Tailand delegatsiyasi Samarqandda bo‘ldi

Tailand Qirolligi Buddaviylar oliy patriarxi o‘rinbosari Siriphrommakhun Phrathepprasitthimon boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga tashrifi doirasida Samarqand shahrida bo‘ldi.
Mehmonlar Amir Temur maqbarasi, “Afrosiyob” muzeyi va boshqa tarixiy-madaniy yodgorliklar bilan tanishdi.
Buyuk jahongirning Movaraunnahrda markazlashgan davlat barpo etib, Sharq va G‘arb xalqlarini bog‘lovchi xavfsiz savdo yo‘li yaratgani, ilm-fan va madaniyat homiysi sifatida amalga oshirgan ishlari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Samarqandda haligacha Amir Temur va temuriylar tomonidan bunyod etilgan bino va inshootlarning asrab-avaylab kelinayotgani va ulardan bugun muqaddas ziyoratgoh, turizm ob’ekti tarzida foydalanilayotgani e’tirof etildi.
Tailand Qirolligi Buddaviylar oliy patriarxi o‘rinbosariga Samarqand shahri tarixidan hikoya qiluvchi “Afrosiyob” muzeyida saqlanayotgan bir necha ming yillik ashyolar haqida batafsil ma’lumot berilib, o‘tmishda bu qadimiy kentda bir necha dinlar, jumladan, buddaviylik dini ham qaror topgani aytildi. Samarqanddagi bir qator arxeologik yordgorliklarda buddaviylar ibodatxonalari qoldiqlari saqlab qolingani to‘g‘risida ma’lumot berildi.
– O‘zbekiston boy tarix, ulkan madaniyat va sivilizatsiyaga ega bo‘lgan zamin, – dedi Tailand Qirolligi Buddaviylar oliy patriarxi o‘rinbosari Siriphrommakhun Phrathepprasitthimon. – Keyingi paytda bu mamlakatdagi o‘zgarishlar, yangilanishlar jarayonlari, xususan, diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni dunyo jamoatchiligi e’tirof etmoqda. Diniy bag‘rikenglik, turli millat va elatlar o‘rtasidagi ahillik jamiyatda insonlar munosabatida ham o‘z ifodasini topmoqda. Bugun Samarqandda bo‘lib, olis o‘tmish haqidagi ma’lumotlarni tinglab, shaharning buguni bilan tanishib, bunga yana bir bor amin bo‘ldim.
Mehmonlar qadimiy Siyob dehqon bozorida sharqona savdo madaniyati, yurtimizdagi to‘kin-sochinlikka guvoh bo‘ldilar.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri