uchrashuvlar oʻtkazib, hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. TMK loyihalariga AQSHning Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi, Yevropa investitsiya banki, Shveysariyaning “SGS”, Yaponiyaning “MITSUI & CO., LTD”, Turkiyaning “Eskixisar” kabi bir qator yirik kompaniyalar yuqori qiziqish bildirdi.
Bundan tashqari, forumda TMK va Amerikaning “Cove Capital” kompaniyasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat texnologik metallar sohasida yirik sarmoyalarni jalb qiladi, qoʻshma loyihalar va global tashabbuslarni yoʻlga qoʻyadi, Oʻzbekiston esa dunyoning eng talabchan bozorlariga tayyor mahsulotlar yetkazib beruvchi markazga aylanadi. “Cove Capital” boshqaruvchi hamkori Pini Altxausaning aytishicha, Oʻzbekiston AQSH va Yevropa uchun muhim mineral xomashyodan qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar yetkazib beruvchisi boʻlishga tayyor. TMK va Shveysariyaning “SGS” kompaniyasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolangani Toshkent xalqaro investitsiya forumining yana bir muhim voqeasi boʻldi.
Hamkorlikdan asosiy maqsad TMK tomonidan “SGS” bilan hamkorlikda tashkil etilgan Markaziy nano-analitik laboratoriyani tizimli ravishda tashkil etishdan iborat. “TMK – yetarlicha ambitsiyali va yirik kompaniya, umid qilamanki, yaqin kelajakda u jahon bozorida mashhur brendga aylanadi. “SGS” va TMK oʻrtasida memorandumning imzolanishi ilmiy tadqiqotlar sohasida yangi bosqichga koʻtarilish imkonini beradi”, – “SGS” kompaniyasining biznesni rivojlantirish boʻyicha menejeri Valeriy Kim.
“Dunyo” AA